Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

AQSh O‘zbekistonning JSTga a’zoligini qo‘llab-quvvatlash niyatida sobit

AQSh O‘zbekistonning JSTga a’zoligini qo‘llab-quvvatlash niyatida sobit

Amerika Qo‘shma Shtatlari O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga (JST) a’zo bo‘lish yo‘lidagi qat’iy sa’y-harakatlarini to‘laqonli qo‘llab-quvvatlaydi. Bu haqda AQSh savdo vakili Ketrin Tayning O‘zbekistonga tashrifi yakunida berilgan qo‘shma bayonotda so‘z boradi. 

«Qo‘shma Shtatlar O‘zbekistonning JSTga a’zolikka ustuvor ahamiyat qaratish borasida qat’iyatini to‘laqonli dastaklaydi, O‘zbekistonning savdo tartibotini JST qoidalari va prinsiplariga muvofiqlashtirish yo‘lidagi ichki islohotlarini qo‘llab-quvvatlashga va’da beradi. Qo‘shma Shtatlar va O‘zbekiston joriy yilda bozorga kirishga doir ikki tomonlama muzokaralarda sezilarli ilgarilash ro‘y berganini olqishlab, yaqin istiqbolda uni yakunlash borasida mushtarak manfaatdorlik izhor qiladi», – deyiladi qo‘shma bayonotda.

Vashington Toshkentning milliy qonunchilik va amaliyotni JST bitimlariga moslashtirish yo‘lidagi sa’y-harakatlarini ijobiy baholagan.

Savdo vakili Ketrin Tay AQSh Kongressining Umumiy imtiyozlar tizimi dasturini jonlantirish va yangilash bo‘yicha sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashini qayd etgan va O‘zbekiston eksportini diversifikatsiya qilishda GSP rolini alohida e’tirof qilgan.

AQSh tomoni intellektual mulk huquqlarini himoya qilish va ta’minlash sohasidagi barqaror ijobiy o‘zgarishlar tufayli O‘zbekiston Maxsus 301 kuzatuv ro‘yxatidan chiqarilganini olqishlagan va bu borada hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.

Vashington va Toshkent xotin-qizlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning iqtisodiy huquq hamda imkoniyatlarini kengaytirish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish majburiyatini olgan.

Tomonlar savdo hamda sarmoya robitalarini diversifikatsiya qilish va ustuvor iqtisodiy yo‘nalishlar bo‘yicha muloqotni kuchaytirishga kelishgan.

Ta’kidlanishicha, oshkoralik va o‘zaro maslahatlashuv yanada samarali me’yoriy-huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, notarif to‘siqlarning oldini olish va kamaytirish, xalqaro savdo majburiyatlariga rioya etilishini qo‘llab-quvvatlash uchun zamin yaratadi, iqtisodiyotning uzoq muddatli barqarorligini oshirish va investitsiyalarni jalb qilishga xizmat qiladi.

Avval xabar berganimizdek, 11-12 iyun kunlari yurtimizda mehmon bo‘lgan AQSh savdo vakili Ketrin Tay O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan qabul qilindi. Uchrashuvda O‘zbekistonning JSTga a’zo bo‘lishi, GSP tizimini qayta tiklash, «C5+1» formati hamda Savdo va investitsiyalar bo‘yicha hadli bitim doirasida amaliy hamkorlikni chuqurlashtirish bilan bog‘liq masalalar ko‘rib chiqildi.

Amerikalik mehmon tashrif davomida O‘zbekiston prezidenti yordamchisi Saida Mirziyoyeva, bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Xo‘jayev, investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vaziri Behzod Musayev bilan ham uchrashdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring