Aytsam o‘ldirurlar, aytmasam o‘lam...
Ayollarni yechintirgan ichki ishlar xodimi haqida tarmoqlarda turli fikrlar bildirilayapti. Kim uchundir bu yangilik, kim uchun esa oddiy holga aylangan... Bundan bir necha yil oldin... deb shunga o‘xshash ba’zi ko‘rgan va bilgan voqealar haqida gapirmoqchi bo‘lamanu...
«Kichkina tabib» nomli o‘zbek filmini eslaysizmi? Boy va mansabdor Shuhrat Shodmonovning uyida bir soqov xizmatkor yuradi. Bo‘layotgan ayrim jinoyatlarni ko‘rib ham gapirmay yuradi. Bir kuni yolg‘iz qolib o‘kirib-o‘kirib, o‘ksib-o‘ksib, qo‘llarini ko‘kragiga urib-urib yig‘laydi. «Tilim bor, lekin gapirolmayman, gapirmaslikka so‘z berganman, qasam ichganman, nima qilay?», — deb uvvos soladi.
O‘sha holat, yosh bo‘lganim uchunmi, biroz erish tuyulgan. Ba’zi insonlar tilini tiyishga, ko‘zini yumishga, quloqlarini yopishga umrining oxirigacha majbur va mahkum bo‘lishini anglab turibman. O‘zi uchun bo‘lmasa ham yaqinlarining hayoti uchun juda ko‘p narsalarni unutishi lozim ekan. Biroq bizning qusurli tomonimiz ham shundaki, qo‘shnimizning uyiga o‘t ketsa chelak ko‘tarib yugurishdan ko‘ra uning teshilganini bahona qilamiz. Hatto avtohalokat yuz berib og‘ir yaralanib yotgan yurtdoshimizni shifoxonaga olib borishdan bosh tortamiz: savol-javobi ko‘p, tashvish orttiramiz. Charxpalak aylanib navbat o‘zimizga kelganda yordam so‘rab qo‘l cho‘zamiz.
Bu mavzu doirasida, ya’ni xo‘rlanish, zo‘rlanish, zo‘ravonlik bilan aybdor qilish haqida biroz keyinroq to‘xtalmoqchiydim. Ammo vaqti kelib bu unsiz nidolar qog‘ozga to‘kilganda kech bo‘lib qolmasmikan degan xavotir qiynadi meni. Bugun buni begona, o‘g‘ri ayol deb qo‘l siltasak ertaga onamiz, opamiz, singlimiz, ayolimiz va qizlarimizga ham shunday munosabatda bo‘lmasliklariga kim kafolat beradi?
Shu o‘rinda tarixdan bir qator misollar keltirib o‘tmoqchiman. Bundan faqat o‘z mamlakatining ayollari qanday e’zozlanganiga guvoh bo‘lamiz.
Umar roziyallohu anhu davrida bir ayol dushmanlarga asir tushib, buning xabari qisqa vaqt ichida yetib keladi. Umar (r.a) «Agar shu asirni qo‘yib yubormasang shunday lashkar bilan boramanki, ularning uchi sening mamlakatingga kirib borganda bir uchi bu yerdan chiqib ketmagan bo‘ladi» degan ma’noda maktub yo‘llaydi. Yoki bo‘lmasa o‘sha vaqtda raqibning harbiy qudratini tekshirishga yuborilgan ayg‘oqchilar avvalo ayollarini qanday himoya qilishiga e’tibor berib, u yurtning zaif yoki qudratli ekanligini bilib olishgan. Bundan ko‘rinib turibdiki, ayollar kim bo‘lishidan qat’i nazar zaifa, himoyaga muhtoj insonlardir.
Afsuski, ayni paytda ularning ahvoli ayanchli. Hollariga maymunlar yig‘lamoqda. Ularning hurmatini joyiga qo‘ya olmaganimiz uchun ayrimlari chet davlatlarda begona to‘shakni gullatayotgan bo‘lsa, ayrimlari yurtimizning o‘zida tahqirlanmoqda. Ajdodlarimiz unday bo‘lgan, bunday bo‘lgan deb ko‘ksimizga uramiz. Qani, biz ularga munosib bo‘layapmizmi? Ularning nasihatlariga quloq tutayapmizmi? Ularning yo‘lidan yurib, halol-haromni tushunay, farzlarni ado etay deganlarning qancha-qanchasi yot oqim a’zosi degan tamg‘a bilan juvonmarg bo‘lishdi. Yaqin-yaqingacha ayolimni himoya qilaman, asrab-avaylayman, e’zozlayman deya ro‘mol o‘ratganniyam turli tuhmatlar bilan qamashar edi. Quturgan it kabi egasiniyam tanimay qolgan ayrim xodimlar to Shavkat Mirziyoyev davlat tepasiga kelgunga qadar xalqning qonini ichib kelganini endi butun xalqimiz biladi axir.
Kattaqo‘rg‘ondagi voqea avvalo mamlakatimizning xalqaro maydondagi obro‘siga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Prezident turli qiynoqlarni yo‘qotish, qonunlarni isloh qilish, odil sud tizimini joriy etish uchun jon-jahdi bilan kurashsa-yu, bir tirriq buzoq hammasini bir pulga chiqarsa.
Bu ish yuzasidan va xodimga ko‘rilgan chora bo‘yicha Ichki ishlar vaziri xalqqa izoh berishi kerak.
Sarvar Xurramov,
jurnalist
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter