Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQShda ommaviy chiqishlar davom etmoqda. Namoyishchilar nimadan norozi?

AQShda ommaviy chiqishlar davom etmoqda. Namoyishchilar nimadan norozi?

Namoyishchilar Nyu-Yorkning mashhur Bruklin ko‘prigini to‘sib qo‘ydi.

Foto: Reuters

AQSh shtatlari bo‘ylab minglab aholi norozilik namoyishiga chiqdi. Diqqatga molik jihati, namoyishchilarni mamlakat prezidenti Jo Bayden ham qo‘llab-quvvatladi va ommaviy chiqishlarni davom ettirishga undadi.

«Hayot uchun yurish» deb atalgan aksiya qatnashchilari o‘qotar qurol-yarog‘dan foydalanishga doir qonunchilikni kuchaytirishni talab qilmoqda.

Rasmiy statistikaga ko‘ra, AQShda birgina 2020 yilda o‘qotar qurollardan 45222 kishi o‘lim topgan. Joriy yil boshidan buyon esa 19300 amerikalik otishma qurboni bo‘ldi.  24 may kuni Texas shtatidagi maktabda ro‘y bergan, 21 kishining hayotiga zomin bo‘lgan fojia ortidan fuqarolarning qurol-yaroqqa egalik qilishini cheklash bo‘yicha takliflar yanada kuchaydi.

Qurol-yarog‘dan emin-erkin foydalanishga qarshi chiqqan aholiga xayrixohlik bildirgan prezident Jo Bayden hozirgi pallada saylovchilarning qo‘llab-quvvatlashi muhim ekanini ta’kidlagan. Gap shundaki, o‘tgan hafta chorshanba kuni demokratlar nazoratidagi Vakillar palatasi qurol sotib olish yoshi bo‘yicha cheklovni 18 dan 21 ga ko‘tarishni ko‘zda tutuvchi qonun loyihasini qabul qildi. Mazkur loyiha do‘konlarda bir shaxsga 15 donadan ortiq patron sotishni taqiqlashni ham ko‘zda tutadi. Ammo qonun loyihasi yuqori palata – Senatda qabul qilinishi ehtimoli u qadar yuqori emas. Chunki Bayden mansub demokratik partiyaga muxolif bo‘lgan respublikachilar qurol-yarog‘dan erkin foydalanishni yoqlab keladi.

Avval xabar berganimizdek, sobiq prezident, respublikachi Donald Tramp yaqinda kongressmenlarni Ukrainaga qurol-aslaha yuborish bilan emas, balki mamlakat maktablari xavfsizligini ta’minlash bilan shug‘ullanishga chaqirgan edi.

Fuqarolarning qurolga egalik qilish huquqi AQSh konstitutsiyasida mustahkamlangan. Bunga qarshi bo‘lgan jamoatchilik faollari qurolga egalik huquqi cheklovsiz talqin etilishini xato deb hisoblaydi. Ularga ko‘ra, jamoat joylarda, xususan, ta’lim maskanlarida qirg‘inlarning oldini olish uchun qurolga egalik borasida qat’iy cheklov o‘rnatilishi kerak.

Muhofazakor qatlam esa qurolga egalik huquqini saqlab qolish kerakligini talab qilib keladi. Ular fuqarolarning qurolsizlantirilishi ortidan qotillik, bosqinchilik, nomusga tegish kabi jinoyatlar avj olib ketadi degan fikrda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring