Amnesty International xalqaro tashkiloti Rossiyada «qora ro‘yxat»ga kiritildi

Rossiya Bosh prokuraturasi Amnesty International xalqaro inson huquqlari tashkilotini «nomaqbul» deb topdi.
RF Bosh prokuraturasining iddao qilinishicha, inson huquqlari tashkilotining Londondagi shtab-kvartirasi «Kiyev rejimi ittifoqchilari tomonidan moliyaviy qo‘llab-quvvatlanadigan global rusofobik loyihalarni tayyorlash markaz» bo‘lib, uning a’zolari «mintaqadagi harbiy qarama-qarshilikni kuchaytirish uchun barcha imkoniyatlarni, jumladan, Ukraina neonatsistlari jinoyatlarini oqlash, ularni moliyalashtirish, Rossiyani siyosiy va iqtisodiy ihotalashga urinish kabilarni ishga solmoqdalar».
Idora axborotida, shuningdek, tashkilot a’zolariga «ekstremistik tashkilotlarni qo‘llab-quvvatlaganlik» va «xorijiy agentlar faoliyatini moliyalashtirganlik» ayblovlari ham qo‘yiladi.
Euronews’ning yozishicha, bu 2022-yildagi Ukrainaga keng miqyosli bosqindan keyingi mamlakat ichkarisida jurnalistlar va huquq himoyachilariga nisbatan kuchaygan repressiyalarning navbatdagi bosqichidir.
Amnesty International tashkilotining «qora ro‘yxat»ga kiritilishi bu mamlakatda uning faoliyati cheklanishini va u bilan hamkorlik qilgan yoki uni qo‘llab-quvvatlaganlar jinoiy javobgarlikka tortilishi mumkinligini anglatadi.
Ma’lumot uchun, Amnesty International tashkiloti 1961-yilda tashkil topgan. O‘shandan beri uning a’zolari butun dunyoda inson huquqlarini monitoring qilib keladi. Faollar qonunbuzarliklarni hisobotlarga to‘playdi.
Tashkilot, jumladan, Ukrainadagi urush davridagi harbiy jinoyatlarni kuzatib boradi va G‘azo sektoridagi vaziyat haqida hisobotlar chiqaradi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter