Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Afg‘oniston GTL zavodida ishlab chiqarilgan dizel mahsulotini ortga qaytardi

Afg‘oniston GTL zavodida ishlab chiqarilgan dizel mahsulotini ortga qaytardi

«O‘zbekneftgaz» rahbari Afg‘onistonga yuborilgan neft haqidagi xabarlarga izoh berdi.

«Shu o‘rinda bir masalaga to‘xtalib o‘tishni istar edim, biroz vaqt oldin OAVda bir xabar ko‘p aylandi, emishki biz Afg‘onistonga yuborgan neft sifatsiz bo‘lgani uchun ortga qaytarib yuborilgan ekan.

Bir narsani alohida ta’kidlab aytmoqchiman – «O‘zbekneftgaz» AJ Afg‘onistonga neft yubormagan, bu xabar noto‘g‘ri!», dedi Bahodirjon Sidiqov.

Qayd etilishicha, Afg‘onistonga yuqori sifatli dizel mahsuloti eksport qilingan, ammo bunday standart ularda yo‘q ekan.

«Ko‘rishingiz ham mumkin, GTL zavodida ishlab chiqarilgan dizel yuqori sifatli bo‘lib, EURO-6 standartlariga javob beradi. Uning ko‘rinishi ham deyarli suvdek, juda toza mahsulot. Shu mahsulot afg‘on bozoriga kirib borishi kerak edi, ammo ular tushunishmadi va qaytarishdi. Shunday bo‘lsa-da, bizda afg‘on bozoriga kirishga bo‘lgan urinish to‘xtab qolgani yo‘q, bu yo‘nalishda ishlashda davom etamiz.

Chunki afg‘on bozori bizga yaqin, raqobatchilarimiz esa uzoqdan kelishadi. Bu ham narxga ta’sir o‘tkazadi. Aslida bizning afg‘on bozoriga kirishimizdan manfaatdor bo‘lmagan tomonlar bor va ularning ta’sir kuchi ehtimolini ham unutmasligimiz kerak. Biz ulardan ko‘ra yaxshiroq shartlar bilan Afg‘onistonga kiryapmiz va raqobatchilarimiz bunga qarshilik qilmoqda», ta’kidlaydi «O‘zbekneftgaz» raisi.

Alohida ta’kidlanishicha, Afg‘onistondan qaytib kelgan mahsulot hech qayerga sotilgani yo‘q, maxsus saqlash joylarida turibdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring