AES va suv havzalari muhofazasi. Kamolga yetgan savollar
Atom reaktorlariga suv nima uchun kerak, AESlardan chiqqan suv turizm va sport uchun xavfsizmi, atom elektr stansiyalari o‘z atrofidagi bioxilma-xillikka ta’sir ko‘rsatadimi? Vengriyalik muhandis-energetik «Gazeta.uz» uchun intervyu berdi.
Jolt Xarfash — vengriyalik muhandis-energetik, turli yillarda Vengriya Iqtisodiyot va transport vazirligi, Atom tematikasi bo‘yicha Vengriya milliy rivojlanish vazirligida faoliyat ko‘rsatgan. 2009 yilda «Paksh» atom elektr stansiyasini kengaytirish to‘g‘risidagi parlament qarori va 2011 yilda qabul qilingan Vengriya energetika strategiyasini ishlab chiqishda ishtirok etgan.
— Suv VVER-1200 atom reaktorlariga nima uchun kerak?
— Suvning VVER turiga mansub reaktorlar uchun ikki asosiy vazifasi mavjud, ular — issiqlik almashish va sovitish.
AESning asosiy ishlash tamoyili quyidagicha: atom reaksiyasi natijasida katta miqdorda issiqlik ajralib chiqadi. Bu issiqlik suvni qizdirib, uni bug‘ holiga keltiradi. Bug‘ning bosimi ostida esa turbina aylanib, mexanik energiyadan elektr energiyasi hosil bo‘ladi.
Zamonaviy AESlarda ikki konturli tizim qo‘llaniladi: birinchi konturda reaktordan chiqqan suv yopiq holatda aylanib turadi, bunda suv nasoslar yordamida sirkulyasion harakatlanadi. Birinchi konturdagi issiqlik ikkinchi konturdagi suvga o‘tkaziladi, u yerdagi suv bir onda qaynab, bug‘ga aylanadi. Bug‘ esa turbinani harakatga keltiradi. Aylanma harakat turbina bilan umumiy valga o‘rnatilgan generatorda elektr energiyasini hosil qiladi. Turbinadan chiqqan bug‘ so‘ngra sovituvchiga tushadi va yana suyuq holatga qaytadi.
Qayd etish joizki, birinchi konturdagi suv ikkinchi konturdagi suv bilan mutlaqo aloqaga kirishmaydi. Bu esa AESlardan xavfsiz foydalanishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi va eng oxirida qabul qilib oluvchi suv havzalariga (hovuz, gradirnya, ko‘l) tashlanuvchi suvning radioaktiv ifloslanishini imkonsiz holga keltiradi.
— AESlarni suv havzalaridan uzoqroqda qurish mumkinmi?
— Mazkur maydoncha sharoitidan kelib chiqqan holda, atom elektr stansiyasidan chiqarib tashlash talab qilinuvchi issiqlikning oxirgi yutuvchisi sifatida bir necha usuldan foydalanish mumkin: agarda yaqin-atrofda katta suv oqimiga ega daryo yoki dengiz bo‘lsa, elektr stansiyasini sovitishda ular suvidan foydalanish mumkin va bu xavfsiz.
Masalan, Vengriyadagi «Paksh» AES maydonchasida sovitish uchun Dunayning chuchuk suvidan foydalaniladi. Bu suv foydalanib bo‘linganidan keyin o‘z tarkibini o‘zgartirmasligini qayd etish zarur, chunki u reaktor bilan hech qanday aloqasi bo‘lmagan konturda qo‘llaniladi.
Sovitish uchun yetarlicha miqdordagi chuchuk yoki dengiz suvi bo‘lmagan yerlarda «quruq» yoki «ho‘l» sovitish tizimiga ega gradirnyalardan (issiq suvni sovitadigan minorasimon qurilma — tahr.) foydalaniladi. Bu holatda sovituvchi suv gradirnya va kondensator o‘rtasida aylanadi. Shunday qilib, bug‘lanish vaqtida yo‘qotilgan suv o‘rnini yaqin-atrofdagi kichik suv manbalari hisobidan to‘ldirish imkon bo‘lsa, katta suv oqimlari va dengizlardan uzoqda ham atom elektr stansiyalaridan foydalanish mumkin.
— Har yili qancha hajmli ishlatilgan suv hosil bo‘ladi? Ishlatilgan suv tozalanadimi, uning keyingi taqdiri nima bo‘ladi?
— Atom elektr stansiyasi ishlatilgan suvni tozalash uchun ishonchli tizimga ega. Birinchi konturda ishlatilgan suvlar to‘liq qayta ishlanadi. Natijada radioaktiv ifloslanishdan to‘la holi kondensat hosil bo‘ladi va undan birinchi konturda takroran foydalaniladi.
VVER-1200 reaktorlariga ega ikkita blok uchun yiliga 88 ming kub metr oqar suv talab qilinishi mumkin va ular to‘liq tozalangani sababli atrof-muhit uchun hech qanday xavf tug‘dirmaydi.
«Paksh» AESda atrof-muhitga har qanday zararli moddalar tushishining oldini olish maqsadida doimiy ravishda ekologik monitoring, jumladan sovitishda qo‘llanilgan suvning daryoga tushishda belgilangan me’yordan ortib ketishi mumkin bo‘lmagan harorati monitoringi yuritiladi. Mazkur ekologik monitoring Vengriyaning vakolatli mahkamalari, jumladan atom nazorati bo‘yicha organlari, shuningdek suv xo‘jaligi nazorati sohasidagi idoralar tomonidan qat’iy nazorat qilinadi. Barcha ma’lumotlar AES va tegishli nazorat organlari saytlarida e’lon qilinadi.
— AES sovitish tizimlarida qo‘llanilgan suv suv havzalariga qaytariladimi?
— Bu bo‘lishi mumkin, chunki u tabiatga hech qanday xavf tug‘dirmaydi.
— AESdan chiqqan suvlar tushib turuvchi suv havzalarida suv bilan bog‘liq dam olish turlari va baliq ovlashni davom ettirish xavfsizmi?
— Ha, bu suvlardan sport va dam olish uchun foydalanish mutlaqo xavfsiz. Aynan shuning uchun, hech shubhasiz, suv bilan bog‘liq dam olish turlari va baliq ovlashni rivojlantirish kerak. Masalan, Vengriyada mahalliy baliq ovlovchilar Dunayning «Paksh» AESdan chiquvchi kanalning quyilish joyidan pastroqdagi qismida baliq tutish bilan faol shug‘ullanadi.
— AES o‘z atrofida biologik xilma-xillikka qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin? Tuzkon ko‘li va To‘dako‘l suv ombori (O‘zbekistonda AES qurilishi uchun istiqbolli maydonchalar sifatida tanlab olingan — tahr.) baliq xo‘jaligi uchun ahamiyatli, muhim ornitologik hududlar hisoblanadi. AES qurilishi va uning faoliyati suv havzalari ixtiofaunasiga ta’sir ko‘rsatadimi?
— Na qurilish, na elektr stansiyalaridan foydalanish yaqin-atrofdagi biologik xilma-xillikka, jumladan ornitofauna va ixtiofaunaga ta’sir ko‘rsatmaydi. AES atrofidagi himoya hududi yovvoyi tabiat osoyishtaligini to‘liq ta’minlaydi. Shuni ham qad etish muhimki, atom elektr stansiyasi o‘z faoliyati davomida karbonat angidrid gazi va boshqa ifloslantiruvchi moddalarni ajratib chiqarmaydi, shuning uchun undan foydalanish havo sifatiga ta’sir ko‘rsatmaydi.
MA’LUMOTNOMA: Tuzkon ko‘lini o‘z ichiga olgan Aydar-Arnasoy ko‘llar tizimi suvda suzuvchi qushlarning asosiy yashash manzili bo‘lgan xalqaro ahamiyatga ega suvli-botqoqli hududlar to‘g‘risidagi Ramsar xalqaro konvensiyasi ro‘yxatiga kiritilgan. Ramsar ro‘yxatidagi suv havzalari yaqinida joylashgan eng kamida yana bir atom stansiyasi Ukrainadagi Zaparoje atom stansiyasi Sobiq Ittifoq davrida qurilgan bo‘lib, «Yetti mayoq» qayiridan («Poyma Sem mayakov») taxminan 30 km masofada joylashgan.
— O‘zbekistonda AES qurilishi uchun tanlangan har ikki istiqbolli maydoncha suvi ham minerallashgan va sho‘r. Ularning suvidan sovitishda foydalanishda buning ahamiyati bormi?
— Sovitish uchun ham chuchuk, ham sho‘r suvdan foydalanish mumkin. Dunyodagi ko‘plab AESlar dengiz qirg‘og‘ida joylashgan va dengiz suvidan foydalaniladi.
— AES qurilishi va undan foydalanishda atrof-muhitga qanday xavflar mavjud va AES loyihasida bu kabi xatarlar qanday boshqariladi?
— Atom energetikasida xavfsizlik, jumladan atrof-muhit xavfsizligi har qanday masaladan ustun turadi. Atom elektr stansiyalarini qurish va ulardan foydalanishda barcha texnologik yechimlar va boshqaruv tizimlari mavjud, ular yordamida atrof-muhitga hech qanday ifloslantiruvchi tushmasligi kafolatlanadi. Atom elektr stansiyasi faoliyati davomida nazorat qilinuvchi sharoitlarda juda oz miqdorda qattiq va suyuq holatda bo‘lgan past va o‘rta faollikdagi radioaktiv chiqindilar hosil bo‘ladi. Ularni boshqarishda «yig‘ib ol, nazorat qil va inkapsulyasiyala (atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun izolyasiyalash — tahr.)» falsafasiga amal qilinadi. Shuning uchun texnologik me’yorlarga amal qilingan holatda ifloslanishni kutishga hojat yo‘q.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter