AKT sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga imtiyozlar berildi
Shu yilning, 1 fevral kuni, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida «2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasi to‘g‘risida» 2022 yil 28 yanvardagi PF-60-son Farmonida hamda «Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari» tamoyiliga asosan ishlab chiqilgan yettita ustuvor yo‘nalishdan iborat 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida va uni «Inson qadrini ulug‘lash va faol mahalla yili»da amalga oshirishga oid davlat dasturida ko‘rsatilgan vazifalarni muddatda ijro etish va sifatli bajarish masalalari bo‘yicha soha korxona va tashkilotlari hamda hududiy boshqarmalar uchun videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Yig‘ilishni Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh. Shermatov o‘tkazdi.
Mazkur Farmonda Axborot texnologiyalari vazirligiga telekommunikatsiya infratuzilmasi, elektron hukumat, IT-industriyani rivojlantirishga oid 42 dan ziyod (14 ta bo‘yicha asosiy ijrochi va 28 ta tadbir bo‘yicha ham ijrochi), vazirlik va idoralarga esa 40 dan ziyod sohaga oid vazifalar belgilangan.
«Davlatimiz rahbari tomonidan AKT sohasiga alohida e’tibor qaratilmoqda. Operatorlar, provayderlar va kichik tadbirkorlik sub’yektlariga bir qator imtiyozlar berildi. 2025 yil 1 yanvarga qadar boshqa xizmatlar bilan bir qatorda kompyuter xizmatlarini ko‘rsatuvchi tadbirkorlik sub’yektlari uchun ijtimoiy soliq stavkasi 1 foiz etib belgilandi. 2022 yil 1 yanvardan mobil aloqa operatorlari uchun mobil aloqa xizmatlariga solinadigan aksiz solig‘i stavkasi 10 foiz etib o‘rnatildi, natijada mablag‘larni raqamli infratuzilmani yanada rivojlantirishga yo‘naltirish imkoniyatlari yaratildi.
2022 yil 1 apreldan boshlab qishloq joylardagi antenna-machtalar mol-mulk va yer solig‘idan ozod etildi. Telekommunikatsiya operatorlari va provayderlari tomonidan raqamli infratuzilmani joriy etish loyihalari doirasida olib kiriladigan texnologik uskunalar va qurilmalar bojxona boji to‘lovlaridan ozod etildi. Radiochastota spektridan foydalanuvchilarga radiochastota spektridan birgalikda foydalanish huquqi berildi. Davlatimiz rahbari shuncha imkoniyat yaratib bergandan keyin, aholiga sifatli va zamonaviy telekommunikatsiya va raqamli xizmatlarni ko‘rsatish hamda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun barcha imkoniyatlarni shu masalaga qaratishimiz kerak»,— dedi AKT vaziri Sherzod Shermatov.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter