AQShda prezidentlik saylovi uchun qancha mablag‘ sarflandi?
AQShda 5 noyabr kuni bo‘lib o‘tgan saylov mamlakat tarixida eng ko‘p mablag‘ sarflangan ovoz berish tadbiri deb baholanmoqda.
Financial Times nashri yozishicha, prezidentlikka nomzodlar Kamala Harris va Donald Tramp saylovoldi kampaniya uchun jami 3,5 mlrd dollar sarflagan. Bundan demokratlar nomzodi ulushi 1,9 mlrd, respublikachi nomzod ulushi esa 1,8 mlrd dollarni tashkil etadi.
Qo‘shma Shtatlarda prezidentlikka nomzodlar o‘z saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirish uchun fuqarolar hamda turli siyosiy jamg‘armalardan xayriya mablag‘i yig‘adi.
Harris nomzodini ilgari surgan demokratik partiya saylov tadbirlari uchun 2,3 mlrd dollar, Tramp mansub respublikachilar esa 1,8 mlrd dollar yig‘ishga muvaffaq bo‘lgan.
FT nashriga ko‘ra, har ikki nomzod asosiy mablag‘ni OAV va ijtimoiy tarmoqlarda targ‘ibot-tashviqot yuritishga sarflagan. Xususan, Arizona, Nevada, Shimoliy Karolina, Pensilvaniya, Jorjiya, Viskonsin, Michigan kabi hal qiluvchi shtatlarda ko‘proq mablag‘ xarjlangan. Masalan, Harris va Tramp Pensilvaniyadagi reklama aksiyalari uchun jami 400 mln dollardan ko‘proq mablag‘ yo‘naltirgan.
Reklamadan keyingi o‘rinni ma’muriy xarajatlar egallagan. Bu yo‘nalishda Harris 250 mln, Tramp 210 mln dollar sarflagan.
Turli ayblovlar bilan tergovga jalb etilgan Tramp sud jarayonlari uchun 100 mln dollar ishlatgani aytilmoqda.
Open Secrets notijorat tashkiloti hisob-kitobi Financial Times talqinidan anchagina farq qiladi. Mazkur tashkilot AQShda prezidentlik saylovi uchun 5,51 mlrd dollar sarflangan deb hisoblaydi.
5 noyabr kungi saylovda amerikaliklar nafaqat prezident, shuningdek, vitse-prezident, Kongressning 468 a’zosi, 11 nafar shtat gubernatori hamda mahalliy hokimiyat vakillari uchun ham ovoz bergan.
Open Secrets tahlillariga qaraganda, 2024 yilda prezident va qonunchilik idorasi vakillari saylovi uchun jami 15,9 mlrd dollar sarflandi.
Dunyo ahli AQSh tarixida 60-marta o‘tkazilayotgan prezidentlik saylovi qanday yakunlanishi, 47-prezident kim bo‘lishini qiziqish bilan kuzatmoqda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter