Ayrim jarimalar miqdori o‘zgardi
«O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi O‘RQ-688-son Qonun qabul qilingani xabar qilingandi.
«Norma» sharhiga ko‘ra, Qonun bilan quyidagi hujjatlarga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritildi:
- MJTKga;
- Havo kodeksiga;
- «Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi Qonunga.
Birinchidan, MJTKga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq karantinli va inson uchun xavfli bo‘lgan boshqa yuqumli kasalliklar paydo bo‘lishining yoki tarqalishining oldini olish maqsadida belgilangan majburiy qoidalarni buzganlik uchun jarimaning qat’iy miqdori belgilandi. Fuqarolarga 20 BHM (ilgari – 20 BHMdan 30 BHMgacha), mansabdor shaxslarga esa 30 BHM (ilgari – 30 BHMdan 50 BHMgacha) miqdorida jarima solinadi.
Poyezdlarning vagonlari, avtotransport vositalari va shahar yo‘lovchilar transportidan axlat yoki boshqa narsalarni tashlab yuborish BHMning 1/2 qismidan (ilgari – 1/5 qismidan) 1 BHMgacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Transport vositalari haydovchilarining to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzishi 2 BHM (ilgari – 3 BHM) miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yo‘l-transport hodisasi qatnashchilarining belgilangan qoidalarni buzgan holda hodisa yuz bergan joydan ketib qolishi 15 BHM miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ushbu YTH jabrlanuvchiga yengil tan jarohati yoki ancha miqdorda moddiy zarar yetkazilishiga olib kelgan bo‘lsa, 30 BHM miqdorida jarima solish yoki transport vositalarini boshqarish huquqidan 1 yil muddatga mahrum etishga yoxud 15 sutkagacha muddatga ma’muriy qamoqqa olishga sabab bo‘ladi.
Haydovchilarning korxonalar, muassasalar va tashkilotlarga qarashli transport vositalaridan shaxsiy boylik orttirish maqsadida foydalanishi 2 BHM (ilgari – 2 BHMdan 5 BHMgacha) miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Yo‘llarga, temir yo‘ldan o‘tish joylariga, yo‘l harakatini tartibga soluvchi boshqa inshootlar yoki texnik vositalarga shikast yetkazish, shuningdek yo‘l harakatiga qasddan, shu jumladan yo‘l qoplamasini ifloslantirish yo‘li bilan xalal berish, xuddi shuningdek avtomobil yo‘llarini o‘zboshimchalik bilan qazish, ularda sun’iy notekisliklar va to‘siqlar yaratish, avtomobil yo‘lida ishlarni amalga oshirish uchun berilgan ruxsatnoma talablarini bajarmaslik, shuningdek yo‘llarni saqlash qoidalarini buzish fuqarolarga 2 BHM (ilgari – 1 BHMdan 3 BHMgacha), mansabdor shaxslarga esa 10 BHM miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.
Ikkinchidan, Havo kodeksiga kiritilgan o‘zgartirishlarga muvofiq havo kemalarining aholi manzilgohlari ustidagi parvozi yerdagi odamlarning hayoti va (yoki) ularning mol-mulkiga xavf solmagan holda belgilangan yo‘nalishlar va uchish balandliklarida amalga oshiriladi.
Havo kemasida nosozlik ro‘y bergan taqdirda yoki odamlar hayotini qutqarish uchun parvozlar qilish zarur bo‘lganda belgilangan yo‘nalish va uchish balandligidan chetga chiqishga yo‘l qo‘yiladi.
Havo kodeksining 39-moddasi eksperimental havo kemalarini hisobga olish tartibi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanishi to‘g‘risidagi qism bilan to‘ldirildi.
Shuningdek belgilanishicha, fuqaro va eksperimental aviatsiyadagi voqea-hodisalar bo‘yicha Transport vazirligining komissiyasi tomonidan tekshiruv o‘tkaziladi. Voqea-hodisalar davlat va fuqaro aviatsiyasi yoki davlat va eksperimental aviatsiya manfaatlariga daxl qilgan taqdirda, tekshiruv Transport vazirligi, Mudofaa vazirligi, shuningdek boshqa aloqador vazirlik va idoralarning vakillaridan tuzilgan komissiya tomonidan amalga oshiriladi.
Havo orqali tashishlarni amalga oshiruvchi havo kemalariga aeroportlarda xizmatlar ko‘rsatish, shuningdek ularning bajarilishi ustidan nazorat qilish faoliyatiga litsenziyalar berish nazarda tutilgan normalar chiqarib tashlandi.
Uchinchidan, «Ekologik ekspertiza to‘g‘risida»gi Qonunda ekologik audit tushunchasiga quyidagicha ta’rif berildi. Ekologik audit ekologik auditorlik tashkiloti tomonidan o‘tkaziladigan ekologik audit sub’yektining xo‘jalik faoliyatini va boshqa faoliyatini texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar hamda atrof muhitni muhofaza qilishga va tabiiy resurslardan oqilona foydalanishga qaratilgan normativ-huquqiy hujjatlar talablariga ushbu sub’yektning rioya etishi yuzasidan tizimli, hujjatlashtirilgan, mustaqil ekologik baholash hisoblanadi.
Boshqa o‘zgartirishlar ham kiritilgan.
Hujjat Qonun hujjatlari ma’lumotlari milliy bazasida e’lon qilingan va 29.04.2021 yildan kuchga kirdi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter