Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Al-Jazira» Isroil ustidan xalqaro sudga ariza berdi

«Al-Jazira» Isroil ustidan xalqaro sudga ariza berdi

BMT Shirin Abu Aqlahning o‘ldirilishini keskin qoralagan.

Foto: Al Jazeera

Qatarning «Al-Jazira» (Al Jazeera) telekanali jurnalist Shirin Abu Aqlahning o‘ldirilishiga doir ish bo‘yicha Isroil ustidan Haagadagi Xalqaro jinoiy sudga da’vo arizasi kiritdi. Bu haqda kanal ma’muriyati xabar berdi.

«Al-Jazira» huquqshunoslari ko‘plab hujjatlar, guvohlarning so‘zlari va sud ekspertizasi natijasiga tayanib, Shirin Abu Aqlah bevosita Isroil harbiylari tomonidan o‘ldirilgan degan xulosa kelgan.

Qayd etilishicha, Isroil harbiylari jurnalistga qarata qasddan o‘t ochgan. Bu o‘rinda ehtiyotsizlik ortidan otib qo‘yish ehtimoli istisno etilmoqda. Chunki jurnalist reportaj tayyorlayotgan hududda boshqa nishon bo‘lmagan.

«Ko‘plab guvohlarning ko‘rsatmalari, o‘ndan ziyod nufuzli axborot agentliklari, inson huquqari tashkilotlari va BMTning tekshiruvlari asosida Shirin Abu Aqlah Isroil askari tomonidan o‘ldirilgani tan olindi. Lekin bizning oila haligacha ajal o‘qini kim otgani va xolamning o‘limiga doir buyruqni kim berganidan bexabar», – deydi marhumaning jiyani Lina Abu Aqlah.

Falastin va AQSh fuqaroligiga ega Shirin Abu Aqlah «Al-Jazira»ning Yaqin Sharqdagi mashhur jurnalistlaridan biri edi. U joriy yil 11 may kuni Iordan daryosining G‘arbiy sohilidagi qochqinlar lagerida Isroil armiyasi reydini yoritish payti mergan o‘qidan halok bo‘lgan.

BMT Xavfsizlik kengashi muxbirning o‘ldirilishini keskin qoralab, ochiq hamda shaffof tekshiruv o‘tkazish va aybdorlarni jazolashni talab qilgan.

Isroil hukumati jurnalist Falastindagi qurolli shaxslar tomonidan o‘qqa tutilgani haqidagi taxminni ilgari surgan.

Joriy yil iyun oyida BMTning inson huquqlari bo‘yicha oliy komissari idorasi Shirin Abu Aqlahning o‘ldirilishiga doir tekshiruv natijalarini e’lon qilgan. Unga ko‘ra, jurnalist Isroil harbiylar tomonidan otilgan o‘qdan o‘lim topgan. 

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring