Bank xodimlari nega kaltaklandi?
29-iyul kuni Qashqadaryo viloyati Qarshi tumanida yashovchi fuqaro Sh.E o‘z sheriklari bilan birga «Universalbank» ATBning Qarshi shahar bank xizmatlari markazi xodimlarini kaltaklagan.
Ushbu fuqaro 2020-yilda Universalbankdan jami 350 mln. so‘m kredit olgan. Bank xodimlari kredit so‘ndirish grafigiga muvofiq, iyul oyi uchun 23 million so‘m pulni to‘lashini tushuntirish uchun borganda, Qarshi tumani Fayzobod MFYda yashovchi fuqaro Sh.E. o‘z sheriklari bilan besh nafar bank xodimini oyoq-qo‘llari bilan urib, tan jarohati yetkazgan.
Bankers.uz jabrlanuvchilardan biri bank xodimi D.H. bilan bog‘langanda, jabrlanuvchi hozirda Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Qashqadaryo filialida davolanayotganini bildirdi. Bank xodimi va uning hamkasblariga qasddan yetkazilgan tan jarohati oqibatida shifoxonada ekanligini ham qo‘shimcha qildi.
Bank xodimlari ushbu holat yuzasidan Qarshi tumani IIBga murojaat qilgan. Murojaat natijasida Qarshi tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi leytenanti A.A.Olimov mazkur holat yuzasidan sud tibbiy ekspertizasi tayinlagan (Tegishli hujjat nusxasi tahririyatda mavjud). Hozircha sud tibbiy ekspertiza xulosasi berilmagan.
Holatga aniqlik kiritish maqsadida tahririyat Qashqadaryo viloyati Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati bilan bog‘landi. Axborot xizmati rahbari podpolkovnik Iroda Rasulova vaziyatga oydinlik kiritib, xabar berishini ma’lum qildi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 104-moddasiga ko‘ra, sodir etilayotgan paytda hayot uchun xavfli bo‘lgan qasddan badanga og‘ir shikast etkazish natijasida ko‘rish, so‘zlash, eshitish qobiliyatini yo‘qotish yoxud biron a’zoning ishdan chiqishi yoki uning faoliyati tamoman yo‘qolishiga, ruhiy holatining buzilishiga yoki sog‘lig‘ining boshqacha tarzda buzilishiga, umumiy mehnat qobiliyatining 33 foizidan kam bo‘lmagan qismining doimiy yo‘qolishiga yoki homilaning tushishi yoxud badanning tuzalmaydigan darajada xunuklashishiga sabab bo‘lsa — 3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoxud 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter