Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Anvar Obidjon: «vahimali savollar»ga vazmin javoblar

Anvar Obidjon: «vahimali savollar»ga vazmin javoblar

Anvar Obidjon.

Bugun, 11-aprel kuni O‘zbekiston xalq shoiri, ardoqli adibimiz Anvar Obidjon 73 yoshida vafot etdi. «Xabar.uz» o‘quvchilari e’tiboriga yozuvchi bilan 70 yillik yubileyi kunlarida uyushtirilgan suhbat havola etilmoqda.

– Yaqinda yetmishvoylar safiga qo‘shilganingizni eshitib, «Yo‘g‘-e, o‘zimizning Anvar aka-ya, hali miltiqning o‘qidek-ku!» deb hech ishongimiz kelmadi. Kulgi insonni yashartiradi deganlari shudir-da. Ko‘z tegmasin, qirchillama yigitdek g‘ayrat bilan qalam tebratyapsiz, adabiy xirmoningiz ham boyigandan boyiyotir. Ammo – mulohazamizni minba’d malomat sanamaysiz, azbaroyi muxlislik – keyingi yillarda bir vaqtlar Sizga zo‘r olqish keltirgan Gulmat Shoshiy va Kulkuliylar «holidan xabar olmay» qo‘ydingiz. Rosti, taraqqiyotimizga g‘ov bo‘layotgan katta-kichik muammolarga duch kelganda biz o‘sha afandife’l qahramonlaringizni qidirib qolamiz. Gulmatu Kulkuliyni qayerlardan so‘raymiz bugun? Julqunboy bobo omonat qilib qoldirgan hajv qalamini «temir sandiq»qa solib qo‘ymadingizmi ishqilib?

– Odam o‘zida keksarish charchog‘ini his qila boshladimi, yon-veridagilarning kayfiyatini shunchaki bilib qo‘yish uchun bo‘lsayam, nafaqaga chiqarishlarini so‘rab bir ariza yozib ko‘rgani ma’qul. Usta Gulmat bilan Kulkul afandi xuddi shunday yo‘l tutgan edi – qarshilik qilmadim. Ammo, qalam singari, ularniyam «temir sandiq»qa qamash mening qo‘limdan keladigan ish emas, hozircha pensiyada yurishibdi, xolos. Yangicha jamiyatimizga foydasi tegadigan biron tuzukroq rejani taklif qilganlari zahoti ikkoviniyam qaytadan ishga chaqirib olishga taxt-tayyorman.

– Erkin so‘z va ozod tafakkur bamisoli taraqqiyotning qo‘sh qanoti, ularsiz yuksak parvozni xayol qilmasa ham bo‘ladi. Millatning taqdiri ham hur fikrli shaxslar qo‘lida. Lekin bugun zehniyatimizda yangilanish sustroq kechayotgandek. Yashirib nima qildik, gohida ongimizga yopishib olgan mutelik, qo‘rqoqlik oqni – oq, qorani qora deyishimizga yo‘l qo‘ymaydi. Ba’zan haqsizlikka yo‘liqsak ham og‘zimizga talqon solib olamiz: och qornim – tinch qulog‘im! Bu holni o‘zbekona andisha atab, o‘zimizni aldashga urinishimiz-chi! Qon-qonimizga singib ketgan bu virusdan qanday xalos bo‘lish mumkin, Sizningcha?

– Hm-m... Bolalar shoiriga shunaqayam og‘ir savol beradimi odam...

O‘z janrim doirasida turib aytadigan bo‘lsam, ranglarni farqlashni yoki atrofdagilarning ayrim qiliqlariga, ayniqsa, o‘ziga nisbatan munosabatiga qarab, yaxshini yaxshiga, yomonni yomonga ajratishni hatto mittivoylar ham uddalay oladi. Kimdir bolaning ko‘zi oldida uning otasiga dag‘dag‘a qilib, boshida musht o‘ynatyapti, deylik. Bunday vaziyatda bola janjal nimadan kelib chiqqani, kim haqu kim nohaqligini surishtirib o‘tirmaydi, o‘zi uchun suyukli bo‘lgan otasiga fitratan jon tortishib, qo‘liga tosh oladi. Buni «bolalarcha yuzakichilik» desakmikan, «bolalarcha hur fikrlilik» desakmikan...

Hur fikrlash huquqiga egalik – har bir insonning o‘z qadr-qimmati to‘laqonli tarzda himoyalanmog‘ini talab qilishi, jamoa, millat, yurt taqdiriga oid masalalarda o‘z nuqtai nazarini erkin bayon eta olishi bilan bog‘liq oliy qadriyat. Hur fikrlilikka yanada kengroq sharoit yaratilishiga intilaverishning hech qanday chakki tomoni yo‘q. Xalqning fikriga qiziqish susaygan joyda taraqqiyot zavol topadi, adolat lat yeydi, jamiyat bora-bora turg‘unlikka yuz tutadi (yurtimizda xalq bilan muloqot masalasi hukumat siyosati darajasiga ko‘tarilganini faqat qutlash kerak).

Lekin tarozining ikkinchi pallasi ham bor. Saviyamiz o‘sha «oliy qadriyat» maqomiga munosibmi yo haliyam qo‘lga beixtiyor tosh oladigan kepataga yaqinroqmizmi? O‘zimiz biron mashvaratda jo‘yaliroq fikrimiz bilan, jillaqursa, to‘rt-besh kishini bir to‘xtamga keltira olganmizmi? Loaqal oilamizdagi oddiy ro‘zg‘orchilikda tosh bosadiganroq o‘rnimiz bormi? Kishi o‘z hayotiy tajribasidan chiqargan xulosalariyu turmush maktabidan olgan saboqlari ko‘lami, shuningdek, jamiyatdagi, olamdagi voqealarni maqbulu nomaqbulga, haqu nohaqqa ajratib tahlil eta bilish qobiliyatini halol chamalab, shunga yarasha gap aytishni eplay olmasa, jim tura turgani ma’qul shekilli. Navoiy bobomiz doim to‘g‘ri gapirish kerakligini ta’kidlash bilan birga, har qanday to‘g‘ri gap ham aytgulik emasligini shamalab o‘tgani bejiz emas. Har bir ishning o‘z vaqti-soati bo‘lganidek, har bir gapning ham o‘z o‘rni, sharoitga qarab bayonlash yo‘sini bor. Bu – «andisha»ning ijobiy ko‘rinishi.

«Och qornim – tinch qulog‘im»ning ham ijobiy qirrasi yo‘q emas. Bugun boriga qanoatlanmay, yanada to‘kinroq hayotni va’da qilgan begonalarga omilarcha ergashgan, oqibatda boridan-da ayrilib, boshi qirg‘in va xo‘rlovlardan chiqmay qolgan ayrim qavmlarni teleekran orqali ko‘rib turibmiz. Bunday yurtlarning, hech bo‘lmasa, oldingi ahvolga qaytishi uchun yana ikki-uch avlodning umri yo yetadi, yo yetmaydi.

Bilaman, hur fikrlilikning turli davrda muayyan me’yori bo‘lishi, unga pog‘onama-pog‘ona ko‘tarila borish lozimligi haqidagi fikr G‘arb ahliga kulgili tuyulishi mumkin. Biroq ularning udumi o‘zlarigagina mos tushadi, chunki oiladagi tutumlari ham shunday. Biz esa, Sharq kishilarimiz, birovlardan o‘z ko‘hna madaniyatimiz, bobo-momolarimiz meros qoldirgan axloq-odobimizga raxna solmaydigan rusumlarnigina olishimiz qoloqlikka kirmaydi. Janob Kipling ta’birini sal o‘zgartib aytadigan bo‘lsak, bundan keyin ham G‘arb g‘arbchasiga, Sharq sharqchasiga yuksalavergani yaxshi. Buni istamaydiganlar esa dunyoda tiqilib yotibdi. Ular o‘z urfiga mos, o‘z dunyoqarashiga ohangdosh, milliy manfaatlariga xizmat qiluvchi badiiy yoki ilmiy asarlarimiz, kino, spektakl va kuy-qo‘shiqlarimizga maqtovlar yog‘dirib, goh o‘rtamiyonaroq, goh tuzukroq mukofotlarga ko‘mizaveradilar. Bundaylarning qarsagini eshitishga qanchalik berila borsak, ularga shunchalik yutqazaveramiz. Sharqni yutqazamiz.

Endi savolingizning oxiridagi gapga to‘xtalaylik. Nopok muhit ta’sirida yuzaga keladigan turli-tuman viruslarning qon-qonimizga singib ketgani to‘g‘ri. Tabobatning ma’lum qilishicha, zararli viruslarga qarshi qo‘llanadigan o‘tkir dorilar tanamizdagi foydali viruslarni ham qirib yuborar ekan. Demak, o‘sha zararli viruslardan askarona keskin hamla yordamida emas, uzoq davom etguchi muallimona tarbiya ko‘magida, tabiiy yo‘sinda qutulish chorasini qo‘llash o‘rinliroq. Zero, sabrsizlik «mahsuli» bo‘lgan shoshqaloqlik virusi keltirajak xatar odamiylik sha’nimizni uzluksiz kemirguchi hayvonlarcha qorinparvarlik, Vatan taqdiriga bangiyona befarqlik, qalban millatsizlik kabi qo‘rqinchli viruslarnikidan kam emas. Asrlar davomida begonalar ataylab yuqtirib kelgan bunday viruslardan xalos topishda biron bir millatdoshimiz burnini nohaq qonatib qo‘yishdan ehtiyot bo‘lish kerak demoqchiman-da. Avloniychasiga aytganda, eng umidbaxsh najot – tarbiya va yana tarbiya.

– Kitob ko‘rgan tarixchi bir tanishimiz bor. Toshkentdagi kollejlardan birida binoyidek o‘qituvchilik qilib yurgan yigit, he yo‘q-be yo‘q, tijoratga o‘tib ketdi. Sababini keyin o‘zidan so‘rab bildim. Boyvachcha bir o‘quvchisiga qattiqroq tanbeh bergan ekan, «jabrdiyda» o‘smir mushtumzo‘r akaxonlarini boshlab kelib muallimini kaltaklatibdi. «Yelkamning chuquri ko‘rsin, endi kollejida ishlamayman!» deydi boyoqish hasratidan chang chiqib. Afsuski, tarixchi do‘stimizdek bugungi o‘smirlar tarbiyasidan shikoyat qilayotgan zamondoshlarimiz oz emas. Kenja avlodning ta’lim-tarbiyasi izdan chiqayotgani haqidagi xavotirli gap-so‘zlar bolalar adibi sifatida Sizni ham o‘yga toldirayotgandir. Bugungi o‘smir nima sabab muallimiga qo‘l ko‘tarishgacha bordi? Ayrim ziyolilar fitna devi shishadan allaqachon chiqib ketdi, deya mahobat qilmoqda. Shu gap rost bo‘lsa, maxluqni shishaga qaytarish yo‘li bormi?

– O‘qituvchi degani umumiy ko‘rsatma berib, bu ko‘rsatmasi qanday bajarilayotganini tepadan nazoratlab turuvchi qo‘mondon emas, askarlar orasida bevosita ish olib borishi, o‘z burchini qoyillatib bajarishda ularga doimo o‘rnak ko‘rsatishi lozim bo‘lgan harbiy bo‘linma boshlig‘idir. Askarlarga o‘xshab o‘quvchilar ham o‘zidan har tomonlama ustun yetakchini chinakamiga hurmat qiladi, qo‘l ostidagilarning har biriga, uning fe’l-atvoridan kelib chiqib, alohida muomala yurita olguchi ko‘ngildoshgagina ixlos bilan ergashadi. Bu taqqoslovni keltirishdan maqsadim siz tilga olgan o‘qituvchini noshudlikda ayblash emas, har qanday yaxshi odam ham birda emas birda yomonlarning nohaqligiga duch kelishini hayotda ko‘p uchratganmiz. Asosiy gap shundaki, o‘z kasbini yurak-yurakdan sevgan kishi bir joydan bezisa, o‘sha kasbini bo‘lak yerda davom ettiraveradi, boshqa sohadagi hech bir mo‘may daromad manbai uni o‘ziga mahliyo qilolmaydi.

Kenja avlod vakillari orasida xulq-axloqi xunuklashayotganlarning ko‘payib borayotgani to‘g‘risidagi gap-so‘zlar to‘ng‘ich avlodni jiddiy tashvishga solayotgani kishini quvontiradi – demak, jamiyatimizdagi fikrlovchilar toifasi uyg‘oq, ular kelajagimiz egalari taqdiriga befarq emas. Siz «fitna devi» deb atagan, o‘zbekchiligimizni tepalab o‘tayotgani, o‘zgalar nog‘orasiga o‘ynab, hamiyatsizlik qilayotganiga jilla aqli yetmayotgan maynafe’l qavmning shishadan chiqib ketishiga aslida biz kattalar aybdormiz. Ularga milliy mentalitetimiz shishasining ichida azaliy qadriyatlarimizga xos, lekin zamonaviy andazalarda bezatilgan maftunkor muhitni yaratib berolmadik, no‘noqlik qildik, kechikdik. Begonalar bundan ustakorona foydalanib, shisha tegrasini tashi yaltiroq bezaklarga to‘ldirib tashlayapti. Unga rom bo‘lgan lodonlar, aslni soxtadan, to‘qini puchidan, foydalisini zararlisidan farqlashni o‘rgatishi lozim bo‘lganlar mudrabroq qolgani bois, shishadan birma-bir chiqib kelyapti.

– Mundoq qaraganda, istiqloldan keyin aslida bari boshqacha bo‘lishi kerakdek edi...

– Davlatimiz ta’lim-tarbiyaga xorijlik mutaxassislarni ham hayratga solar miqdorda katta mablag‘lar ajratayotganiga qaramay, turli salbiy holatlar qayoqdan paydo bo‘lyapti o‘zi, demoqchisiz-da. Hamma balo – yaratilgan sharoitdan unumli foydalana bilmasligimizda. Avvalo, farzandlarimiz maktabu kollejlarda har kuni duch keladigan, boshdan-oyoq o‘qib-o‘rganishi majburiy bo‘lgan darsliklarning, ayniqsa, o‘quvchilarda o‘z tiliga mehr-muhabbat, yurtimiz tabiatiga shaydolik, Vatanimiz o‘tmishi va buyuk allomalarimizga ehtirom, ko‘hna udumlarimizga hurmat, oxir-oqibatda milliy g‘ururni shakllantirishi lozim bo‘lgan til, adabiyot, tarix, odobnoma, tabiatshunoslik kabi fanlarga oid qo‘llanmalarning barchasi ham talab darajasidami? Ta’lim beruvchilarning saviyasini muntazam nazorat qilib borishning ortiqcha qog‘ozbozliklarsiz, yanada soddaroq, lekin samaraliroq usullarini joriy etish ustida astoydil bosh qotiryapmizmi? Shunga qarab, o‘z ishiga pishiq o‘qituvchilarni yetarlicha rag‘batlantira olyapmizmi?

– O‘quvchilik davrimizda o‘qituvchilarimizning behad kitobsevarligiga qoyil qolardik. Hozir bunaqasi kamroq deb eshitamiz.

– O‘quv maskanlari kutubxonalarini yangi kitoblar bilan boyita borish masalasi ma’lum davrda e’tibordan chetda qolgani ham bunga sabab bo‘lishi mumkin. O‘qituvchi o‘z puliga sotib olmoqchi bo‘lsayam, shahardan chetroq joylarda kitob do‘konlari deyarli yo‘q. Qolaversa, hozirgi kitoblarning narxi cho‘ntakni chaqadi.

Shunga o‘xshash sabablar tufaylimi, keyingi yillarda telekanallar kishilarimizning asosiy ma’naviy oziq manbaiga aylanib bormoqda. Balki bu tabiiy jarayondir. Shuning uchun ham telekanallar soni ko‘paytirilib, aholi ehtiyojini to‘kisroq qondirish choralari ko‘rilayotgandir...

– Sifat-chi?

– Balli! Ishning asosiy o‘zagi aynan mana shunda. Sifat – keng ma’noli tushuncha. Bunda faqat tasvir tiniqligini oshirish, ko‘rsatuvlarni jimjimador kliplar bilan boyitish, studiyani bezash va yoritish mahoratigina nazarda tutilmaydi. Sifat, birinchi galda, mazmunning to‘qligi, boshlovchilarning fikrlash doirasi kengligi va so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz qila olish qobiliyati, ko‘rsatuvning mohiyati, dolzarblik darajasi singari jihatlar bilan o‘lchanadi. Ayniqsa, «Bolajon» telekanalini bu borada alohida nazoratga olish zarur. Chunki bolalikda buzilgan tilni, bolalikda to‘mtoqlashgan didni, bolalikda miyaga muhrlangan urfni keyinchalik akademik ham, akademiya ham o‘zgartirolmaydi. Ushbu telekanalda so‘zni to‘g‘ri talaffuz qilish, fikrni tiniq ifodalash, sahnaviy ko‘rsatuvlar, multfilmlar tarjimasida bolalarbop sodda jumlalar tuzishga ko‘proq e’tibor berilmog‘i; barcha ko‘rsatuvlarni monitoring qilib borish yo‘lga qo‘yilib, bu vazifaga pedagogika sohasida boy tajribaga ega bo‘lgan, Miraziz Mirtojiyev darajasidagi olimlarimiz qo‘llanmalarini ipidan ignasigacha o‘zlashtirgan yuqori malakali tilshunos yirik maosh tayinlangan tarzda jalb etilmog‘i shart. Bu ishni imkon qadar orqaga surmagan yaxshi.        

Bolalar – qo‘shiqqa nihoyatda o‘ch toifa. Shu tufayli bu kanaldagi «Do-mi-sol» ko‘rsatuvi doimo rahbariyat diqqat markazida turmog‘i muhim. Tayinli shoirlarning she’rlarini kuyga solgan tayinli bastakorlar ko‘rsatuvda tez-tez qatnashib turmagani uchunmi, shoshmashosharlikda yaratilgan ba’zi qo‘shiqlarning tuzi past.

Umuman, kanal mutasaddilari ko‘rsatuvlar mundarijasini qaytadan tahlil qilib chiqsa chakki bo‘lmasdi. Yevropacha qahramonlarga taqlidan kiyinuvchi, yengil-yelpi gaplarni ko‘p qo‘llovchi boshlovchilarga talabchanroq bo‘lish, asosan folklorimiz, milliy adabiyotimiz qahramonlarini targ‘ib etish va intellektual ko‘rsatuvlar sonini oshirishning fursati keldi-yov!

Bu bilan aytmoqchimanki, bugun biz axloqi nojo‘yaligidan, saviyasi to‘mtoqligidan yozg‘irayotgan o‘smirlaru yoshlar kechagi bolalardir, ularni g‘ayri illatlardan o‘z vaqtida yetarlicha himoya qilolmadik. Eng avvalo, xususiy nashrlarda ma’naviy qashshoqlashuvga olib boruvchi almak-jalmak asarlar, suyuqmijoz tarjimalar, yangicha urfbozliklar, g‘arbona dunyoqarash, fahsh, turfa xil jangariliklar tafsiloti urchib borayotgani; rokchiyu popchilarning g‘atti-g‘uttilari mumtoz va folklor kuy-qo‘shiqlarimizni, ayollar pardozchilari, musobaqadosh oshpazlar, xorij san’ati targ‘ibotchilari, avtohalokat darakchilari kabilar kitob sharhlovchilari, kino va teatr tanqidchilari, adabiyotshunoslar, tarixshunoslar, tabiatshunoslar hamda diniy-ma’rifiy qadriyatimiz bilimdonlarini teleekranlardan tobora siqib chiqarayotganiga tomoshabin bo‘lib turaverdik.

Endi bu xatomizni tuzatishimiz kerak. Matbuot nashrlari, nashriyotlarda tahririyat va jamoatchilik kengashlari bor, mazmuni g‘alatroq ko‘ringan narsalar ular nazaridan o‘tkazib olinadi. Shunga o‘xshab, barcha telekanallarda taniqli adiblar, bastakorlar, xonandalar, rejissyorlardan iborat jamoatchilik badiiy kengashlari tuzilsa, qo‘shiqlar (ayniqsa, estrada qo‘shiqlari), kliplar, multfilmlar, ta’msizdek tuyulgan ba’zi telenovellalar, spektakllar, seriallar shu kengash tavsiyasi bilangina efirga uzatilishi yo‘lga qo‘yilsa, bundan faqat manfaat ko‘rgan bo‘lardik.

– Dallolu tujjor xalqi maqtovga usta keladi. Yoqadan kirib yengdan chiqadigan bu uchar toifa kezi kelganda suvdan halvo pishirib beradi. Bugun ommaviy axborot vositalarimizni kuzatib, jurnalistu qalamkashlar madhiyago‘ylik va haybarakallachilikda bu ikki toifani ham changida qoldirmayaptimikan, degan xayolga borasiz. Davlatimiz rahbari jamiyat hayotidagi turfa muammolarni ro‘y-rost gapirib barchaga namuna bo‘layotir. Ammo matbuot pinakka ketgandek – aksar nashrlarimiz hali-hamon «eski qo‘shiq»ni xirgoyi qilmoqda. Shoir do‘stingiz Usmon Azim yaqinda «Hurriyat» gazetasida chop etilgan suhbatida mukofotu unvon ilinjida, oshkora tama bilan qog‘oz qoralayotgan qalamkashlarni Aldarko‘saga o‘xshatdi, xushomad va yaltoqilikni «feodal zamon sarqiti» deb atab, undan tezroq qutulishga chaqirdi. (Darvoqe, o‘zingiz ham «Ey yorug‘ dunyo»da shoir Dutoriy timsolida bu toifa kimsalarning po‘stagini qoqqaningiz yodimizda.) So‘z xizmatida sochi oqargan ijodkor sifatida ayting-chi, «qalam – o‘qlog‘i, matbuot – ketmon bozori emas»ligini qachon to‘liq anglaymiz? Erishilgan muvaffaqiyatlarga mahliyo bo‘lmasdan tanqidiy mushohada yuritish, tamayu ilinjni bir chetda surib fiysabillo qalam tebratishga qachon odatlanamiz?

– Ochig‘i, savollaringiz tobora vahimali tus olyapti...

– Nimadandir hadiksirayotgan bo‘lsangiz, boshqa savolga o‘taqolay?

– Meni savolning hadikli tomoni bor-yo‘qligi emas, murakkabligi hurkityapti. Bolalar shoiriman dedim-ku boya, namuncha qiynamasangiz... Mayli, uquvim yetganicha deb, bir tavakkal qipko‘ray-chi.

Men matbuotimizning eski zamondagi ahvolini ko‘rgan odamman. Turli tig‘dor gaplarni qo‘yib turaylik, bir maqoladagi Beruniy, Xorazmiy, Navoiylarga nisbatan aytilgan «dono allomalarimiz» degan so‘zlar qora o‘tmishni ulug‘lashga kiradi, deya o‘chirilib, o‘rniga «kabi ajdodlarimiz» deb yozib qo‘yilganiga ham, «bugungi siyosatga to‘g‘ri kelmaydi» bahonasi bilan she’rdagi «may» «choy»ga aylantirilganiga ham guvohman. «Birni ko‘rib fikr qil, birni ko‘rib shukr qil» naqlidan kelib chiqilsa, matbuotimizning hozirgi holati judayam shumshaygan taxlitda emas. Hatto kechagina senzurachilardan qattiqqo‘llikni talab qilib turadiganlar bugun o‘zlari sira hayiqmay o‘tkir-o‘tkir maqolalar yozayotgani – oldinga siljish borligidan dalolat.

Maqtovlarga kelsak, maqtovning maqtovdan farqi bo‘ladi, hammasiga bir xil ko‘z bilan qarash adolatdan emas. Mikrofon bo‘lmasa tovushi to‘rt qadamdan nariga yetmaydigan xonandachani «sehrli ovoz sohibi», «davrimizning eng porloq yulduzi» deb, qaysidir bozor pattachisini «dehqonlarning mislsiz jonkuyari» deb, o‘ziga tanish futbolchini «yangi Messi» deb ko‘klarga ko‘tarish o‘sha qahramonlarni bilganlarga mazaxnamo tuyulishi tayin, albatta. Bunday oshnaparvar jurnalistlar turmushning ne-ne zahmatlariga dosh berib, hammamiz uchun minnatsiz xizmat qilib kelayotgan cho‘ponnimi, dehqonnimi, traktorchinimi, chilangarnimi, quruvchinimi, hechqursa, o‘z kasbiga izzat yuzasidan yo‘qlab borib, ularning ichini bir yashnatib qaytsa, ichayotgan tuzini ozmi-ko‘p oqlagan bo‘larmidi! Qolaversa, o‘z vazifasini qoyilmaqom uddalayotgan, mehnatchilarga haryoqlama yelkadoshligi bilan hurmat qozongan rahbarlarni maqtashning, uni yangi-yangi tashabbuslarga ruhlantirishning nimasi yomon?

Matbuotda tanqidning kamligi bor gap. Uni jonlantirish kerak. Ammo bu ishni hayotning issiq-sovug‘ini ko‘rgan, shaxsiy xusumatlardan, chapaki manfaatlardan o‘zini yuqori tuta oladigan tabiati toza qalamkashlar qilgani ma’qul. Aks holda, matbuot turli guruhlar bir-birini bo‘lar-bo‘lmasga cho‘qilayveradigan «xo‘rozbozlar maydonchasi»ga aylanadi. Bu narsa oxiri fuqarolarning ham tarafma-taraf bo‘la borishiga olib keladi. Qudrati beqiyos yoki nufuzi asrlar davomida baland bo‘lib kelgan poydevori puxta davlatlarni bu hol balki ortiqcha tashvishlantirmas, biroq endigina mustahkam oyoqqa turib ulgurgan, uning qadamma-qadam rivojlanayotganidan g‘ashlanuvchi turli to‘dalar atrofida pinhona g‘ijinib turgan mamlakatda bunday tarqoqlik ehtimoliga pisandsiz qarab bo‘lmaydi. 

Ilgarigi tuzum davri u-bu asarlarimda, siz shamalagandek, boshimizda qamchi o‘ynatgan kelgindilarning «po‘stagini qoqish»ga qo‘limdan kelganicha  uringandekman. Ammo, so‘zimni kim qanday tushunsa tushunar-u, o‘sha davrdagi ayrim ma’naviy zug‘umlardan  qattiqroq xo‘rligim tutgan chog‘da, xudoyim mo‘’jiza ko‘rsatib  yurtimiz mustaqillikka erishsa, erkinlikda qanday mushkul ahvolga tushmayin, to xalqimiz katta yo‘lga tinchgina chiqib olmagunicha bari-bariga indamay chidagan bo‘lardim, deb qo‘yardim o‘zimga o‘zim. Boshimda haliyam shu fikr aylanib turadi, xalqimizni jipslikka chorlaydigan, qadoqqo‘l mehnatkashlarimizning ruhini ko‘taradigan, ularga g‘amxo‘rlik qilayotganlarni olqishlaydigan gaplarni yozgim kelaveradi. Lekin bularning ostida qandaydir tama bo‘lishi mumkinligi sira-sira xayolimga qo‘nmagan ekan.

– Amerikada atoqli ingliz arbobi Uinston Cherchillning o‘zga sayyoraliklar haqidagi maqolasi topilibdi. Allomalik deysizmi yo anoyilik, dunyoni so‘ragan siyosatchi 1939 yili yozgan maqolasida o‘zga sayyoralarda ham hayot bor, degan taxminni ilgari surgan ekan. Arbob Cherchillning yaxshigina shov-shuv bo‘lgan maqolasini eslaganimning sababi bor, albatta. Mo‘’jiza ro‘y berib, Yerga, o‘z ta’biringiz bilan aytganda, «muallaq tarvuz»ga olis sayyoradan mehmonlar kelib qolsa, insoniyatning bugungi ahvolini qanday baholarkan? Yutuqlar o‘z yo‘liga, «chaqirilmagan qo‘noqlar» Odam farzandlarining qay kori amalini yutqiziq sanarkan?

– O‘zga sayyoraliklar kelib, bizni ko‘rib-kuzatadigan bo‘lsa, Yer kezg‘ichi ahlini mehrsiz maxluqlar deb baholagan bo‘lardi. Chunki bir joyda nonni axlatxonaga tashlayotganlar boshqa joyda odamlar ochlikdan o‘layotganini bilaturib ham pinagini buzmaydi. Savolingizga muxtasar javobim shuki, boshqa sayyoraliklar biz bilan jang qilmoqchi bo‘lishsa, noahilligimizni yutqiziq sanashadi; bizga do‘stlikni taklif etishsa, o‘zimizdan kuchli begonalarga ishonganimizni yashirincha mazaxlab, soddaligimizni yutqiziqqa yo‘yishadi.

– «Sharq yulduzi»da bosilib, keyin kitob bo‘lib chiqqan «Ajinasi bor yo‘llar» asaringiz qo‘lma-qo‘l o‘qildi. Odatdagi manziratga yo‘ymang-u, uncha-muncha qalamkash o‘z umr yo‘li haqida Sizdek – yolg‘on aralashtirmay, haq gapni yozishga jur’at qilolmas... Asarda o‘zingizni beayov taftish etasiz, «Men ne maqsadda yaratildim? Bunga qanday zarurat bor edi? Bor bo‘lsa, o‘sha zaruratning o‘rnini to‘ldira oldimmi?» deya savollarga tutasiz. Xo‘sh, ortda qolgan yillarni sarhisob etganda «nomai a’mol»dan ko‘nglingiz to‘ladimi? Yaratgan Egam zimmangizga yuklagan xos vazifalarni bajara oldingizmi?

– Birgina Yaratguchining o‘zi bilishi lozim bo‘lgan narsalar ko‘p. Tangrim zimmamga, umumga taalluqlilaridan tashqari yana qanday alohida vazifalar yuklaganini aniq bilganimda barini to‘la-to‘kis bajarishga jon-jahdim bilan tirishgan, tirikchilikni ro‘kachlab, choypuli topish uchun allambalolarni yozishga, havoyi narsalarni o‘ylashga vaqtimni behuda sarflamagan bo‘larmidim...

S.Yoqubov suhbatlashdi.

«Tafakkur» jurnalining 2017 yil 2-sonidan qisqartirib olindi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring