Behzod Musayev hamda Yoshinori Fujiyama muhim hujjatni imzoladi
Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Yoshinori Fujiyama hamda mamlakatimiz sog‘liqni saqlash vaziri Behzod Musayev Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi klinikada xizmat sifatini oshirishga qaratilgan loyiha bo‘yicha Almashuv notasini imzoladi. Loyiha doirasida mazkur tibbiy muassasaga 794 million iyena (7,35 million AQSh dollari) miqdorida tibbiy uskuna va o‘quv materiallari yetkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi 2021 yil sentyabr oyida foydalanishga topshirgan Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti qoshidagi innovatsion klinika mintaqada tibbiy xizmat sifatini oshirish hamda kadrlar tayyorlashni takomillashtirishi ko‘zda tutilgan. Ayni choqda muassasada zamonaviy tibbiy jihozlarga talab mavjud. Yaponiya tomonidan taqdim etiladigan yuqori sifatli tibbiyot uskunalari esa tashxis hamda davolashda ilg‘or uslub va texnologiyalarni joriy etishga ko‘maklashishi kutilmoqda. Ayni choqda, mazkur loyiha Qoraqalpog‘iston tibbiyot muassasalari kadrlar salohiyatini oshirishga yo‘naltirilgan.
Avval xabar berganimizdek, Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) O‘zbekistonda «Ipak yo‘li madaniy merosini raqamli arxivlar orqali saqlash» loyihasiga ham 490 ming dollar ajratmoqda.
Xalqaro agentlik O‘zbekistonga iqtisodiy infratuzilmani takomillashtirish, xususiy sektor ravnaqiga ko‘maklashish, qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirish hamda ijtimoiy islohotlar kabi yo‘nalishlarda yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter