Advokatlar palatasi bayonoti: «Internet-bahs-munozara»ga kirishish niyatida emasmiz
Advokatlar palatasi o‘z a’zolari, ya’ni advokatlar orasida anonim so‘rovnoma o‘tkazish huquqiga ega. O‘z navbatida, advokatlar bunday anonim so‘rovnomalarning natijalari haqida ma’lumot olishga haqlidirlar.
Shu maqsadda, Advokatlar palatasi advokatlar tomonidan jismoniy va yuridik shaxslarga yuridik yordam ko‘rsatilishida ularning huquqlari va qonuniy manfaatlari buzilishi holatlari yuzasidan 2018-yil oktyabr-noyabr oylarida o‘tkazilgan anonim so‘rovnomaning natijalarini joriy yilning 30-yanvar kuni palataning rasmiy veb-sayti www.paruz.uz hamda «Advokat» ijtimoiy-huquqiy, ilmiy-ommabop jurnalining Advokatnews.uz sayti va uning telegram kanalida e’lon qildi.
Bundan tashqari, 2018-yilning dekabr oyida mazkur anonim so‘rovnoma natijalari O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Oliy sudi va Ichki ishlar vazirligiga ham taqdim etilgan.
Shuningdek, joriy yilning 30-yanvar kuni 2012-2015-yillar davomida advokatlar, advokat yordamchilari va stajyorlarning ma’muriy hamda jinoiy javobgarlikka tortilganligi haqidagi hamda 2016-2018-yillarda advokatlarning jinoiy javobgarlikka tortilganligi haqidagi ma’lumotlar ham e’lon qilingan.
Anonim so‘rovnoma tahlili natijalariga ko‘ra, Advokatlar palatasi advokatlik faoliyati mustaqilligi va erkinligini ta’minlashga qaratilgan harakatlar dasturi va preventiv chora-tadbirlarni belgilab oladi.
Advokatlar palatasi ommaviy axborot vositalari orqali «internet-bahs-munozara»ga kirishish niyatida emas, negaki bunday uslub samarasiz bo‘lib, hamkorlikning boshqa samarali platformalarini qo‘llash muhim deb hisoblaydi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 12-maydagi «Advokatura instituti samaradorligini tubdan oshirish va advokatlarning mustaqilligini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi PF-5441-sonli Farmonining 5-bandida belgilangan zamonaviy talablar, advokatura faoliyatining kafolatlarini amalda ta’minlash, advokatlik tuzilmalari va advokatlarning huquqlarini himoya qilish, ularning davlat organlari bilan o‘zaro munosabatlarida qonuniy manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashga alohida e’tibor qaratgan holda o‘z ishini qayta yo‘naltirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar ko‘rish bo‘yicha Advokatlar palatasiga yuklatilgan vazifalar ham aynan shunday yondashuvni nazarda tutadi.
Shu munosabat bilan, Advokatlar palatasi tashabbusiga ko‘ra, palata rahbariyati va O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov bilan ochiqlik va konstruktiv ruhda uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda hamkorlikda harakatlar olib borish, xususan, Advokatlar palatasi, Bosh prokuratura, Adliya vazirligi va boshqa davlat organlari vakillari ishtirokida ishchi komissiyasi tuzish haqida kelishib olindi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori O.Murodov advokatlarning kasbiy huquqlari buzilishi bilan bog‘liq masalalarni shaxsan nazorat qilishini bildirdi. Shuningdek, advokatlar faoliyatiga aralashish yoki biron-bir tarzda tazyiq o‘tkazish holatlari yuzasidan bevosita Bosh prokurorga murojaat qilishlari mumkinligini advokatlarning e’tiboriga yetkazishni so‘radi.
O‘z navbatida, advokatlar ularning huquqlari buzilishi holatlari yuzasidan bevosita Advokatlar palatasiga ham murojaat qilishlari mumkinligi bildiriladi.
O‘zbekiston Advokatlar palatasi
matbuot xizmati
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter