Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Aksiyali reklamalar mashmashasi: o‘rmalab kirmagan qayer qoldi?

Aksiyali reklamalar mashmashasi: o‘rmalab kirmagan qayer qoldi?

«TIZER – o‘zing tanla! TIZER – ichdik. O‘ttiz ikkita jamoa yig‘dik, mana, mashina sohibi bo‘ldik. WF – energetik ta’mli ichimligini iching va yuzdan ortiq sovg‘alarga ega bo‘ling! WF – ichdik, mashina sohibi bo‘ldik. Mana haqiqat ekan ko‘rib turganingizdek... Smile tea aksiyasi yilning oxirigacha davom etadigan bo‘ldi. GESCO energetik ta’mli sharbatlari va Else tea  choylarini iching, «Omad shou»da ishtirok eting! Omadingiz kelsa, SPARK siznikida! Mana bitta sharbatga mashina yutib oldik, hamma tashkilotchilarga  rahmat!»

Bugun mana shunday sovg‘a-salomli reklama roliklariga ko‘zimiz ham, o‘y-xayollarimiz ham ancha o‘rganib qoldi. Bunday olib qaraganda yaxshi-da, bitta yoki bir nechta sharbat ichib, yomg‘ir-qorda, issiq-sovuqda yayov yurgandan ko‘ra uzog‘ingni yaqin qiluvchi mashinali bo‘lsang! Omad kelsa, albatta.

Taassufki, reklama deganda, radio-televideniyeda, gazeta-jurnallarda, turli plakat va rasmlarda (so‘nggi yillarda bu safga internet ham qo‘shildi) biror mahsulotning sifati yoki tovarning o‘ziga xos tomonlarining bevosita keng jamoatchilik e’tiboriga havola etilishi, tavsiya qilinishini  tushunamiz. Zaruratga qarab kerakli reklamani e’tibor berib, diqqat  bilan kuzatamiz. Ammo keyingi paytlarda reklama roliklarining ba’zilarini «Olamshumul shou»larning parchasidek tomosha qilish mumkin. Ayniqsa, sovg‘a-salomli, aksiyalilarini. Avvallari biror mahsulotni «Aksiyada oling» deyishsa, arzonroqqa xarid qilganimizga suyunardik. Hozirchi, aksiyali desa narxi o‘sha-o‘sha, ammo sovg‘asi borligini tushunadigan bo‘lib qoldik.

Yoqtirgan dastur, kino, serialimizning qiziq joyida shartta uzib, reklama berilsa biroz tajanglashamiz, biroq mashinamiz bo‘lsa ham, maishiy texnikalardan kamimiz bo‘lmasa ham, «Menam bitta olsammikin, omadim chopsa... yana bitta bo‘lsa ziyoni yo‘q» degan o‘y o‘tadi xayolimizdan. Sovg‘a-salomli reklamalar ko‘rganimiz sayin kutilmaganda omad otimiz chopishini xohlaymiz. Keyingi paytda sovg‘a-salomli  reklamalar bolalarning ham o‘y-xayollarga kirib olganini aytmaysizmi?! «Oyijon, Smile tea olaylik, velosipedning bir qismi qoldi», «GESCO obering, «Omad shou»ga boramiz», «Okeyk»obering, «TIZER  obering» – oxirgi paytda bolalarning bu kabi xarxashalari «sovg‘a-salomli reklama»larga qarab o‘zgaryapti. Ularda yuz nag‘mayu janjal bilan xarid qildirgan yeguligu sharbatdan totinishdan ko‘ra aksiyadagi mashinani yutib olish  ishtiyoqi kuchli.

O‘g‘lim ham shunday sovg‘a-salomli mahsulotlar reklamasini televizor ichiga «kirib ketay» deb ko‘radi, ko‘chalarga ilingan bannerlar, hatto reklama yorlig‘i bor birorta mashina «zuv» etib o‘tib qolsa ham yuqoridagiga o‘xshash xarxashalar boshlanadi. Tinib-tinchimagan odamlar «Pul» degan «xrustyashki»ni ham o‘ylab topishganini aytmay ilojim yo‘q shu joyda. Do‘kondan ro‘zg‘orga zarur biror narsa xarid uchun kirsam kichkina o‘g‘lim «mashi puldanam bitta olaylik» deb qo‘shib qo‘yadi. Chunki «Pul»ning ichidan pul chiqadi-da. Aldagani bola yaxshi deganlaridek, unga ichidagi yegulikdan ko‘ra, shu «xrustyashki»ning narxiga yetmasayam pul chiqishi  qiziqroq.

To‘g‘ri ishlab chiqarishda, umuman, har qanday yangilikka original reklama kerak. Bizda hozir original reklamalarning aksariyatida, albatta, sovg‘a-salom bor. Ana shu mahsulot to‘plamidan tortib, zinama-zina avtomobilgacha.  Mana senga olam-olam aksiyali mahsulotlar, quchog‘ingga siqqanicha ol! Shu onda mashinali bo‘lib qol, omading kelsa, albatta.  «O‘zing tanla»  imkoning yetganicha ol, degandek.

Bir qo‘shnimning aytishicha, o‘g‘lining sinfidagi qaysidir bola boshqa bittasining nimasinidir olgan, o‘rtada dilxiralik bo‘libdi. Surishtira-surishtira sababini axiri topishibdi. Janjalning bir uchi «Tizer» qopqog‘i yo‘qolishiga borib taqalganiga nima deysiz? Ba’zan o‘zim ham  bolalarning o‘zaro suhbatlarida «Men o‘nta jamoa to‘pladim, har kuni bittadan sotib olaman», «Menda to‘rtta qismi bor SPARKning, yuztacha sotib oldimov, beshinchi qismi chiqmayapti», «Menda bu jamoadan uchta bo‘ldi, kimga kerak»  kabi gap-so‘zlar qulog‘imga tushib qoladi. Xo‘sh, bola pulni qayerdan oladi? Albatta, ota-onasi «Maktabda och qolmay biror yengil yegulik olsin», degan maqsadda bergan pullarni shunday sovuradi. 

Maktab ta’lim va tarbiya beradigan ulug‘ dargoh. Buni qarangki, shu ulug‘ dargohga ham «aksiyali reklamalar» mashmashasi o‘rmalab kirmoqda. Bu farzandlarimizni maktabda bilim olish, o‘qib-o‘rganish maqsadidan chalg‘itmasligiga kim kafolat beradi? Bitta qopqoq uchun tortishib qolish qaysi odob me’yorlariga to‘g‘ri keladi? Deylik, qaysidir bolaning omadi kelib biror sovg‘ani qo‘lga kiritsa, uning tengdoshi shunchaki havas bilan boqishi barobarida «o‘qimasa ham biror narsaga erishish mumkin ekan-ku» degan fikr xayolidan o‘tadi-ku. Ba’zan ana shu fikrning o‘zigina bolani bilim olishdan sovushi uchun, mushtumzo‘r bo‘lishi uchun ham yetarli.

Har qanday holatda bolani oqlashga bahona topiladi. Ammo kattalarnichi?.. Ana shunday «aksiyalar mashmashasi»ga mukkasidan ketgan kap-katta odamlarni nima deb oqlash mumkin. Yaqinda kursdoshlarimdan biri telegramda qoldirgan rasm va yozuvni ko‘rdim. Unda ulgurji savdo do‘konlaridan odamlarning aksiyali ichimliklarni bloklab, mashinalab sotib olish uchun uzun navbat kutayotgan holati tasvirlangan. Rasmning tagida do‘konda ko‘rgazmadagi ichimlik qopqoqlarining hammasini kimdir ochib, yana qaytib burab qo‘yib sotuvchini «chuv» tushirgani haqida ming bir taajjub bilan, biz qay tomon, qay manzilga qarab ketyapmiz, degan mazmundagi izoh ham qoldirilgandi.

Bobom yoshligimizda biror pishgan meva yo yegulikni, yangilik, deya keltirardi. Oyim hammamizga ulashib qolganini ertangi kunga olib qo‘ysa, bobom «Hammasini bolalarning oldiga qo‘ying, kelin. Katta-katta yeb to‘yib turib ketishsin, iligiyam, ko‘ziyam to‘q bo‘ladi» derdi. Endi o‘ylab ko‘rsak, ochiqqan desak noto‘g‘ri bo‘lar, chanqagan odam nechta ichimlik ichishi mumkin? Bir blokmi yo bir mashinami?  Menimcha, bitta kishiga yarim litrli qadoqdagi suv kifoya qilsa kerak. Yana bir jihat, ba’zi energetik ichimliklar chanqoqni qondirishidan ko‘ra yurak urushining tezlashishi, qon bosimining ortishi kabi muammolar keltirib chiqarishini tajribalarda misollar bilan televizorda ko‘rsatishdi. Xo‘sh, shunday keyin aqli raso kattalarni ko‘zi och deymizmi yo nafsi...

Bir haftacha avval o‘g‘lim ham mahallamizdagi do‘konlardan birida aksiyali ichimlik qopqog‘ini tashlab ketish sharti bilan yarim puliga sotilayotganini aytib qoldi. «Buyam aksiyada, o‘g‘lim», deb qo‘ya qoldim.

Yaqinda bekatda bir voqeaning guvohi bo‘ldim. Shundoq yonimda avtobus kutayotgan ayollardan biri bekatdagi do‘kondan bitta ichimlik olib chiqdi. Yarim litrlik qadoqdagi suvni ochib ulgurmayoq yonidagi dugonasi «Qopqog‘ini bitta ko‘rsating, yutuq bormikin?» deb qoldi. Birinchi ayol o‘ylab ham o‘tirmay qopqoqni dugonasiga berdi-da ichimlikdan bir ho‘pladi-yu aftini bujmaytib «mazasi g‘alatimi», – dedi. – Voy, do‘konga kirib qopqoqni ko‘rsating, yana bitta beradi, – dedi chechanlik bilan hamrohi. – Yo‘g‘-e, o‘zi ta’mi g‘alati ekan, suvsaganim uchun, biror ichimlik bering, degandim sotuvchi qo‘limga shuni tutqazdi. Nima deb kiraman yana, – dedi ayol.  – Unda menga bering, – deb ikkinchi ayol qopqoqni olib minimarketga kirib, yana bitta xuddi shunaqa ichimlik olib chiqib, og‘zini ochdi. Qopqoqni tekshirar ekan, bunisida hech narsa chiqmadi, dedi-da idish og‘ziga burab qo‘ydi. Dugonasi, menikining qopqog‘i qani, dedi ajablanib, qopqoqni olib qoldi, bo‘lmasa yana bitta berarmidi, deya kuldi ikkinchi ayol. «Og‘zi ochiq ichimlikni nima qilaman endi, hozir avtobusga chiqsam to‘kilib hammayoqni rasvo qiladi», deya ayol ichimlikni tashlab yubordi. «Yutuq ichimlik»ni qo‘lga kiritgani esa sumkasiga sovoldi. Ana xolos, suvsagan kim bo‘ldiyu suv ichgan kim bo‘ldi. Nazarimda, «sovg‘a-salomli aksiya»lar mashmashasi birinchi ayol e’tiborini tortmagan. Yoki bunday «aksiya»lardan o‘zini baland tutadi. Ikkinchi ayol esa «sovg‘a-salomli aksiya»lar dengizidan qarmog‘iga nimadir ilinishiga orzumandligi barobarida yaxshigina surbetroq ham edi. Shunday vaziyatlarni o‘z ko‘zimiz bilan ko‘rib, guvohi bo‘lganda, bolalar-ku mayli bola, deymiz, kattalar ham ba’zida bolalardan battarda, degan xulosaga kelasan kishi.

Oramizda aynan «sovg‘a-salomli aksiya»lardan qimmatbaho sovg‘alar yutib olishning nimasi yomon, deydiganlar ham bor. Bu quvonarli hol. Shu o‘rinda shunday  «sovg‘a-salomli aksiya»larni tashkillashtirib, o‘z mahsuloti «bozorini chaqqon» qilayotgan tadbirkorlarning cho‘ntagiga ham baraka bersin. Ammo yana bir narsani bilamanki, ana shu barakadan ungan sovg‘alarga bo‘lgan qiziqish «sovg‘a-salomli aksiya»lar vasvasasiga aylanib qolmasligi kerak. Shu o‘rinda tadbirkorlarni ham ayblash fikridan yiroqman. Chunki bozorning asosiy tamoyillari talab va taklif hisoblanadi. Bu jarayonda ular o‘z nomi bilan tadbirkor. Chunki aholi o‘rtasida shunday «sovg‘a-salomli aksiya»larga qiziqish kattami, demak, shu mahsulot bozorchilar tili bilan aytganda «uchib» ketyapti.

Buvim yoshligimizda «Oson kelgani oson ketadi, bolam, peshona teri bilan topilgani shirin bo‘ladi» der edi. Bu gaplarimdan keyin, iya, qancha-qancha yurtdoshlarimiz televizordan tortib, muzlatkich, changyutgichu avtomobil, hatto uy ham yutib olishyaptiku, deydiganlar ham topiladi. Mayli, omadini bersin, xayrli bo‘lsin! Keling, shu qimmatbaho sovg‘aning egasi bo‘lib, xursandchiligini biz bilan baham ko‘rayotgan yurtdoshlarimizning quvonchlarini ularning qilgan qaysidir ezgu amallarining mukofoti deb bilaylik. Farzandlarimiz onggi-shuuriga ham shu ruhdagi tarbiyani singdiraylik. Toki, ko‘zguda o‘zimizni ko‘rib, o‘zimizning g‘ashimiz kelmasin.

Gulnoza Turg‘unboyeva

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring