Avtomobilida «inson jasadi», loy chaplangan davlat raqam belgisi... Haydovchilar nimalarni o‘ylab topmoqda?

Joriy yilning 7-yanvar kuni Jizzax viloyati hududida joylashgan «Manas-14» muntazam YPX maskanida xizmat olib borgan YPX xodimlari tomonidan ushbu maskandan harakatlanib o‘tayotgan davlat raqam belgisi ustiga «Gruz-200» yozuvi yozilgan qog‘ozni yopishtirib olgan «Kobalt» rusumli avtomobil to‘xtatiladi.
Sababi so‘ralganda, haydovchi avtomobilda inson jasadini ayrim sabablarga ko‘ra olib ketayotganligini aytgan. Xolislar ishtirokida avtomobil saloni va yukxonasi tekshirilganda, haydovchining so‘zlari yolg‘on ekani, haydovchi yo‘llardagi fotoradarlarga tushib qolmaslik, tezlikni me’yoridan oshirib transport vositasini boshqarish maqsadida ana shunday yolg‘onni o‘ylab topgani ma’lum bo‘lgan.
Shuningdek, orqa va old davlat raqam belgisi loy bilan berkitib olingan «Epika» rusumli transport vositasi to‘xtatilganda, ushbu avtomobil haydovchisi ham xuddi «Kobalt» haydovchisi kabi yo‘llardagi fotoradarlarga tushib qolmaslik, tezlikni me’yoridan oshirib transport vositasini boshqarish maqsadini ko‘zlaganligi ma’lum bo‘lgan.
Har ikkala avtomobil haydovchisiga nisbatan Yo‘l harakati qoidalarining 3-ilovasi, 7.15-bandi (transport vositasida ro‘yxatdan o‘tkazish davlat raqami belgilarini ko‘rinishini cheklaydigan, to‘g‘ri aniqlanishiga xalaqit beradigan har-xil buyumlar o‘rnatilgan va qoplamalar bilan qoplangan bo‘lsa)da belgilangan talablarni buzganliklari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 127-moddasi 2-qismi (davlat raqam belgilarini ko‘rish imkoniyatini cheklaydigan, ularni anglashga to‘sqinlik qiladigan turli ashyolar o‘rnatish va qoplama surtish) tartibida ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.
«Barcha haydovchilardan yo‘llarda tezlik me’yoriga amal qilib, boshqaruvidagi transport vositasining davlat raqam belgisini ko‘rinishini cheklaydigan ashyolar va qoplamalardan foydalanmasliklarini so‘rab, ushbu holatlar aniqlangan taqdirda belgilangan tartibda chora ko‘rilishini eslatib o‘tamiz», deyiladi O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabarida.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter