Antarktidani sun’iy qor bilan saqlab qolish taklif qilinmoqda
Sayyoramizni global isib ketishdan saqlab qolish uchun olimlar ajabtovur tashabbuslar bilan chiqishmoqda. Yer qizishini sulfat aerozollari yordamida kamaytirishni taklif qilgan garvardlik olimlarning ortidan Tasmaniya universiteti glyasiologlari ham o‘z strategiyasini ilgari surishdi: Antarktidani 74 trillion tonna sun’iy qor bilan qoplash kerak. Bu haqda «Gizmodo» yozyapti.
Yaqinda o‘tkazilgan tadqiqotlar okeanlarning iliq suvlari G‘arbiy Antarktidaning qirg‘oqbo‘yi muzliklari yemirilishini tezlatayotganini ko‘rsatdi. Agarda muzliklar erib bitsa, dunyo okeani suv sathi qariyb 3 metrga ko‘tariladi — bu qirg‘oqbo‘yi shaharlari uchun falokat.
Ana shunday bo‘lmasligi uchun olimlar muzliklarni sun’iy qor bilan ihotalashni taklif etishdi. Modellashtirish natijalari ko‘rsatishicha, agarda 10 yil davomida har yili 10 metrdan qalinlikda qor to‘shab borilsa muzliklarning erishini to‘xtatish mumkin ekan. Buncha miqdordagi muzni hosil qilish uchun okeanning chuchuklashtirilgan suvidan tayyorlangan 74 trillion tonna sun’iy qor kerak!
Xullas, amalda uddalash juda og‘ir vazifa. Masalan, hozirgi eng zo‘r sun’iy qor tayyorlovchi mashinalar bir daqiqada 20 tonnagacha qor tayyorlay oladi. 74 trillion tonna qorni tayyorlashga esa 700 000 yil ketadi! Mabodo yanada kuchliroq sun’iy qor mashinalari qurilgan taqdirda ham ularga juda ko‘p, qolaversa, yashil texnologiyaga asoslangan tok kerak. Okeandagi suvni tortib olish uchun esa 12 mingta shamol turbinalari zarur.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter