Audiokasseta afsonalari: 90-yillar estradasi nega kuchli edi?
90-yillar. Ko‘pchilik bu davrni estradamizning eng gullagan, sermahsul davri deb biladi.
Esimda, o‘sha paytlar qo‘shiqlar audiokassetalarda chiqarilar, premerasi ham promosi ham «zvukozapislar»da bo‘lardi. Rostakam ixlosmandlar esa sevimli qo‘shig‘ini audiokassetalar sotuvchisi yonida o‘tirib tinglar, yaxshi kassetalar esa ba’zan buyurtma orqali bazo‘r topilardi.
95-96 yillar... Bu yillarda, shubhasiz, tanaffusdan keyin qayta ijodini boshlagan «Bolalar» guruhining audiokassetalari hammani rom etgan edi. Ayniqsa «Yoshligimda», «Asragin meni», «Yog‘sin yomg‘ir tonggacha» kabi qo‘shiqlariga barcha yoshlar «kasal» bo‘lgandi.
90-yillar boshlarida «Bolalar» bolalarcha erkalik bilan kuylagan qo‘shiqlar endi ancha jiddiy, romantik va zamonaviy ruh olgandi. Yoshlar o‘rtasidagi tadbirlar, bayram va raqs kechalari «Asragin meni» qo‘shig‘i bilan avjiga chiqib, «Yoshligim»da orqali juftli raqslar bilan tugardi. Betakror qo‘shiqlar edi, o‘shanda yevropacha uslubda va haqiqiy rok-qo‘shiqlardan bahramand edik. «Bolalar»ning audiokassetalari shu darajada qadrli ediki, yigitlar yoqtirgan qizining e’tiboriga tushish uchun o‘sha kassetani unga bersa bas, bu betakror sovg‘a bo‘lar, hecham rad etilmasdi.
Audiokassetalar va ulardagi qo‘shiqlar shu darajada qalbimizni egalagandiki, kimning mashinasida, qaysi davrada, qaysi tadbirda «Bolalar»ning qo‘shig‘i jaranglasa o‘shalar eng «hurmatli»lar edi. «Unutganim yo‘q», «Sen ketgan kundan» qo‘shiqlari orqali, yoshlar rok yo‘nalishining jozibasini tuygan edi.
O‘sha yillarda o‘zbek estradasiga yana bir yo‘nalish kirib keldiki, bu yoshlarimiz uchun chinakam yangilik edi. «Al-Vakil». Bu guruh yaratgan qo‘shiqlar umuman yangi yo‘nalishda bo‘lib,unda rep yo‘nalishi boshqa yo‘nalishlar bilan uyg‘unlikda o‘zgacha ko‘rinish kasb etgandi. O‘shanda guruhning «Shohsaroy», «Bo‘m-bo‘sh ko‘chalar», «Ajoyib tun», «Yig‘lamagin», «Dam-dam» qo‘shiqlari rostakam shlyagerlar bo‘lgandi.
Milliy estradada esa o‘sha yillar Muhriddin Holiqovning «Nargiz», Ozodbek Nazarbekovning ilk «Kel ey yorim» qo‘shig‘i, Umarjon Mahkamboyevning «Oy nurlari sim-sim», Ilhom Farmonovning «Senmiding», «Oqshom» guruhining «Ey sabo», Husniddin Holiqovning «Izlagin», «Bayram» guruhining «Jamilam» kabi qo‘shiqlari haqiqiy modada edi.
O‘sha qo‘shiqlar, aksariyat xonadonlarda bo‘ladigan «Romantika» magnitofonlari orqali chinakam romantik onlarni hadya etgan edi.
Nega o‘sha qo‘shiqlar shu qadar sevimli bo‘lgan? Hozir ham maza qilib tinglaymiz. Bu avvalo, o‘sha davr ijodkorlarining professionalligi bilan bog‘liq, hozirgidek puli bor har nimani aytaveradigan zamon emasdi. Shou-biznesga aylanmagan qo‘shiqlar matni shoirlar kitoblaridan olinib, kuyga solinar, aranjirovkasi ham soddaroq bo‘lar, o‘sha «jaydarilik» qo‘shiqlarga o‘zgacha jozibadorlik baxsh etardi.
Agarda qo‘shiq yaxshi bo‘lmasa, audiokassetasini hech kim olmas, zvukozapisdayoq umri tugar, hozirgidek, har joyda, har onda majburan quloqqa singdirilmasdi. Eng asosiysi o‘sha paytlari haqiqiy qo‘shiq tinglardik, kliplar soyasidagi sayoz ting‘ir-ting‘irlar yo‘q edi. Endi-chi? O‘nlab FM-radiolarda qo‘shiqlar, TV-kanallarda, internet saytlarida minglab videokliplar aylanib yotibdi. Kliplarda effektli tasvir, xorij manzaralari, kalta kiygan qiz, bashang kiyingan ashulachi, aralash syujetlar birinchi planda, qo‘shiq esa ikkinchi...
Fikrimcha, qo‘shiq faqat qo‘shiq bo‘lib yaratilishi va yashashi kerak. U dastlab tinglovchi tasavvurida voqelik kasb etib, uning xayolida «klip»ga aylanishi lozim. Ana shundagina u, xuddi bir paytlar audiokassetalardagi kabi, qalbga yaqin va qadrli bo‘lib qolaveradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter