AQShning keskin qarori Rossiyani xavotirga solib qo‘ydi
AQSh Rossiyaning harbiy salohiyatini tiyib turish va NATO doirasidagi hamkorlarini himoya qilish uchun Yevropa bo‘ylab uzoq masofaga uchuvchi raketalarni joylashtirishga qaror qildi. Bu haqda Vashingtonda o‘tkazilgan NATO sammitida ma’lum qilindi.
Xususan, 2026 yildan Germaniyaga Tomahawk rusumli qanotli raketalar va olis masofadagi nishonlarni urishga mo‘ljallangan boshqa aslahalar keltiriladi. AQSh va Germaniya tomonidan berilgan qo‘shma bayonotda ayni paytda Yevropada joylashtirilgan raketalardan uzoqroq masofaga uchiriladigan SM-6 zenit raketalari va tovushdan tez parvoz qiluvchi qurilmalar haqida gap boradi.
Tahlilchilar Germaniyada “sovuq urush” davridan buyon ilk bor Rossiya hududidagi nishonlarga qadar yetib boruvchi raketalar joylashtirilayotganini ta’kidlagan.
Germaniya ham TAURUS rusumli raketalarga ega. Ammo AQShning Tomahawk raketalari ma’lum ustunlikka ega. Olmon raketalari samolyot orqali tashlansa, AQSh raketalari kema va suvosti kemalaridan otiladi. Har ikki rusumdagi raketalar past masofada raqib hududi tomon uchib, qo‘mondonlik markazlari, bunker va radarlarni yo‘q qiladi.
Rossiya Ukrainaga bostirib kirganidan buyon AQSh Shimoliy Atlantika ittifoqi doirasidagi hamkorlarning har bir qarich hududini himoya qilishga va’da berib keladi. Vashington Yevropaga uzoq masofaga uchuvchi raketalarini joylashtirish qarorini ham ushbu istak bilan izohlagan.
Qariyb 50 yillik tanaffusdan keyin Qo‘shma Shtatlar raketalarining Rossiyaga yaqin hududda paydo bo‘layotgani Moskvada xavotir bilan qarshilandi.
Avval xabar berganimizdek, Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Vashington va Berlinning bu qarorini “sovuq urush” davriga qaytish deb baholadi.
RF tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov Pentagonning ushbu rejasini Rossiya xavfsizligiga tahdid deb atadi.
“Asabiylashmasdan, ehtirosga berilmasdan yangi tahdidlarga eng avvalo harbiy javob hozirlaymiz”, – dedi rus diplomati.
“Kommersant’” gazetasi Germaniyada joylashtirilgan AQSh raketalarining ehtimoliy parvoz masofasi va nishonlari chizmasini ishlab chiqdi. Unga ko‘ra, SM-6 rusumli raketalar 740 km masofaga uchishi mumkin. 1800 km ga qadar parvoz qiluvchi Tomahawk qanotli raketalari Moskva va Sankt-Peterburg kabi yirik shaharlarga yetib boradi. Tovushdan tez uchuvchi raketalar (LRHW Dark Eagle) esa 2775 km gacha parvoz qilib, Murmanskdan to Volgogradga qadar bo‘lgan hududlardagi nishonlarga yo‘q qilish quvvatiga ega.
NATOning AQSh mezbonligida o‘tgan so‘nggi sammitida Rossiya uchun hozirlangan “tuhfa” bu bilan cheklanmaydi. Shimoliy Atlantika alyansi davlatlari Ukraina mudofaasi uchun yil davomida 40 milliard yevro ajratmoqchi. Rossiya hujumlarini qaytarish uchun Ukrainaga qo‘shimcha yana 5 ta havo hujumidan mudofaa tizimi yetkazish va’da qilindi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter