Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Andijon shahar hokimining fuqaroni bo‘ralatib so‘kkani tasdiqlandi

Andijon shahar hokimining fuqaroni bo‘ralatib so‘kkani tasdiqlandi

Avvalroq Andijon shahar hokimiga tegishli ekani aytilgan audioyozuv tarqalgan edi. Ushbu audioyozuv yuzasidan Andijon viloyati hokimligi matbuot xizmati munosabat bildirdi.

«Yuqoridagi holat viloyat hokimligi tomonidan o‘rganilgan. O‘rganish ishlari davomida tarqalgan audioyozuv haqiqatdan ham Andijon shahar hokimi Bahromjon Haydarovga tegishli ekanligi o‘z tasdig‘ini topdi.

Shuningdek, fuqaro tomonidan aytilayotgan ijara haqqi va uyini tiklash to‘g‘risidagi holat yuzasidan o‘rganishlar davomida fuqaro O.N istiqomat qiladigan A. Navoiy shox ko‘chasi 57-sonli ikki qavatli uyi snosga tushganligi, hozirgi kunda «Sulton xaus» MChJ qurilish firmasi tomonidan shu joyga ko‘p qavatli uy-joy majmuasini qurilish ishlari olib borilayotganligi sababli, fuqaro O.N ijaraga chiqarilib, unga ijara pullari doimiy ravishda to‘lab kelinmoqda.

Bundan tashqari, fuqaro O.N Andijon shahar hokimiga doimiy ravishda (kunu-tun) 10-15 marotabadan telefon qo‘ng‘iroqlarini amalga oshirib, 2-xonali 52 kv.metrdan iborat bo‘lgan xona joyiga «Sulton xaus» MChJdan shahar markazidan 400 kv.metrdan iborat bo‘lgan uy-joy va Jentra avtomobili undirib berishini aytib, shahar hokimini doimiy obro‘sizlantirib kelgan.

Vaholanki ushbu fuqaro O.Nning ushbu xonadonga nisbatan uy-joyga bo‘lgan egalik huquqi mavjud emasligi ma’lum bo‘ldi. Aslida esa uy-joy onasining nomida ekanligi va «Sulton xaus» MChJ qurilish firmasi hamda fuqaro O.Nning onasi o‘rtasida o‘zaro kelishgan holda yangi qurilayotgan uy-joydan xonadon ajratib berish haqida kelishuvga erishilgan.

Bugungi kun holatiga fuqaro O.Nning onasi (uyning asl egasi)ga ijara uchun to‘lanishi lozim bo‘lgan pullar to‘laligicha to‘lab berilgan.

Bundan tashqari Andijon shahar hokimining fuqaro bilan muloqoti davomida ishlatgan haqoratli so‘zlari uchun Andijon viloyati hokimligi tomonidan alohida huquqiy baho berilishini ma’lum qilamiz», deyiladi viloyat matbuot xizmati xabarida.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring