Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

«Adliya axboroti» brifingi bo‘lib o‘tdi

«Adliya axboroti» brifingi bo‘lib o‘tdi

Foto: «Xabar.uz»

Qonun hujjatlarining mohiyati va ahamiyatini aholiga yetkazish bo‘yicha ishlar samaradorligini oshirish va bunda yangi yondashuvlarni joriy etish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan «Adliya axboroti» brifingi tashkil etildi.

Unda ushbu hafta davomida bir qator muhim masalalar bo‘yicha qabul qilingan 12 ta qonun hujjati, ularning mazmun-mohiyati haqida OAV vakillariga batafsil ma’lumot berildi. Xususan, Prezidentning 2018-yil 21-maydagi «2018/2019-o‘quv yilida O‘zbekiston Prezidenti huzuridagi Davlat boshqaruvi akademiyasiga qabul to‘g‘risida»gi qarorida nazarda tutilgan yangiliklar haqida to‘xtalindi. Ta’kidlanishicha, mazkur qaror bilan:

  • 2018/2019-o‘quv yili Davlat boshqaruvi akademiyasining magistratura bosqichiga 60, shu jumladan davlat granti asosida 24 kishi, to‘lov-kontrakt asosida 36 kishi qabul qilinadi.
  • Boshqaruv kadrlarini «Davlat boshqaruvi» mutaxassisligi bo‘yicha qayta tayyorlash kurslariga jami 120 kishi qabul qilinadi.

Bundan tashqari, ma’ruzachi, O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 23-mayda qabul qilingan «Budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini tubdan oshirish va iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish mexanizmlarini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi farmoniga asosan Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamenti Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti etib qayta tashkil qilinayotganini bildirdi.

Brifingdan so‘ng O‘zbekiston Prezidentning 2018-yil 25-mayda qabul qilingan «Nizolarning oldini olishga qaratilgan institut sifatida notariat tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori yuzasidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Qarorga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan boshlab:

  • ko‘chmas mulkni ijaraga berish va tekin foydalanish shartnomalarini majburiy notarial tasdiqlash talabi bekor qilinadi (endi tuzilgan ijara shartnomasini faqatgina davlat soliq xizmati organlarida hisobga qo‘yish lozim bo‘ladi);
  • notarial harakatlarni amalga oshirish uchun murojaat etganlarning shaxsi birmoq izlarini skaner qilish va ularni pasportdagi biometrik ma’lumotlar bilan solishtirish orqali aniqlanadi.
  • Qarorga muvofiq 2019-yil 1-yanvardan quyidagi notarial harakatlarni amalga oshirish jarayoni majburiy audio va video qayd etiladi:
  • jismoniy nuqsoni, kasalligi tufayli yoki qandaydir boshqa sabablarga ko‘ra bitim, ariza yoki boshqa hujjatni o‘z qo‘li bilan imzolay olmasa;
  • vasiyatnomalarni imzolash.

Qaror bilan notariuslik uchun stajirovka o‘tash muddati ikki yildan bir yilga qisqartirildi.

Sudyalik lavozimida kamida besh yil yoxud notarial faoliyatga rahbarlik va nazorat qiluvchi lavozimlarda kamida uch yil ishlagan shaxslar stajirovka o‘tamasdan notarius bo‘lish uchun hujjatlarini topshirishi mumkin.

Matbuot anjumanida ishtirok etgan OAV vakillari va notariuslik uchun stajirovka o‘tayotgan mutaxassislar sohadagi kamchiliklar, ularni bartaraf etishga qaratilgan yangiliklar xususidagi savollariga javoblar olishdi.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring