Amersfort konslageridagi o‘zbek asirlari qahramonligi haqida hujjatli film ishlanmoqda
Samarqandda Ikkinchi jahon urushi davrida yuz bergan tarixiy voqealar haqida hikoya qiluvchi hujjatli kinoasarni suratga olish ishlari boshlandi. Bu haqda «O‘zbekkino» milliy agentligi matbuot xizmati xabar qildi.
Mazkur film 1941-yilda Smolensk ostonasida asir tushgan va Gollandiyaning Amersfort konslageriga jo‘natilgan 101 nafar o‘zbek o‘g‘loni haqida hikoya qiladi. Yigitlarni natsistlarning g‘oyaviy rahnamolaridan biri - Gebbelsning shaxsiy topshirig‘iga binoan, nemis askarlari «yovvoyi xalqlar» bilan qanday kurashayotgani haqidagi targ‘ibot filmini suratga olish uchun tayyorlashadi. Gitlerning Sovet Ittifoqini yashin tezligida bosib olishga qaratilgan rejasi barbod bo‘lgach, ushbu asar nemis askarlarining tushkun ruhini ko‘tarishi, raqiblarning «qanchalik nochor va insoniylikdan yiroq» ekanini ko‘rsatishi lozim edi.
Ana shu maqsadda natsistlar 101 nafar o‘zbekistonlik asirni tanlab olishdi va ularga ma’lum vaqt mobaynida ovqat berishmadi. Nemislarning suratga olish guruhi yetib kelganida, ochlikdan sillasi qurigan o‘zbek asirlarining oldiga bitta buxankani irg‘itishadi. Ularning nazarida asirlar bir burda non uchun bir-birini g‘ajishga tayyor turishi kerak edi. Ammo, hammasi boshqacha tus oldi. O‘zbeklar nonni teng bo‘laklarga taqsimlab, bir-birlariga uzatishdi.
Natsistlar bundan g‘azabga minishdi. Asirlarni rosa tepkilashdi, keyin esa, otib tashlashdi. Shu tariqa Gebbelsning vahshiyona rejasi yo‘qqa chiqdi.
Amerfort lagerida halok bo‘lgan 101 yigit frontga Samarqand viloyatidan borgani taxmin qilinmoqda. Shu bois, «O‘zbekkino» Milliy agentligi tomonidan gollandiyalik kinematograflar bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan ushbu loyiha Samarqand viloyati hokimligi tomonidan moliyalashtirilmoqda.
Bu tarixiy voqeani gollandiyalik jurnalist Remko Reyding 20 yildan beri tadqiq qilib keladi. U ayni paytda O‘zbekistonga tashrif buyurib, insonparvarlik va qahramonlikni tasvirlovchi ushbu kinoasarni suratga olish jarayonida ishtirok etmoqda.
Mazkur hujjatli filmni Razika Mergenbayeva ssenariysi asosida rejissyor Shuhrat Mahmudov suratga olmoqda
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter