Andijonlik tadbirkor o‘zi qurayotgan sportzalda joniga qasd qilgani aytildi

Ijtimoiy tarmoqlarda «Andijonlik tadbirkor o‘zi qurayotgan sport zalda o‘zini osib o‘ldirgani bo‘yicha ham jimlik!» sarlavhasi ostida xabar tarqalgan.
Ushbu holat yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati bayonot berdi:
«Mazkur holat yuzasidan viloyat hokimligi tomonidan o‘rganish ishlari olib borildi. O‘rganishlar jarayonida, tuman hokimligida maqolada ta’kidlangan 200-300 kishilik yig‘ilish o‘tkazilmaganligi, shuningdek, tadbirkorga hech kim, na prokuror na hokim tazyiq o‘tkazmaganligi aniqlandi.
Bundan tashqari, tadbirkorga qurilishi olib borilayotgan loyiha qiymatining 85 foizi miqdorida mablag‘ ajratilgan. Shuningdek, tadbirkor 250 million so‘m mablag‘ini amaliy ko‘mak sifatida so‘ragan bo‘lib, uning murojaatiga javoban viloyat hokimining topshirig‘iga binoan tadbirkorga qo‘shimcha 350 million, jami 600 million so‘m mablag‘ ajratilish masalasi belgilangan tartibda Xalq deputatlari Kengashiga 10 kunlik muhokama uchun qo‘yilgan», deyiladi munosabatda.
O‘rganishlar mobaynida «Takomil qurilish servis» MChJ rahbarining o‘z joniga qasd qilishi bilan bog‘liq boshqa tafsilotlar kelib chiqmoqda.
Holat yuzasidan prokuratura organlari o‘rganish ishlarini olib bormoqda. Mavzu yuzasidan batafsil axborot taqdim etiladi, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan oyda Shahrihon tumanining boy odamlaridan biri Rahmiddinboy Mirzayev vafot etgandi, shuningdek Bo‘ston tumanida MChJ rahbari o‘z joniga qasd qilgandi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter