Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh prezidentligiga nomzod Falastinni qo‘llovi ortidan hibsga olindi

AQSh prezidentligiga nomzod Falastinni qo‘llovi ortidan hibsga olindi

AQSh prezidentligiga nomzod, Yashillar partiyasi vakili Jill Stayn Falastinni qo‘llab-quvvatlash maqsadida o‘tkazilgan namoyishda hibsga olindi.

Missuri shtatida joylashgan Vashington universiteti hududida tashkil etilgan miting payti J.Stayn bilan birga o‘nlab talabalar ham qamoqqa olingan. 

Talabalar «G‘azo sektorida Falastin xalqiga qarshi amalga oshirilayotgan genotsid»ga qarshi chiqqan. Prezidentlikka nomzod Jill Stayn ularni qo‘llab-quvvatlagan.

Siyosatchi qo‘liga kishan urilgan holda bir necha soat davomida qamoqda ushlab turilgan.

J.Stayn o‘qishi va karerasini xavfga qo‘yib bo‘lsa-da, G‘azo sektoridagi urushni to‘xtatishni talab qilayotgan talabalarga hurmati baland ekanini ta’kidlagan.

Asli yahudiy millatiga mansub Jill Stayn avvalroq Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahuni G‘azo sektorida genotsid va harbiy jinoyatlar sodir etishda ayblagandi. U AQShning amaldagi prezidenti, demokrat Jo Baydenni G‘azodagi xunrezliklarga sherik ekanini qayd etgan.

Co‘nggi ma’lumotlarga qaraganda, 2023 yil 7 oktyabr kuni Isroil armiyasi HAMASning hujumiga javoban G‘azoga bostirib kirganidan beri 34568 nafar falastinlik halok bo‘ldi, 77765 nafari jarohatlandi. Halok bo‘lganlarning 14700 dan ziyodi bolalar, 9700 dan ziyodi ayollardir.

Tinch aholi orasida qurbonlar oshib borayotgan bir paytda Oq uyning Isroilga nisbatan ko‘mak siyosatiga qarshi norozilik namoyishlari kuchaymoqda. Jumladan, aprel oyi o‘rtalaridan beri AQShning o‘nlab universitetlarida talabalarning norozilik aksiyalari o‘tkazilmoqda. Politsiya ikki hafta ichida 1000 ga talabani hibsga olgan.

Prezident Bayden Falastin–Isroil ziddiyatida yahudiy davlatini qo‘llab-quvvatlab, G‘azoda minglab tinch aholi vakillari halok bo‘layotganidan ko‘z yumayotgani sabab siyosiy doiralarda, hatto uning saylov shtabida ham norozilik kuchaymoqda. Oq uy rasmiylari orasida ham o‘t ochishni to‘xtatishga chaqirayotganlar soni ortmoqda.

Avvalroq AQSh davlat departamentining harbiy-siyosiy masalalar bo‘yicha byurosi direktori Josh Pol Vashingtonning Isroilga harbiy ko‘makni oshirish haqidagi qaroriga norozilik ifodasi sifatida o‘z ixtiyori bilan iste’foga chiqqan edi. 11 yil davomida mas’ul lavozimda ishlab kelgan J.Pol HAMASning Isroilga hujumini qoralagani holda, hozirgi vaziyatda yahudiy davlati tutayotgan siyosat va AQSh uni qo‘llab-quvvatlayotgani xato ekanini ta’kidlagan.

AQSh Qurolli kuchlari uchuvchisi Larri Hebert esa Oq uy qarshisida ochlik e’lon qildi. U Baydenning Isroilning G‘azo sektoridagi harbiy harakatlarini so‘zsiz qo‘llab-quvvatlab kelayotganiga shu tariqa norozilik bildirgan.

Xalqaro tashkilotlar Isroil ma’muriyatini xalqaro gumanitar huquqni poymol etishda ayblamoqda. Ayni choqda, Isroil armiyasini qurollantirayotgan birinchi raqamli mamlakat – AQShdan qurol-aslaha yetkazishni to‘xtatish talab qilinmoqda. Jumladan, Oxfam hamda Human Rights Watch inson huquqlari tashkilotlari Oq uyga shunday chaqiriq yo‘lladi. Mazkur tashkilotlar Isroil bombardimonlarida minglab falastinlik tinch aholi vakillari o‘ldirilganini qayd etib, Tel-Aviv Vashington tomonidan yetkazilayotgan qurollardan xalqaro huquq me’yorlari doirasida istifoda etishini savol ostiga olgan.

Jahon matbuoti xabariga ko‘ra, xalqaro hamjamiyat e’tiroziga qaramay, AQSh Isroilni imi-jimida qurollantirishda davom etmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring