Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijonda innovatsion energetik poligon yaratilmoqda

Andijonda innovatsion energetik poligon yaratilmoqda

Foto: «Xabar.uz»

Andijon shahar Innovatsion texnologiyalarni joriy etish markazida O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi hamda oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot institutlari bilan hamkorlikda yaratilgan innovatsion texnologiyalarni joriy etish poligoni Marhamat tumanida tashkil etilmoqda.

Innovatsion rivojlanish vazirligi tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bu loyihaning asosiy maqsadi fermerlar uchun maslahat markazi yaratib, unda qator innovatsion energetik qurilmalar yasash va ishga tushirishni amalda o‘rgatish, buning uchun doimiy-davriy ravishda anjumanlar o‘tkazishdan iborat. Yaratilgan qurilmalar import o‘rni bosishi va mahalliy xomashyodan yaratilishi ko‘zda tutiladi. Bu qurilmalar aynan foydalanuvchilar uchun hamyonbop darajada arzon va samarador bo‘lishi, fermerlar muammolarini bataraf etishda hizmat qilishi rejalashtirilgan. Poligon yosh olimlar, ixtirochilar uchun tajriba maydoni sifatida shakllanib, yangi ixtirolar, eksponatlar bilan doimo boyitib boriladi. Tashabbusda Andijon oliy o‘quv yurtlari, Toshkent davlat texnika universiteti olimlari faol qatnashmoqdalar.

Innovatsion poligon, asosan to‘rtta yo‘nalishga qaratilgan:

1. Qayta tiklanuvchi energetika manbalari — mikroGESlar yaratish. Bunda mikroGESlarning uchta turi yaratilib, namoyish qilinadi. Charxpalakka asoslangan eng sodda mikroGESdan 10 kVTgacha elektr energiyasi olish mumkin bo‘lib, uni fermerlar o‘zlari yarata olishi ko‘zda tutilgan. Foydali ish koeffitsiyenti yuqoriroq bo‘lgan ikkinchi MikroGESni yaratish biroz murakkabroq, u 37 kVtli elektr energiyasi beradi va ma’lum darajadagi nazariy hisob talab qilib, muayyan sharoitli sharsharaga o‘rnatiladi. Tez kunlarda ishga tushiriladigan Gidroturbinaga asoslangan 50-80 kVtli samarador mikroGESni yaratish murakkab va yuqori darajadagi nazariy-amaliy hisob-kitob talab qiladi.

2. Qayta tiklanuvchi energetika manbasi sifatida xorijda tobora keng tarqalayotgan Biogaz qurilmasini yaratish sohasida izlanishlar olib borilmoqda. Poligonda 1.5 va 22 metr kub hajmli ikkita biogaz qurilmasi o‘rnatilib, unda eyxorniya va amarant o‘simliklaridan biogaz olish, amaldagi hayvon go‘ngidan olingan biogaz miqdorida bir necha marta arzon va samarador ekanligi amalda ko‘rsatiladi.

3. Respublikada zamonaviy sanoat usulida omuxta yem ishlab chiqarishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi hukumat qarori (VMQ–312, 27.04.2018-y.)ni bajarishda innovatsion yondashuv. Qarorda «354,0 ming tonna granulalangan va ekstrudirilgan zamonaviy omuxta yem ishlab chiqarish» rejalashtirilgan. Markazida bu qarorni yanada samarador bajarish uchun ilmiy asoslangan yangi turdagi yem texnologiyasi joriy etiladi. Amarant va eyxorniya o‘simliklari asosiy tarkibi bo‘lgan bu ozuqaning oqsil va moylilik miqdori amaldagi yemga qaraganda kamida uch marta yuqori va eng muhimi yem tannarxi ikki marta kam bo‘ladi.

4. Yangi turdagi qurilish mahsuloti — pavloniya yog‘ochini ommalashtirish. O‘lkamizga Kaliforniya teragi kirib kelgach, barcha teraklar ekologiyani buzuvchi, allergik kasal chaqiruvchi popuk (pux) tarqata boshladi. Markazimizda pavloniya daraxtini ko‘paytirish laboratoriyasini yaratish asosida mavjud teraklarni bosqichma-bosqich pavloniyaga almashtiriladi. Bu loyiha joriy etilgach, yog‘ochsozlik sohasi arzon, mukammal, sifatli mahsulotga ega bo‘ladi. Natijada, besh yildan so‘ng mamlakatimizda yog‘och importi keskin qisqaradi.

Poligonda olib borilayotgan yana bir yo‘nalish, sug‘orish tizimidagi innovatsion izlanishlardir. Hozirda sharsharali ariqlarning faqatgina oqim kuchidan foydalanib, suvni xarajatsiz yuqoriga ko‘taruvchi gidrotaranlarning turli modifikatsiyalari namoyish qilinadi. Bundan tashqari, sharsharasiz oqim suvning energiyasidan foydalanib, suvni yuqoriga ko‘tarish qurilmalari ham yaratilib, ishga tushirildi. Bu unchalik katta bo‘lmagan yer maydonlarini sarf-xarajatsiz sug‘orish imkonini beradi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring