«Ayollar, bolalar va qariyalar» — G‘azodagi ommaviy qabrlar chuqur xavotir uyg‘otmoqda
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi (BMT Xavfsizlik Kengashi) G‘azo sektorida ommaviy qabrlar topilganidan chuqur xavotir bildirdi va bu joylarga kirish va chuqur tergov o‘tkazishga chaqirdi.
«Xavfsizlik Kengashi a’zolari G‘azodagi Nosir va Shifo kasalxonalari va uning atrofida yuzlab jasadlar, jumladan, ayollar, bolalar va qariyalar dafn etilgan ommaviy qabrlar topilgani haqidagi xabarlardan chuqur xavotir bildirdilar», — deyiladi BMT Xavfsizlik kengashi bayonotida.
BMT Xavfsizlik Kengashi a’zolarining tergov uchun G‘azodagi barcha ommaviy qabrlarga to‘siqsiz kirish ta’minlanishi kerakligi ta’kidlanmoqda.
Bayonotda ommaviy qabrlarni zudlik bilan, mustaqil, batafsil, keng qamrovli, oshkora va xolis tergov qilish talab qilinib, xalqaro gumanitar huquq normalariga muvofiq, oilalarga bedarak yo‘qolgan qarindoshlarining taqdirini bilish imkoni berilishi muhimligi ta’kidlangan.
8 may kuni G‘azo hukumati matbuot byurosi Isroil armiyasi tomonidan G‘azo sektorida reyd uyushtirgan kasalxonalarda aniqlangan ommaviy qabrlar soni 7 taga ko‘paygani va ulardan kamida 520 nafar falastinlik jasadi qazib olingani haqida ma’lum qildi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter