Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Taniqli shaxslar Ahmadboydan «kuygani» ayon bo‘lmoqda

Taniqli shaxslar Ahmadboydan «kuygani» ayon bo‘lmoqda

Foto: Daryo

Ahmadboyning dong‘i chiqqan paytda «falon qo‘shiqchi shuncha pul tikibdi, falonchasi buncha moshinasini beribdi, falon aktyor...» degan mish-mishlar urchigandi. Vaqt o‘tib bu mish-mishlarning ayrimlari haqiqat bo‘lgani oydinlashmoqda.

Aktyor Mirolim Qilichev Ahmadboy sabab uch xonali uyidan ajralib, ko‘chada qolgani haqida gapirib berdi. Bu haqda u «Daryo»ga bergan intervyusida aytgan.

«O‘zi boshida Ahmadboy shov-shuv bo‘lib yurganida men ishonmay yurdim. Lekin kunlardan bir kuni teatrimizda do‘stimiz meni shu ishga ko‘ndirdi. O‘sha paytlarda Matiz rusumli avtomobilim bor edi. Men mashinamni to‘g‘ridan-to‘g‘ri Ahmadboyga emas, uning Rixsitilla degan shogirdiga berdim. Qarasak puli vaqtida berilyapti. Keyin yana bitta mashina bilan yig‘ib yurgan pulimizni berdik. O‘sha vaqtda Captiva-2 rusumli avtomobil endi chiqqan paytlari 30.000 AQSh dollariga sotib olgan edim. Ana shu Captiva-2 ni ham berdik.

Shunaqa biznes qilayotganimizda bir-ikkita do‘stlarimning orasiga ham kirdim. Bir-ikkita ustozlarga ham «pulingizni beraveringlar o‘rtada mana men turibman», deb yuboribman. Keyin esa Ahmadboylar qo‘lga olindi. Men esa atrofimdagilarga «men o‘rtada turibman» degan lafzim borligi uchun uch xonali uyimni sotib, bir kundayoq pulini ana shu lafz qilgan odamlarimga tarqatib chiqqanman.

Men o‘rtaga tushgan odamlarning oldiga borib, «Ahmadboyga qancha bergansiz», deganimda agar 7000 dollari berganman deyishsa, «maylimi mana shu bergan pulingizni o‘zini qaytarsam», deganimda ular ko‘nishmagan. «Yo‘q 7000 dollar berganmiz 8000 dollar qaytarishing kerak deyishgan». «Men o‘zimning yonimdan to‘layapman, ahvol mana bunaqa desam», «sen bizni to‘g‘ri tushun», deyishgan. Shundan so‘ng 7000 dollar berganlarga 8000 dollar, 5000 dollar berganlarga 6000 dollar qilib qaytarganman. Bir kunda uyning pulini tarqatib bo‘lganimdan keyin ham mayda-chuyda qarzlar qolib ketgan. U pullarni ham ishlab, to‘ylardan topib egalariga qaytarib berdim. Xullas, hech kimning oldida tilim qisiq bo‘lmadi. Lafzimga javob berib, o‘zim itdek qiynalsam ham pullarni ortig‘i bilan to‘ladim», degan Mirolim Qilichev.

Eslatib o‘tamiz, A.Tursunboyev jinoiy guruh rahbari sifatida moliyaviy piramida tashkil etganlikda gumonlanib, 2016 yilda hibsga olingan va Jinoyat kodeksining qator moddalari bilan aybdor deb topilib, jazoga tortilgandi. Sud unga uzil-kesil 1 yil muddatga tadbirkorlik bilan shug‘ullanish huquqidan mahrum qilingan holda 14 yil 4 oy ozodlikdan mahrum qilish jazo belgilagan.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring