Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Beg‘araz yordam doirasida keltirilgan tibbiy apparat uchun qorako‘llik nega 72 ming so‘m to‘lashi kerak?!» – deputat

«Beg‘araz yordam doirasida keltirilgan tibbiy apparat uchun qorako‘llik nega 72 ming so‘m to‘lashi kerak?!» – deputat

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida “Davlat moliyaviy nazorati tizimi hamda beg‘araz yordam doirasida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Budjet kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Qayd etilishicha, mazkur loyiha bilan sifatli tibbiy xizmat ko‘rsatish imkoniyatini oshirish hamda tibbiy asbob uskunalardan samarali foydalanish maqsadida bepul tibbiy yordam huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga mazkur tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyati yaratiladi.

Yalpi majlisda deputat Ilhom Abdullayev hujjat loyihasi bo‘yicha ma’ruzachi moliya vaziri o‘rinbosari Dilshod Sultonovga savol berib, jumladan, beg‘araz yordam doirasida keltirilgan tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish davlat budjetiga bir yilda qanchaga tushishishi hamda nega ulardan foydalanish chet hududlarda yashovchi oilalarga pulli xizmat sifatida ko‘rsatilayotganini so‘radi.

–  Qo‘limdagi ro‘yxatga ko‘ra, ushbu barcha tibbiy asbob-uskunalarni saqlash va boshqa harajatlar uchun jami 23 milliard so‘m mablag‘ zarur. Biroq bu yerda bu uskunalarning, hozirgi kunda qaysilari ishlayapti yoki yo‘q, bu haqda ma’lumotlar kiritilmagan. Undan keyin, bu summa vazirlik uchun arzimagan mablag‘, shunday ekan bu uchun budjet mablag‘larini jalb qilsa bo‘lmaydimi?
Yana ayrim joylarda mantiqan noto‘g‘ri ham yondoshilgan, nazarimda. Masalan, ro‘yxatda keltirilishicha, Buxoro viloyatining Qorako‘l tumanidagi shifoxonaga beg‘araz yordam doirasida keltirilgan sun’iy nafas berish apparati uchun 72 ming so‘m to‘lov chiqarilgan. Nima, Sog‘liqni saqlash vazirligi Qorako‘lga shunday apparatni olib borib o‘rnatib qo‘ya olmaydimi? Budjet hisobidan olib borib qo‘yilgan apparatdan foydalanganlik uchun to‘lov joriy qilinsa, mantiqqa to‘g‘riroq bo‘lmaydimi? – deydi deputat.

Qonunchilik palatasi Spikeri Nurdinjon Ismoilov deputatning ushbu savoliga fikr bildirib, jumladan, beg‘araz keltirilgan apparatlardan pulli foydalanishga taqiqni milliy qonunchilikka o‘zlari kiritgani buni taqiq o‘rnida ko‘rmaslik kerakligini hamda bu xalqaro tajribada ham borligini aytib o‘tdi.

– Nega bunga imkon bor bo‘lsa, taqiqlashimiz kerak? Ishlataversin. Bepul tibbiy yordam huquqiga ega bo‘lmagan shaxslarga mazkur tibbiy asbob-uskunalardan foydalanish imkoniyati yaratish va ulardan tushgan mablag‘lardan uskunalarni saqlash yoki boshqa xarajatlarga ishlatish mumkin bo‘lishi kerak, – deydi Spiker.

Uzoq tortishuv va savol-javoblardan so‘ng, deputatlar tomonidan berilgan takliflar e’tiborga olinib, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Yuqoridagi masala keyingi o‘qish muhokamasida qayta ko‘rib chiqishi belgilandi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring