«Atom» – qo‘rquvsiz: talabalar atom energetikasi haqida nimalarni bilib oldilar?

Oskar mukofoti sovrindori, mashhur rejissyor Oliver Stounning «Atom» hujjatli filmi energetika yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalar o‘rtasida qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Film namoyishi Toshkent davlat texnika universiteti hamda Jizzax politexnika institutida VI Ilm-fan va atom festivali doirasida o‘tkazildi.
Mazkur film yadro energetikasiga nisbatan mavjud qo‘rquv va stereotiplardan xoli yondashuvni taklif etadi. U dunyodagi iqlim o‘zgarishi va energetik tanqislik kabi dolzarb muammolarni hal qilishda muhim ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin bo‘lgan eng kam uglerodli energiya manbalaridan biri haqida hikoya qiladi.
Atom energetikasi haqida qanday noto‘g‘ri tasavvurlar mavjud? Zamonaviy AESlar qanchalik xavfsiz? Umuman, yadro energetikasi O‘zbekistonning kelajagiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Yadro energetikasi bo‘yicha mutaxassis Shohmirzo Umarov mazkur kinonamoyishdan so‘ng talabalar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotda ana shunday savollarga atroflicha javob berdi.
«Atom» hujjatli filmi nafaqat yadro energetikasining tarixiy va texnologik taraqqiyoti haqida hikoya qiladi, balki atom elektr stansiyalarining xavfsizligiga oid mustahkam shakllangan bir qancha afsonalarni ham inkor etadi. Shohmirzo Umarovning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda dunyo energetikasida atom generatsiyasining ahamiyati sezilarli darajada ortgan.
«Filmda atom energetikasining rivojlanish tarixi to‘liq qamrab olingan. Shu sababli, unda sanoatga to‘sqinlik qilgan texnologik, siyosiy va ijtimoiy muammolar haqida batafsil hikoya qilinadi. Biroq film namoyish etilganidan buyon yadro energetikasining ahamiyati yanada oshdi. Masalan, 2023 yilda bo‘lib o‘tgan «COP28» iqlim sammitida AQSh, Buyuk Britaniya, Fransiya va Yaponiya kabi 20 dan ortiq davlatlar 2050 yilga qadar atom energetikasi quvvatlarini uch baravar oshirish haqidagi deklaratsiyani imzoladi. Bu voqea atom energetikasining iqlim maqsadlariga erishishda asosiy vosita sifatida ko‘rib chiqilayotganini tasdiqlovchi muhim qadamdir», – deb ta’kidladi mutaxassis.
Film yordamida inkor qilingan eng asosiy noto‘g‘ri tasavvurlardan biri – Chernobil va Fukusima AESlarida sodir bo‘lgan halokatlar haqidagi tushunchalardir.
«Ko‘pchilik bu fojialar yadro energetikasining rivojlanishiga nuqta qo‘ydi deb hisoblaydi, ammo bu xato tushuncha», – dedi Shohmirzo Umarov.
2011 yilda «Fukusima» AESidagi avariya kuchli zilzila va sunamidan kelib chiqqan bo‘lib, 18 mingdan ortiq inson halok bo‘lgan. Biroq mutaxassisning ta’kidlashicha, avariya natijasida radiatsiya ta’siri tufayli tasdiqlangan o‘lim holatlari qayd etilmagan.
Chernobil fojiasiga kelsak, MAGATE va Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, halokat tufayli bevosita halok bo‘lganlar soni 50 kishidan kam, uzoq muddatli ta’sir esa taxminan 4 ming kishining onkologik kasalliklardan vafot etishi mumkinligi bilan baholangan.
Endi taqqoslaylik: Xitoyda Banchao to‘g‘onining yorilishi 200 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan, Hindistondagi Bxopal gaz falokati esa 15 mingdan ortiq kishining o‘limiga sabab bo‘lgan.
«Xavfsizlik darajasini solishtirganda, statistik ma’lumotlarga ko‘ra, atom energetikasi eng xavfsiz sanoat tarmoqlaridan biri hisoblanadi. U hatto an’anaviy elektr energiyasi ishlab chiqarish usullaridan, ya’ni ko‘mir va neft-gaz energetikasidan ham kamroq o‘lim holatlariga ega», – deb ta’kidlaydi mutaxassis. U buni aviatsiya bilan taqqoslarkan, ko‘pchilik havo transportidan qo‘rqishiga qaramay, u dunyodagi eng xavfsiz transport turlaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Film talabalarda nafaqat katta qiziqish uyg‘otdi, balki ko‘plab savollarga ham sabab bo‘ldi. Atom texnologiyalarining kelajagi, zamonaviy stansiyalarning xavfsizligi va chiqindilarni utilizatsiya qilish yuzasidan faol muhokamalar bo‘lib o‘tdi.
Ayniqsa, O‘zbekistonda uranni qayta ishlash va boyitish uchun o‘z infratuzilmasini rivojlantirish hamda yangi AESlar qurish istiqbollari haqidagi masalalar talabalarda katta qiziqish uyg‘otdi. Bo‘lajak energetiklar zamonaviy AESlar qanday qilib avariyalarning oldini olishi va yangi texnologiyalar energetika sohasida yanada xavfsizlikni ta’minlashga doir savollarini ham berdi. Bundan tashqari, ekologik oqibatlar va yadro inshootlarini suv bilan ta’minlash masalalari ham qizg‘in muhokamalar markazida bo‘ldi.
«Film namoyishida ishtirok etgan talabalarning aksariyati atom va elektr energetikasi yo‘nalishlarida tahsil oladi. Tomosha jarayoni ularga yadro energetikasining kelajakda barqaror elektr ta’minoti va ustuvor rivojlanish uchun naqadar muhimligini anglash imkonini berdi. Ayniqsa, ularning bu sohaning bir qismi ekanini his qilishi, kelajakdagi bilim va mehnati O‘zbekistonda atom energetikasining rivojlanishiga hissa qo‘shishi mumkinligini anglashlari kuchli taassurot uyg‘otdi. Ko‘plab talabalar tanlagan kasblari bilan faxrlanishdi, uning istiqboli va mamlakat uchun katta ahamiyat kasb etishini yanada chuqur his qilishdi. Bu ularning filmdan so‘nggi munosabatlarida ham yaqqol ko‘zga tashlandi, ya’ni bu savol-javoblarning qizg‘in tus olishi va samimiy minnatdorlik so‘zlarida namoyon bo‘ldi. Hatto ba’zi talabalar shaxsan kelib, atom energetikasiga yangi, kengroq nuqtai nazar bilan qarash imkoniyati uchun o‘z tashakkurini bildirishdi», – dedi Umarov.
Mutaxassisning ta’kidlashicha, muhokamalar davomida talabalardan birining bildirgan fikr, ayniqsa, qiziqarli bo‘ldi. U atom energetikasini nafaqat elektr energiyasi manbai, balki butun iqtisodiyot uchun kuchli turtki sifatida baholadi. Talabaning fikricha, AES qurilishi mashinasozlikdan tortib ilm-fangacha bo‘lgan ko‘plab sohalarning rivojlanishiga xizmat qiladi. Natijada energetika nafaqat mamlakatni arzon elektr energiyasi bilan ta’minlaydi, balki yuqori texnologiyali yangi ekotizim yaratib, sanoat taraqqiyotining yangi bosqichiga yo‘l ochadi.
Qisqacha qilib aytganda, bunday yondashuv haqiqatan ham jahondagi tendensiyalarga mos keladi. Chunki atom energetikasi nafaqat AESlar qurilishi, balki minglab yangi ish o‘rinlari yaratilishi, ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish va mamlakat sanoati salohiyatining oshishiga ham turtki beradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter