Al-Aqso masjidida navbatdagi provokatsiya...
Mutaassib kayfiyatdagi yahudiylar Isroil politsiyasi himoyasi ostida Sharqiy Quddusdagi Al-Aqso masjidida provokatsion xatti-harakatlarni sodir etmoqda.
Bu gal mutaassiblar 29 sentyabrdan 6 oktyabrga qadar davom etadigan Sukkot bayrami bahonasida musulmonlar uchun muqaddas hududga bostirib kirishga uringan.
Quddus islom vaqfi ma’muriyatiga ko‘ra, Sukkotning beshinchi kuni mingdan ziyod yahudiy mutaassiblari politsiya himoyasida Al-Aqso masjidiga hujum uyushtirgan. Bu hol bayramning avvalgi kunlarida ham kuzatilgan.
Politsiya mutaassiblarning hujumi payti falastinlik yoshlarning masjidga kirishini cheklab qo‘ygan.
Isroil va Iordaniya o‘rtasida 1994 yil 26 oktyabrda imzolangan bitimga muvofiq Al-Aqso masjidi Quddas islom vaqfi idorasi boshqaruvida.
Qolaversa, Isroil davlati tashkil etilgach, Quddusi sharifdagi musulmonlar, yahudiylar va nasroniylar uchun muqaddas sanaladigan hududlarga o‘tmaslik borasida o‘zaro kelishilgan.
Ammo keyingi yillarda Isroil politsiyasi mazkur bitim va kelishuvlarni buzgan holda Al-Aqso hududiga bir necha bor bostirib kirdi.
2021 yili Qadr kechasida Al-Aqsoga hujum uyushtirilgani musulmon olamida keskin e’tiroz uyg‘otgandi.
O‘shanda O‘zbekiston tashqi ishlar vazirligi ham vaziyat yuzasidan chuqur xavotir izhor etgandi.
«Tomonlarni zo‘ravonlikka chek qo‘yish, vaziyatni beqarorlashtirishdan saqlanish va bundan buyon qon to‘kilishiga yo‘l qo‘ymaslik hamda musulmon olami uchun muqaddas hisoblangan Iyd al-Fitr arafasida mojaroni hal etish bo‘yicha barcha imkoniyatlarni safarbar etishga chaqiramiz. Al-Aqso masjidi va Quddusdagi boshqa muqaddas qadamjolarning daxlsizligini – status-kvoga rioya etilishini ta’minlash zarur deb hisoblaymiz», deya bayonot bergan edi vazirlik.
Isroil politsiyasi o‘tgan yillar Ramazon oyidagi qilmishini bu yil ham takrorlagan.
Joriy yil boshida esa Isroil milliy xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir 50 yillik bitimni namoyishkorona buzgan holda, qo‘riqchilar hamrohligida Al-Aqso hududiga kirgan. Hatto Isroilning yaqin ittifoqchisi sanalgan AQSh ham bu o‘zboshimchalikni qoralagan.
Al-Aqso musulmonlarning uchinchi muqaddas masjidi sanaladi. Muhammad (s.a.v.) payg‘ambar bo‘lib kelganlarining dastlabki yillarida musulmonlar namozlarini ushbu masjid tomon yuzlanib o‘qiganlar. Bu jihatdan, Al-Aqso ilk qibla o‘laroq e’zozlanadi. Qolaversa, Isro kechasida Alloh taolo payg‘ambarimiz Muhammad (s.a.v.) Makkadan Quddusga – Al-Aqso masjidiga sayr ettirgan.
Eslatib o‘tamiz, Isroil Sharqiy Quddusni 1967 yili olti kunlik urushdan keyin bosib olgan. Xalqaro hamjamiyati qarshi chiqayotganiga qaramay, Isroil ma’muriyati Quddus to‘lig‘icha o‘ziga tegishli ekani va yaxlit poytaxt ekanini da’vo qilmoqda. Falastinliklar esa Sharqiy Quddus mustaqil davlatning bo‘lg‘usi poytaxti bo‘lishiga umid qiladi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter