AQSh va Ukraina elchilari TIVda bo‘lishdi
Bugun, 29-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Furqat Sidikov AQShning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Jonatan Devid Xennikni qabul qildi.
O‘zbekiston-Amerika strategik sheriklik munosabatlarinining bugungi holati va rivojlanish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Tomonlarning faol va konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirishga tayyorligi qayd etildi.
Elchi AQSh ma’muriyatining O‘zbekistonga moliyaviy-texnik ko‘mak berish va pandemiyaga qarshi kurashda har tomonlama yordam ko‘rsatishni davom ettirishga tayyorligini ta’kidlagan.
«Afg‘onistondagi vaziyat yuzasidan fikr almashildi. O‘zbekistonning afg‘on xalqiga ko‘maklashish va qo‘shni mamlakatda infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasidagi sa’y-harakatlari yuksak baholandi.
Uchrashuvda AQSh Xalqaro taraqqiyot agentligining (USAID) O‘zbekistondagi missiyasi direktori Mikela Meredit ham ishtirok etdi», deyiladi xabarda.
Bugun, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirining o‘rinbosari Bahrom A’loyev Ukrainaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Nikolay Doroshenkoni qabul qildi.
Unda O‘zbekiston-Ukraina hamkorligining dolzarb masalalari muhokama qilingan.
«Savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, shu jumladan ikki mamlakat biznes sub’yektlariga o‘zaro asnoda imtiyoz va preferensiyalar berish istiqbollari yuzasidan fikr almashildi», deyiladi rasmiy xabarda.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter