Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda MChJ rahbari 60 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

Andijonda MChJ rahbari 60 ming dollar olgan vaqtida ushlandi

Foto: DXX

Davlat xavfsizlik xizmatining Andijon, Jizzax, Samarqand va Xorazm viloyatlari bo‘yicha Boshqarmalari xodimlari tomonidan boshqa huquq-tartibot idoralari xodimlarini jalb etgan holda noqonuniy yer sotish bilan bog‘liq bir nechta holatlarga chek qo‘yildi.

Xususan, Andijon shahridagi mas’uliyati cheklangan jamiyatlardan birining rahbari o‘zganing ishonchiga kirib, unga 6 gektar maydonda 240 ta do‘kondan iborat bo‘lgan savdo kompleksining qurilish ishlari o‘zi rahbarlik qilayotgan MChJ tomonidan amalga oshirilayotganligini aytib, 10 ta savdo do‘konini sotishini hamda mansabdor tanishlari orqali do‘konlarning kadastr hujjatlarini va shahar hokimining tegishli qarorini chiqartirib berishini bildiradi.

U buning evaziga 117 ming AQSh dollari so‘rab, oldindan 60 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Jizzax viloyatida kuzatilgan holatda esa Zomin tumanida yashovchi, 1987-y.t. fuqaro yer maydonlarini sotishga vakolati bo‘lmasada, o‘zganing nomida bo‘lgan fermer xo‘jaligining 50 gektar lalmi yer maydonini viloyat hokimligi va kadastr tizimidagi tanishlari orqali rasmiylashtirib berish evaziga xaridordan 250 mln. so‘m olgan vaqtida ushlandi.

Shuningdek, Samarqand viloyatida ham bu borada tezkor tadbir o‘tkazildi. Unda Samarqand shahridagi advokatlik byurosi advokati o‘ziga ijara huquqi asosida berilgan Jomboy tumanidagi 4 gektar yer maydonini xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga undan 23 ming AQSh dollari talab qilib, oldindan 15 ming dollar olgan vaqtida ushlandi.

Xorazm viloyatida qayd etilgan holatda Hazorasp tumanida yashovchi 1959-y.t. fuqaro aldov yo‘li bilan o‘zganing ishonchiga kirib, aslida tuman hokimligi zaxirasida bo‘lgan 6 sotix yerni go‘yoki o‘ziniki ekanligini aytib, ushbu yer uchastkasini unga 10.500 AQSh dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat Kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring