Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh Venesuela prezidenti deya tan olgan nomzod mamlakatdan qochib ketdi

AQSh Venesuela prezidenti deya tan olgan nomzod mamlakatdan qochib ketdi

Venesuela muxolifatidan prezidentlikka nomzod mamlakatdan qochib, Ispaniyadan boshpana so‘radi

Nikolas Maduroning so‘nggi prezidentlik saylovidagi asosiy raqibi 75 yoshli Edmundo Gonsales Ispaniya harbiy samolyotida Madridga yo‘l oldi. Bu haqda Ispaniya tashqi ishlar vaziri Xose Manuel Albares ma’lum qildi. Gonsalesning advokati bu ma’lumotni AFP’ga tasdiqladi.

Avvalroq Venesuela vitse-prezidenti Delsi Rodriges X ijtimoiy tarmog‘ida Gonsales Ispaniyadan siyosiy boshpana so‘ragani haqida yozgan edi. «Fuqaro Edmundo Gonsales Urrutia bir necha kun oldin Ispaniyaning Karakasdagi elchixonasidan boshpana so‘rab, mamlakatni tark etgan». Vitse-prezidentning ta’kidlashicha, Venesuela rasmiylari «mamlakatda osoyishtalik va siyosiy murosaga erishish» uchun muxolifat yetakchisiga tegmagan. 

Venesuelada prezidentlik saylovlari 28 iyul kuni bo‘lib o‘tdi. Mamlakat rasmiylari ovoz berishning batafsil natijalarini e’lon qilmasdan, amaldagi davlat rahbari Nikolas Maduroni g‘olib deb e’lon qildi.

Muxolifat keng ko‘lamli soxtalashtirishlarni e’lon qildi va ko‘chalarda norozilik namoyishlari boshlandi. To‘qnashuvlar natijasida 27 kishi halok bo‘ldi, 2 mingdan ortiq kishi hibsga olindi. Oxirgi bir oy davomida politsiyadan qochib yurgan birlashgan muxolifat nomzodini hibsga olish uchun order ham chiqarilgan.

2 avgust kuni Qo‘shma Shtatlar Edmundo Gonsalesni saylovning qonuniy g‘olibi deya bayonot e’lon qildi. Braziliya, Meksika va Kolumbiya yetakchilari ham Maduroning g‘alabasiga shubha bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring