«Ahmadboy»ning ko‘rinishi chakkimas: «o‘tirgan» odamga o‘xshamaydi-ya...
«Ahmadboy» nomi bilan tanilgan chinozlik Ahmadjon Tursunboyev va boshqalarga nisbatan navbatdagi sud majlisi bo‘lib o‘tib, sudlanuvchilarga tegishli jazo tayinlanganidan xabaringiz bor.
Hukmdan keyin «Ahmadboy»ning OAVga bergan qisqa intervyusi videosi tarqaldiki, unga ko‘zi tushmaganlar kam bo‘lsa kerak.
Xullas, A.Tursunboyev hukmdan rozi, shu bois yuqori sudga shikoyat qilmaydi. Shu barobarida qo‘yilgan ayblovga ham rozi emasdek: birovlarni aldamaganini, aldash niyati bo‘lmaganini qayta-qayta ta’kidladi (vaholanki, unga qo‘yilgan ayblovlar orasida «firibgarlik» alohida tosh bosmoqda!). Shuningdek, u «odamlarni boy qilgani»ga takror-takror urg‘u beradi (shu odamlarning puli sabab o‘zi «Ahmadboy»ga aylangani haqida churq etmaydi). Qilgan ishini to‘g‘ri deb hisoblaydi. Ammo uning «to‘g‘ri ishlari» amalda jinoyat bo‘lib chiqdi. Shu uchun jazo oldi. Jazodan esa... norozi emas.
Xullas, «Ahmadboy»ning bir gapi ikkinchisiga zid bo‘lgan intervyusining mag‘zi shu. Gap oxirida u mamlakat rahbaridan afv so‘raydi, gap yo‘q: bu — uning huquqi.
Eng e’tiborlisi «Ahmadboy»ning o‘zini tutishi: ancha bosiq, ruhan tetik, gaplari dona-dona. Tushkunlik yo‘q — kelajak maqsadlariyam katta. Ko‘rinishiyam chakkimas: (rang ko‘r — hol so‘r, dermidi?) uch yildan beri «o‘tirgan» odamga o‘xshamaydi-ya...
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter