Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Usmonov yana hotamtoylik qildi

Alisher Usmonov yana hotamtoylik qildi

Foto: Grigoriy Sisoyev/RIA Novosti

Milliarder Alisher Usmonov Xalqaro olimpiya qo‘mitasiga 8,8 million dollarlik tarixiy hujjat qo‘lyozmasini sovg‘a qildi.

1892-yil 25-noyabrda zamonaviy Olimpiya harakatining g‘oyaviy otalaridan bo‘lmish Per de Kuberten Parijda dasturiy bayonot beradi. U 14 sahifalik ma’ruzasida millatlararo do‘stlikni mustahkamlash uchun olis o‘tmishda Yunon zaminida o‘tkazilgan Olimpiada o‘yinlarini tiklashni taklif etadi.  Per de Kubertenning ushbu tarixiy ma’ruzasidan ikki yil o‘tib, Olimpiada o‘yinlarini tiklash haqida qaror qabul qilinadi. 1896-yili Afinada ilk zamonaviy bellashuvlar tashkil etiladi.

XIX asrga oid ushbu ma’ruza qo‘lyozmasi o‘tgan yili Nyu-Yorkda kimoshdi qo‘yildi. Savdolar chog‘i qo‘lyozma bahosi 1 million dollardan 8,8 million dollarga qadar ko‘tarildi.  Pirovardida, asli o‘zbekistonlik milliarder Alisher Usmonov uni sotib oldi. 

Tarixiy qo‘lyozmani qabul qilib olgan Xalqaro olimpiya qo‘mitasi prezidenti Tomas Bax A.Usmonovga saxovatpeshaligi uchun minnatdorlik bildirdi. Hujjat Shveysariyaning Lozanna shahridagi Olimpiya muzeyi xazinasida saqlanadi.

Alisher Usmonov avval ham shu kabi hotamtoylik namunalarini ko‘rsatgan.

Biologiya va tibbiyot yo‘nalishida Nobel mukofoti sovrindori Jeyms Uotson 2014-yili nufuzli mukofot medalini kimoshdiga qo‘yadi. Olim Nobel medali sotuvidan tushgan mablag‘ni ilmiy izlanishlarga sarflashni niyat qilgan edi. O‘shanda ham Alisher Usmonov kimoshi savdosida Nobel mukofoti medalini 4,8 million dollarga sotib olib, Jeyms Uotsonning o‘ziga hadya qilgan edi.

Alisher Usmonov – ko‘p yillardan buyon Rossiyada yashab kelayotgan milliarder, USM Holdings shirkati asoschisi va bosh aksiyadori. U, shuningdek, «Metalloinvest», Mail.ru Group, «Megafon», DST Global, «YuTV Xolding», «STS Media» kabi shirkatlarda ham ulushga ega. Forbes jurnali A.Usmonovning bisotini 12,5 milliard dollar deb baholagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring