Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Argentinaning eng so‘nggi diktatori 90 yoshida vafot etdi

Argentinaning eng so‘nggi diktatori 90 yoshida vafot etdi

Reynaldo Binone.

Foto: «Eleconomistaamerica.com.ar»

Argentina harbiy xuntasining oxirgi boshlig‘i Reynaldo Binone 90 yoshida vafot etdi. Bu haqda 7 mart kuni «Todo Noticias» telekanaliga asoslanib TASS xabar bermoqda.

Telekanalning ma’lum qilishicha, diktatorlik rejimi tomonidan sodir etilgan jinoyatlar uchun qamoqda bo‘lgan Binone harbiy gospitalda vafot etgan. U bu yerga sog‘lig‘i yomonlashuvi tufayli olib kelingan edi. Binone bir necha marta umrbod ozodlikdan mahrum etish jazosiga hukm qilingan. Xususan, 2016 yil may oyida sud uni Kondor plani doirasida insoniyatga qarshi jinoyatlar sodir etganlikda aybdor deb topgan edi. 1970 — 1980-yillarda bu amaliyot siyosiy muxoliflarni yo‘q qilish uchun Argentina, Boliviya, Braziliya, Paragvay, Urugvay va Chili harbiy rejimlari tomonidan birgalikda olib borilgan.

1976-yil 24-martda Argentinada general Xorxe Videla boshchiligida harbiy to‘ntarish sodir etildi. Parlament tarqatib yuborildi, komendantlik soati joriy qilindi, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalar faoliyati to‘xtatildi. Rasmiy ma’lumotlarga qaraganda harbiy diktatura yillarida 18 ming fuqaro izsiz yo‘qolgan. Inson huquqlari tashkilotlariga ko‘ra bu raqam 30 ming kishiga yetadi.

Binone 1982 yil iyul oyida harbiy xunta tomonidan Argentinaning prezidenti etib tayinlangan. 1983 yilning dekabrida u hokimiyatni prezident Raul Alfonsinning noharbiy hukumatiga topshirgan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring