Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aprel oyida qanday ob-havo kutilyapti? Mutaxassislar ma’lumoti

Aprel oyida qanday ob-havo kutilyapti? Mutaxassislar ma’lumoti

Foto: Xabar.uz

Gidrometeorologiya xizmati kelayotgan aprel oyidagi taxminiy ob-havo ma’lumotini taqdim etdi. 

Bu yil aprel oyi quruq ob-havo bilan boshlanadi. Oyining birinchi besh kunligida havo harorati 22-25 daraja iliqdan 27-30 daraja iliqqacha, shimolda, janubda va cho‘l hududlarda 32 daraja iliqqacha ko‘tarilishi kutilmoqda. Oyning ikkinchi besh kunligida havo harorati asosan 22-27 daraja iliqni tashkil etadi.

7-aprelda respublika shimolida, 8-10-aprelda markaziy va sharqiy hududlarda ba’zi joylarda yomg‘ir yog‘adi, momaqaldiroq kuzatilishi mumkin.

Oyning ikkinchi va uchinchi o‘n kunliklarida harorat kechalari 8-13 daraja iliqdan 2-7 daraja iliqqacha, kunduz kunlari 25-30 daraja iliqdan 10-15 daraja iliqqacha o‘zgarib turishi kutilmoqda.

O‘tgan 2024-yilning aprel oyi respublika hududining katta qismida quruq bo‘ldi. Shu bilan birga, respublika bo‘yicha ba’zi joylarda kuchli jala yomg‘irlar yog‘ishi kuzatilib, bunda bir necha soatda yog‘ingarchilik miqdori oylik me’yordan 40-70% ni tashkil etdi. 13 aprel kuni Jongeldi (Qizilqum cho‘li) meteostansiyasi hududida 16 mm yog‘ingarchilik kuzatilib, oylik me’yorga mos bo‘ldi, bu butun aprel oyi davomida ushbu hududda yog‘gan yagona yomg‘ir edi.

Respublikaning ayrim hududlarida har 3-5 yilda bir marta yomg‘ir qisqa muddatga qorga aylanishi kuzatiladi. So‘nggi marta 2020-yil aprel oyida markaziy va hatto janubiy viloyatlarda ba’zi joylarda aprel oyining birinchi o‘n kunligi oxirida qor yog‘ib, u hatto qishda kamdan-kam uchraydigan darajada bo‘ldi.

2020-yil 9-aprelda ertalab ba’zi joylarda qor qoplami 7-20 sm ga yetdi.

O‘zbekistonda qor yog‘ishining eng kechki sanasi – 1989-yil 30-aprel kuni qayd etilgan. Bu hozircha O‘zbekistonda kuzatuvlar tarixidagi qaytarilmas holat bo‘ldi.

Aprel oyida tog‘li hududlarda jadal qor erishi davom etadi. Oyning oxiriga, iqlim ma’lumotlariga ko‘ra, qor faqat baland tog‘li hududlarda saqlanib turadi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring