Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonning JSTga tezroq a’zo bo‘lishida ko‘mak beradi

AQSh O‘zbekistonning JSTga tezroq a’zo bo‘lishida ko‘mak beradi

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari J.Xo‘jayev hamda AQSh savdo vaziri o‘rinbosari M.Lago.

Foto: AQSh elchixonasi

AQSh O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga tezroq a’zo bo‘lishi yo‘lida yaqindan hamkorlikni davom ettiradi. Bu haqda joriy yil 17 oktyabr kuni Toshkentda o‘tgan O‘zbekiston bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xo‘jayev hamda AQSh savdo vaziri o‘rinbosari Marisa Lago uchrashuvida so‘z borgan.

ITSV matbuot xizmati xabariga ko‘ra,  J.Xo‘jayev O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi jarayonida AQSh boshqa uslublar qatorida USAIDning texnik ko‘mak loyihasini amalga oshirish orqali har tomonlama ko‘mak ko‘rsatayotgani uchun minnatdorlik bildirgan.

AQSh savdo vaziri o‘rinbosari bilan muloqotda ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy munosabatlar, investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati va ularni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi. Qayd etilishicha, so‘nggi bir necha yil ichida O‘zbekistonda AQSh kapitali ishtirokidagi korxonalar soni ikki barobarga ko‘payib, 315 taga yetgan. Muzokaralarda ikki tomonlama investitsiyaviy bitimni imzolash jarayonini tezlashtirish, Amerika kompaniyalari va moliya institutlarini O‘zbekistonda tog‘-kon, kimyo va neft-kimyo sanoati, qishloq xo‘jaligi, to‘qimachilik sanoati va boshqa sohalarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga jalb etish bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Rasmiy Vashington bir necha yildan buyon O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishini yoqlab kelmoqda. Jumladan, AQSh savdo vaziri Uilbur Ross 2019 yil oktyabr oyida Vashingtonda bo‘lib o‘tgan anjumanda O‘zbekistondagi islohotlar ravnaqida JSTga a’zo bo‘lish muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidlagan va bu borada xayrixohlik bildirgan.

2019-2022 yillar davomida AQShning O‘zbekistondagi elchisi vazifasida faoliyat yuritgan Deniyel Rozenblyum ham JST oilasiga qo‘shilish masalasiga bir necha bor to‘xtalgan. Jumladan, diplomat O‘zbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga a’zoligi suverenitet va mustaqillikka ta’sir etishi mumkinligi, shunga ko‘ra, global iqtisodiyotning 98 foizini o‘zida mujassam etgan JSTga a’zo bo‘lish ma’qulligini qayd etgan.

JSTga a’zolik masalasi bugun ham Toshkent hamda Vashington rasmiylari o‘rtasidagi muzokaralarda muhim masalalar qatorida muhokama etilmoqda. Jumladan, joriy yil 4 oktyabr O‘zbekistonning AQShdagi elchisi Javlon Vahobov AQShning Janubiy va Markaziy Osiyo bo‘yicha savdo vakili (USTR)  sobiq yordamchisi, O‘zbekistonning JSTga qo‘shilishi bo‘yicha maslahatchi etib tayinlangan Mark Linskott va USAIDning Markaziy Osiyo bo‘yicha vakolatxonasi direktori etib tayinlangan Jeyson Gilpin bilan muzokara o‘tkazdi. Ushbu uchrashuvda ham Amerika tomoni O‘zbekistonga JSTga a’zo bo‘lish jarayonida yordam samaradorligini yanada oshirish bo‘yicha qator chora-tadbirlar va mexanizmlarni taklif qildi.

JST mamlakatlar o‘rtasidagi savdo munosabatlarini tartibga soluvchi, “o‘yin qoidalari”ni belgilovchi global uyushma sanaladi. Qulay tartibot, ochiq va halol raqobat, iqtisodiy islohotlarni rivojlantirishga ko‘mak, haq-huquq cheklanmagan savdo, bu boradagi rasmiyatchiliklarni kamaytirish kabilar JSTning asosiy talab-tamoyillari hisoblanadi.

O‘zbekiston JSTga qo‘shilish uchun 1994 yilda ariza bergan va ishchi guruhning uchta uchrashuvida qatnashgan. Ammo ayrim sabablarga ko‘ra bu jarayon to‘xtab qolgan. 2017 yilda xalqaro tuzilmaga qo‘shilish bo‘yicha sa’y-harakatlar qayta boshlangan.

Mutaxassislarga ko‘ra, JSTga a’zolik O‘zbekistonda iqtisodiy taraqqiyotga turtki beradi. Avvalo, yangi sarmoyalar asosida qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratiladi, mahalliy ishlab chiqaruvchilar mahsulot sifatini oshirib, dunyo bozorida raqobatlashishni o‘rganadi. O‘z navbatida, iste’molchilar arzon va sifatli tovarlar hamda xizmatlarni tanlash imkoniga ega bo‘ladi.

Xalqaro tashkilotga a’zolik, shuningdek, bojxona ma’muriyatchiligi va qonunchilik bo‘yicha institutsional islohotlarni amalga oshirish, tizimdagi korrupsiya darajasini kamaytirishga ko‘mak beradi, dunyo miqyosidagi ilmiy-texnik rivojlanish jarayoniga integratsiyalashuvni tezlashtiradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring