Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Alisher Qodirov Jinoyat kodeksiga yangi bob qo‘shishni taklif qildi

Alisher Qodirov Jinoyat kodeksiga yangi bob qo‘shishni taklif qildi

Prezidentlikka nomzodi ilgari surilgan Alisher Qodirov Jinoyat kodeksiga «Kelajakka xiyonat» degan yangi bob kiritishni taklif qildi.

«Ta’lim-tarbiya kelajak shakllanadigan soha. Bu yerda kelajakni shakllantiradigan fidoyilar ishlaydi va ular qahramonlardir. Shu bilan birga sohada kelajakka xiyonatchilar ham aralashib yuribdi. Bolani sog‘lom, tarbiyali va bilimli bo‘lishini tashkil qilishdek mas’uliyat yuklangan inson bolalar ozuqasini o‘g‘irlasa, sifatlisini «vijdonsizlarcha» o‘zi yeb, bolalarga qoldiqlarini yoki eskiroqlarini yedirib yuborsa.

Bilim o‘rniga bolalar tafakkuriga «xatolar paketi» yoki «bo‘shliq»ni joylasa. Pulini olib, qulab tushadigan ko‘prikni loyihalaydigan muhandisga «a’lo»ni bosib bersa... Bu toifa inson bu qadar mas’uliyatli joyda nima qilib yuribdi, degan savol tug‘ilishidek tabiiy nima bor?

Men Jinoyat kodeksiga “Kelajakka xiyonat” bobini kiritishni va ushbu bobda bolalar bog‘chasi, maktab va oliygohlarda vazifasiga xiyonat qilayotganlar, bolalarimizning haqqi va vaqtini o‘g‘rilayotganlarga nisbatan choralar belgilanishini taklif qilaman.

Takror aytaman, bu sohada qahramonlar ishlashi kerak. Va ularning maoshlari ham, mehnat sharoitlari ham eng yuqori darajada bo‘lishi shart», deb yozgan «Milliy tiklanish» partiyasi rahbari.

Eslatib o‘tamiz, yaqinda Oqqo‘rg‘ondagi bog‘chada bir necha bola ovqatdan zaharlanib, shifoxonaga yotqizilgandi. Alisher Qodirov ushbu hodisadan keyin shunday munosabat bildirdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring