AQSh Rossiya va Ukrainaga ultimatum qo‘ydi

Tramp ham, Rubio ham sabr kosalari to‘layotganiga shama qilgan.
AQSh Rossiya va Ukraina muzokaralarda xayrixohlik ko‘rsatmasa, urushni to‘xtatish bo‘yicha vositachi rolidan voz kechadi. Bu haqda AQSh davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Bryus 29 aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida gapirdi.
“Biz hozir shunday vaziyatda turibmizki, har ikki tomon ushbu ziddiyatni to‘xtatish bo‘yicha aniq takliflar taqdim etishi kerak. Endi qanday harakat qilamiz – buni prezident Tramp hal qiladi. Agar oldingi siljish bo‘lmasa, ushbu jarayonda vositachilikdan voz kechamiz”, – dedi Davlat departamenti voizi.
Bir necha kun oldin Rossiya prezidenti Vladimir Putin 9 may – G‘alaba bayrami munosabati bilan uch kunlik otashkesim o‘rnatilishini ma’lum qilgandi.
Moskva Vashington va Kiyevning 30 kunlik o‘t ochishni to‘xtatish taklifini esa rad etgan.
Davlat departamenti rasmiy vakili Temmi Bryus Putinning ushbu taklifiga javoban Vashington uch kunlik emas, balki doimiy otashkesim istashini ta’kidlagan.
Avvalroq prezident Donald Tramp va davlat kotibi Marko Rubio ham Rossiya va Ukraina o‘zaro kelishuvga bormasa, AQSh yaqin muddatda tinchlik muzokaralarini tark etishini bildirgan. Jumladan, Tramp 24 aprel kuni The Atlantic nashri bosh muharririga bergan intervyusida “Kelgusi haftada nimalar bo‘lishini kuzatamiz. So‘nggi chiziqlar qoldi”, – deya sabr kosasi to‘layotganiga ishora qilgandi.
Davlat kotibi Marko Rubio esa 27 aprel kuni NBC News kanaliga bergan intervyusida Rossiya va Ukraina o‘rtasida sulh uchun yetarli iroda yo‘qligini aytib, ultimatum qo‘ygan edi.
“Kelayotgan hafta juda muhim hafta bo‘ladi. Ushbu muddat mobaynida biz (tinchlik o‘rnatish jarayonida) qatnashishda davom etamizmi yoki e’tiborimizni boshqa muammolarga qaratamizmi – shu borada aniq qarorga kelishimiz kerak”, – degan Rubio.
Tahlilchilarga ko‘ra, Oq uy urushni to‘xtatish borasida ko‘proq Kremlning manfaatlariga uyg‘un keladigan takliflarni tayyorlagan. Jumladan, Vashington Rossiya anneksiya qilgan Qrim yarim orolini de-yure va rus armiyasi 2022 yildan keyin bosib olgan Ukrainaning to‘rt hududini de-fakto Moskvaga tegishli deb tan olmoqchi. AQSh Rossiyaning Ukrainani NATOga kiritmaslik bo‘yicha talabini ham qabul qilgan.
Ammo shunda ham Rossiya rahbariyati Ukraina armiyasini butkul kuchsizlantirishni talab qilgan holda sulhga rozi bo‘lmayotir.
Saylovoldi kurash davrida Ukraina urushini 24 soat ichida to‘xtatishga va’da bergan Trampga Putinning tinchlik bo‘yicha kelishuvni paysalga solayotgani xush kelmayotir.
Ayni choqda, Tramp Ukrainaning Qrim hamda to‘rt hududni Rossiyadan qaytarib olish talablariga ham qarshi chiqmoqda.
DW radiosi Financial Times nashriga tayanib yozishicha, so‘nggi ikki oy mobaynida Kreml vakillari hamda Putinning o‘zi bilan bir necha marta muzokara o‘tkazgan Oq uy mulozimlari muzokaralar boshi berk ko‘chaga kirib qoldi deb hisoblaydi.
Qayd etilishicha, Tramp ma’muriyati saxiylarcha takliflar bilan ham Ukrainani butkul bosib olishni ko‘zlagan Putinni sulhga ko‘ndira olmayotir.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter