Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Konslagerdagi buxorolik ayollar, g‘alaba kunida yaralangan jangchi (foto)

Konslagerdagi buxorolik ayollar, g‘alaba kunida yaralangan jangchi (foto)

Ikkinchi jahon urushi yillarida Buxoro o‘zining 55 449 nafar asl farzandini frontga jo‘natgan. Shundan 176 nafari xotin-qizlar bo‘lgan. Ularning 28 146 nafarigina o‘z yurti omon qaytgan. Olovli jang maydonlarida 27 303 buxorolik Ikkinchi jahon urushi qurboniga aylangan.

Vafot etganlarning 13 669 nafari frontda qahramonlarcha halok bo‘lgan bo‘lsa, 13 634 nafari bedarak yo‘qolgan. Og‘ir yillarda 11 193 nafar keksayu-yosh buxoroliklar front ortidagi mashaqqatli, urush davri uchun o‘ta muhim bo‘lgan ishlarga jalb qilinishgan.

Hozirda Buxoro viloyatida 7 nafar ikkinchi jahon urushida fashizm ustidan g‘alaba qozonishga munosib ulush qo‘shgan nuroniylar umrguzaronlik qilib kelmoqda.

Ma’lumki, yurtimizda bayramlar arafasida keksalar holidan xabar olish, ularning ko‘nglini ko‘tarish hamda ularga har tomonlama yordam ko‘rsatish xalqimizga xos an’analardan biri. «Xotira va qadrlash kuni» munosabati bilan Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov hamrohligida jurnalist hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari va boshqa jamoatchilik vakillar 7 nafar nuroniylarning xonadonida bo‘lishdi.

«Yosh botir» ning botir otaxoni

Olot tumani, «Yosh botir» mahallasida istiqomat qilib kelayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Hojimurod ota Bektoshev bu yil 98 bahorni qarshi olgan. 1926 yilda tug‘ilgan otaxon urushda o‘qchi polkida xizmat qilgan. Polsha va Latviyani ozod etishda qatnashgan. Harbiy xizmatdan so‘ng Olot tumanidagi 1-umumiy o‘rta ta’lim maktabida o‘qituvchi bo‘lib ishlagan. 7 nafar farzandning otasi, 41 nevara, 30 chevaraning sevimli bobosi bugungi kunda yaqinlarining ardog‘ida.

«19 yoshimdan boshlab, urushda o‘qchi polkida xizmat qildim. Urushda ko‘p qiyinchiliklar ko‘rdik. Sovuq qish chillalarida qo‘lqopsiz qo‘llarimizga xuddi avtomatlar yopishib qolardi.  Issiq jaziramalarda esa qo‘l terilarimiz qo‘porilib tushar, shundoq kaftimiz go‘shtlari lipillab turardi. Tirnoqlarimiz og‘riqlardan ivib tushardi. Shunday paytlarda ham irodamizni butun tutardik. Chekinish xayolimizga ham kelmasdi. «Tanasida joni bor, qimirlay oladigan kishi borki, tomchi qoningiz qolgunga qadar dushmanga qarshi olg‘a!»-degan da’vat va chaqiriq bizga kuch bag‘ishlardi»,- Hojimurod Bektoshev.

Urush qatnashchisining so‘ziga ko‘ra, u harbiy xizmatni 98-zaxira o‘qchi polkida o‘qchi lavozimida boshlagan. U urushdan so‘ng yana uch yil urush talofatlari yetgan manzillarda qurilish-tiklash otryadlarida xizmat qilgan. 26 yoshida Buxoroga qaytgan. Maktabda 45 yil o‘qituvchilik qilgan.

«Xotira va qadrlash» kuni munosabati bilan otaxonning uyi yanada gavjumlashdi. Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Hojimurod otaga sog‘ligini tiklashi uchun doimiy mas’ullar biriktirildi.

Buxoro shahridagi «Shirbudin» ko‘chasida yashovchi Ikkinchi jahon urushi ishtirokchilari Rayde Resutova hamda Katize Menseitovalar 1941-1945-yillarda Leningrad shahri qamali davrida shahar korxonalari, muassasalari hamda tashkilotlarida ishlashgan.

Fashistlar konslagerida bo‘lgan ayollar

«Men, aslida, Qrim Respublikasi Ichkin tumanidagi Berunya Besut qishlog‘ida 1930-yilda tug‘ilganman. Urushdan so‘ng Buxoroga kelganman. Germaniyaning Gannover shahridagi fashistlar konslagerida Branщyevoy temir beton zavodida ishlaganman. Juda og‘ir yillar edi. U kunlarni yodlash, xotirlash va yoshlarga so‘zlab berish biz uchun farz. Lekin so‘zlash ham qiyin, juda qiyin. Tasavvurlaringga sig‘maydi, hatto. Tinchlik bo‘lsin dunyoda, urush bo‘lmasin!»-so‘zladi Rayde Resutova.

Katize Menseitova ham Qrimda dunyoga kelgan. Germaniyaning Gannover shaxridagi «Getto» fashistlar konslagerida onasi bilan bo‘lgan.

«Fashistlar konslagerida shafqat otlig‘dan nishon ham yo‘q edi. Jismoniy, ruhiy azob berishlari haqida so‘zlashni istamayman. Xuddi kechagidek esimda: bir burda qotgan nonni tikanli simto‘r ortida jon talashib yotgan 30-40 asirga qarab otishardi. «Hozir bir burda non uchun bir-birini o‘ldirishadi»,-deyishardi istehzoli kulgi bilan. Yo‘q. Ular o‘ylagandek bo‘lmasdi. Bir burda qotgan nonni ilib olgan asir uni to‘yib-to‘yib hidlab, hammaga  teng ulashardi. Ushoqdek-ushoqdek qotgan non ham jonimizga oro edi... Bugungi kunda esa sal suvi qochgan yoxud ozgina ko‘kargan nonlarni axlatxonalarga tashlab ketayotgan odamlarni ko‘rib, og‘rinaman. Insofga chaqiraman... Biz ko‘rgan og‘ir kunlarni hech kim ko‘rmasin»,-deydi Katize Menseitova.

Urushdan so‘ng har ikkala onaxon urush qatnashchilari o‘qituvchilik faoliyati bilan shug‘ullanishgan.

Oddiy askar Ahmad Muhsinov

«Oddiy askar Ahmad Muhsinov Prezidentimiz tomonidan berilgan pul mukofoti hamda sovg‘alarini qabul qiladi! O‘zbekiston Respublikasiga xizmat qilaman!»-deya tantanali so‘z va miyig‘ida kulgi bilan mukofotni olar ekan, xonadoniga kelgan mehmonlarni ichkariga taklif qiladi Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi.

 

Buxoro shahrilik urush faxriysi, ichki ishlar organlari faxriysi 101 yoshli Ahmad Muhsinov 1924-yilda tug‘ilgan. Mansabdor lavozimlarda ishlagan. Sport bilan doimiy shug‘ullangan. O‘z faoliyatiga qat’iyat va matonat bilan yondoshgan.

«Irodam butun, o‘zim tetik bo‘lsam ham, urush haqida so‘z ochilganda, hali-hanuz vujudim chayqalib ketgandek bo‘ladi. Har yili shu kunni ko‘z yosh bilan qarshilayman! Eh, bolam, shu kunlarga yetishga, qonli janggohlardan omon qaytishga ishonmaganmiz. Ko‘z oldimizda fashizmning qaqshatqich zarbasidan qaysidir frontdoshlarimizning boshi uchib ketib, tani jon talvasasida qiynalar, kimningdir qo‘li, bir daf’ada yana kimningdir oyog‘i uzilib, uchib ketardi»,-deydi suhbatdosh.

Ko‘ksini orden-medallar bezab turgan Ahmad Muhsinov navqiron 19 yoshida Buxoro shahridan harbiy xizmatga, aniqrog‘i, frontga yo‘l olgan. Urushdan so‘ng uning qariyb, 20 yillik faoliyati ichki ishlar tizimida kechgan.

«1947-yilgacha qirg‘inbarot janggohda, so‘ng Yevropaning turli davlatlarida armiya safida bo‘ldim. Xudoga shukur, jonajon Vatanimga sog‘-omon qaytish nasib etdi. Urushdan keyingi yillarda Buxoro davlat pedagogika instituti (hozirgi Buxoro davlat universiteti)ning tarix fakultetida tahsil oldim. Bir muddat o‘rta maktabda pedagog sifatida yoshlarga saboq berdim»,-deya so‘zida davom etadi, 101 yoshni qarshilagan otaxon Ahmad Muhsinov.

G‘alaba kuni yaralangan jangchi

Katta va ibratli hayot yo‘lini bosib o‘tgan Buxoro shahrilik Norboy ota Qarshiyev 1926 yilda Buxoro shahrida tug‘ilgan. 1944 yilning noyabr oyida Buxoro shahri GVK tomonidan harbiy xizmatga chaqirilgan. O‘qchi dviziyasida xizmat qilgan Norboy ota Berlin, Germaniya ostonalarida jang qilib, fashizm ustidan qozonilgan g‘alaba kunida o‘ng qo‘lidan jarohatlangan.

«G‘alaba qudrati shu qadar jismu-ruhimizga kuch bergandiki, men o‘shanda, hatto, og‘riqni ham sezmadim. Qo‘llarimdan tizzillab qon oqayapti, biz frontdoshlarimiz bilan bag‘irlashib, baqirishib,  bir-birimizni osmonlarga ko‘tarib otamiz... Yetkazganiga shukur!»-deydi otaxon.

Norboy ota Qarshiyev «Jasorat» medali, Ikkinchi darajali Vatan urushi ordenlari bilan taqdirlangan. Hozirda esa davlatimizning alohida e’tiborida yashamoqda.

Jangchi bog‘bon bobo

Peshko‘ tumanidagi «Talisobun» mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Nazar ota Sherov esa urushga jo‘nab ketgan paytida navqiron 18 yoshda bo‘lgan. U 1945-yil aprel oyiga qadar Ukraina frontida yigitlik burchini o‘tagan. Aynan shu vaqtda jang maydonida o‘ng oyog‘idan yaralangan. Bir muddat davolanib, yana frontga qaytgan. Ukraina, Polsha davlatlarini ozod etish uchun kechgan olovli janglarda qatnashgan.

Urushdan keyin uzoq yillar qishloq maktabida o‘qituvchilik qilib, hurmat-e’tibor topgan Nazar ota 10 nafar farzandni tarbiyalab, el qatoriga qo‘shgan. Ayni kunda bir etak nevara-evaralar qurshovida dorilomon kunlar shukronasi bilan yashamoqda. Nazar ota shu yoshda ham bog‘ yaratib, tomorqalarni yashnatishda o‘zi bosh-qosh. Uni nevara-evaralari «jangchi bog‘bon bobomiz» deya suyib, ardoqlashadi.

«Yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo‘lsin, – deydi Nazar ota qadoq qo‘llarini duoga ochib.—Bizni e’zozlaganlar hech qachon kam bo‘lmasin

102 yoshli urush faxriysi

Buxoro tumanidagi Arabxona qishlog‘ida qishlog‘ida istiqomat qilib kelayotgan Fayzullo bobo Hojiyev ham tabarruk yoshdagi otaxonlardan. Bu inson endigina yigirma yoshga kirganida Ikkinchi jahon urushiga yo‘l olgan. Ayovsiz janglarda uch bor yaralangan. 1945-yilda ona yurtga qaytib, xalq farovonligi yo‘lida mehnat qilgan. Besh o‘g‘il, besh qizning padari buzrukvori Fayzullo ota «Jasorat» medali bilan taqdirlangan.

Tabarruk 102 yoshni qarshilayotgan otaxon duoga qo‘l ochib, yurtga tinchlik, xalqqa farovonlik va baxt-saodat,  sog‘lik-omonlik tiladi.

«Xotira va qadrlash – xalqimizning asriy qadriyatlari, ulug‘ fazilatlaridan. El-yurtining tinchligi, osoyishtaligi, erki va ozodligi uchun kurashgan insonlar hamisha xalqimiz ardog‘idadir. Ana shunday mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganlarga, jang maydonlarida jonini fido qilgan bobolarimiz, sabr-bardosh bilan katta qiyinchiliklarni yengib o‘tgan nuroniy momolarimizni sharaflash, xotirasini abadiylashtirish, ularga g‘amxo‘rlik va e’tibor ko‘rsatish har birimizni burchimizdir»,-dedi Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring