AES va sanoat quyosh elektr stansiyalari
Bizda ikkita 1,2 gigavatlik reaktorli AES qurishmoqchi. AESning yutuqlarini hamma bilsa kerak.
Ekologik muammolarni gapirmay, iqtisod tomondan hisoblasak qanday bo‘ladi? Quyosh energiyasini elektrga aylantirish haqida nima bilasiz? AES bilan solishtirsangiz-chi?
Xitoy quyosh panellari 5,5 m2 yerda 1 kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarishga qodir, bu o‘rta hisobda. Quyosh panellari quyoshdan tushadigan energiyaning 16-17 foizini elektr energiyasiga aylantira oladi. Yozda O‘zbekiston hududida quyosh energisi 1 m2ga 2 kilovattgacha tushadi, demak yozda 1 m2dan 2 x 0,16 = 0,320 kilovatt elektr energiyasi olsa bo‘ladi. 1 ga.da 10 000 m2 yer bor. Demak, 10 000 m2 x 0,320 = 3200 kilovatt yoki 3,2 megavatt elektr energiyasi olish mumkin. Qishda quyosh energiyasi 2 baravar kam tushadi deb hisoblasak, 1 ga yerda 1,6 megavatt elektr energiyasi ishlab chiqarilishi mumkin.
Bizda AESda 1200 megavattlik 2 ta turbina qo‘ymoqchi, demak 1 soatda 2400 megavatt energiya ishlab chiqariladi. Buning uchun 1 sutkada 1 884 000 m3 suv kerak. Bu suv saqlanishi uchun qanaqa miqdorda ko‘l bo‘lishi kerakligini o‘zingiz o‘ylang.
Soatiga 2400 megavatt energiya ishlab chiqarish uchun qancha yerda quyosh panellari qo‘yish kerak?
2400/1,6 = 937,5 ga yerda.
Agar quyosh hamma vaqt yo‘qligini e’tiborga olsak-chi?
937,5 ga x 3 = 2812,5 ga.
Bu esa soatiga 2400 x 3 = 7200 megavatt beradigan stansiya bo‘ladi.
2800 ga cho‘l sho‘r yer bizda yo‘qmi?
Moliya masalasiga kelsak, ikkita reaktorli AES uchun Rossiya 10 milliard dollar sarflamoqchi. Bu uchun o‘z hisobidan kredit bermoqchi. Kredit qarz degani, baribir qarzni foizi bilan qaytarish kerak.
Quyosh stansiyasiga qancha pul sarflanishi mumkin?
Yuqorida hisoblaganimizdek, AESdan ko‘ra 3 baravar ko‘p energiya ishlab chiqara oladigan stansiya haqida gapirish kerak. Hozirgi vaqtda Xitoy kompaniyalari quyosh energiyasidan elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi stansiyalarni 1 kilovattligini 1000 dollardan hisoblashayapti.
Bunga nimalar kiradi?
Quyosh panellari, panellarni ushlab turuvchi jihozlar, invertorlar, akkumulyatorlar.
Quyosh bo‘lgan paytda bu stansiyalar energiyani iste’molchiga jo‘natadi va ortig‘ini akkumulyatorlarga joylaydi. Quyosh bo‘lmaganda akkumulyatorlar saqlangan energiyani beradi. Panellar 25 yil ishlab faqat 15 foiz quyosh energiyasini elektrga aylantirish qobiliyatini yo‘qotadi. Akkumulyatorlar kamida 20 yil ishlaydi. Hamma jihozlarga 10 yil kafolat beriladi.
Demak, 7 200 000 kilovatt (7,2 gigavatt) energiya ishlab chiqarish uchun qancha mablag‘ kerak?
7 200 000 kilovatt x 1000 $ = 7,2 milliard dollar.
Bu yerda gap sanoat quyosh elektr stansiyalari haqida ketayapti. Sanoat stansiyalarining narxi xususiy stansiyalarnikidan farq qiladi. Quyosh stansiyalari haqida keltirilgan ma’lumotlar Xitoy kompaniyalarida bor. Narxlar kundan-kun pasayayapti. Xohlagan odam internetda hisoblarni tekshirishi mumkin.
Botirjon Ochilov
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter