Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Agrobank»: Oltiariqda mahallabay ishlar yuzasidan press-tur tashkil etildi

«Agrobank»: Oltiariqda mahallabay ishlar yuzasidan press-tur tashkil etildi

Farg‘ona, xususan Oltiariq deganda ko‘pchilikning ko‘z o‘ngida unumdor tuproq bilan do‘st tutinib uzum, bodring, turp yetishtirgan, qish bo‘lishiga qaramay, el dasturxoniga uzum va bodringni uzmasdan tortiq qilayotgan mirishkor dehqonlar gavdalanadi.

Joriy yilning o‘tgan davrida erishilgan yutuqlar bilan tanishtirish maqsadida Oltiariq tumaniga ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirokida press-tur tashkil etildi va «Mahallabay tizimida olib borilayotgan amaliy ishlarda «Agrobank» ATB ning ishtiroki xolis o‘rganildi. Ushbu tijorat bankiga respublikamizning 17 ta tumani biriktirilgan bo‘lib, bankning doimiy vakillari mahallalar kesimida uyma-uy yurib, aholini tadbirkorlikka jalb qilish va shu orqali yurtdoshlarimizning daromadini oshirishga ko‘maklashmoqda. Oltiariqning drayver sohasi bu uzumchilik. Shu bois moliyalashtirilayotgan loyihalar hajmining asosiy ulushi uzumchilik kooperatsiyalari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Dehqonchilik barakali soha. Faqat unda mehnatdan tashqari zarur resurslar ta’minoti ham muhim. Oltiariq tumanida ekin yerlari suv ta’minotini yaxshilash uchun umumiy qiymati 3,2 milliard so‘mlik loyihani amalga oshirishga kirishildi. Shundan 1 milliard so‘m «Agrobank» ATB tomonidan homiylik mablag‘i sifatida to‘lab berildi. Ushbu mablag‘lar hisobidan Bo‘rbonliq va Kattaqo‘rg‘on massivlarida 4950 metr masofaga beton ustunlar va transformatorlar o‘rnatilib, 7 ta suv qudug‘ida qazish ishlari to‘liq yakunlandi.

– Bir yilda yerdan uch marta hosil olamiz, misol uchun hozir karamni uzib olgach, pomidor, yeryong‘oq, keyin ko‘katlar yetishtiramiz, – deydi «Fayzli bog‘lar sari” koperatsiya rahbari Sardor Hakimov. – Biz yoshlarni ish bilan ta’minlashda ham hissa qo‘shish uchun 50 nafar yoshlarning har biriga 12 sotixdan yer ajratib berdik. Ularga biz ko‘chatlar, mahalliy o‘g‘itlar yetkazib beramiz. Evaziga esa yetishtirilgan mahsulotni o‘zim sotib olaman. Shunda bemalol eksport shartnomasi tuza olaman.

Oltiariqdagi 295,8 gektar maydon yer ajratish bo‘yicha tanlovga qo‘yilib, bugungi kunda 268 ta fukaroga Bo‘rbonliq va Povulg‘on massivlarida 10 sotixdan, Yangiobod massivida 16 sotixdan, yer maydonlari ajratib berildi. Bundan avvalo temir daftar, ayollar daftari, yoshlar daftariga kiritilgan fuqarolarning ishli bo‘lishi, manfaati ko‘zda tutilgan.

– Biz ham 370 tonnalik sovutgich qurib ishga tushirdik, –deydi «Oltiariq asl mevasi» MChJ rahbari Muhammad Tojimatov. – Gilosdan boshlab, o‘rik, shaftoli, anor va behi bilan mavsumni tugatamiz. Rossiya, Xitoyga, bu yildan esa Yaponiya va Ukrainaga eksportni boshladik. «Ayollar», «Yoshlar» daftariga kirgan o‘ndan ortiq qishloqdoshlarimizni ish bilan ta’minladik. Xo‘jalik ayni vaqtda «Agrobank»dan olingan kredit hisobidan uzoq yo‘lga qatnovchi shofyorlar uchun mehmonxona qurish, yangi tokzorlar barpo etish borasida ishlar olib borilmoqda.

Qayd etish kerakki, tumanda chorvachilik sohasi ham yaxshi rivojlanmoqda. Bunda esa «Ibodatxon Oltiariq savdo» fermer xo‘jaligining alohida ulushi bor. Bankdan olingan qariyb 3 millard so‘mlik kredit evaziga Fransiya va Germaniyadan 100 bosh atrofida naslli qoramol olib kelindi. Shuningdek, kuniga 35 tonna sutni qayta ishlab 16 turdagi mahsulot tayyorlanmoqda.

Hozirda hududdagi 55 ta fuqaroga 1 milliard 417 million so‘m issiqxonalar qurish uchun kreditlar ajratib berilgan bo‘lib, ushbu mablag‘lar hisobidan har bir 5 sotixdan iborat 55 ta issiqxona qurib bitkazildi. 22 ta fuqaroga 20 sotixdan tokzor barpo etish uchun 140 million so‘m kredit berildi.

Oltiariqqa safar chog‘ida OAV xodimlari tuman iqtisodi, hududning qishloq xo‘jaligi va sanoat tarmoqlari bilan bog‘liq imkoniyatlari bilan tanishdilar. O‘zlashtirilayotgan yangi tajribalar hududning so‘lim qiyofasi, odamlar dunyoqarashida ham o‘zgarishlar hosil qilayotganiga guvoh bo‘ldilar. G‘ayratli shu tuproqqa ta’zim qilib, undan duru gavhar undirayotgan oltiariqlik dehqon, bog‘bon va chorvadorlarning orzu niyatlari bilan tanishdilar. Zero, Oltiariqning tuprog‘i — zar, dehqoni — zargar, deb bejizga aytilmaydi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring