Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Shahnoza Soatova

Ki har ne olami sug‘roda mavjud, Bori bu olami kubroda mavjud. (Alisher Navoiy)

Abituriyentlarning savollariga kim javob beradi?

Abituriyentlarning savollariga kim javob beradi?

Foto: «Xabar.uz»

Kirish imtihonlari tartibidagi o‘zgarishlar haqida e’lon qilinishi bilan savollar ko‘paydi. Bu shundoq ham hayajonda turgan abituriyentlar va ularning ota-onalariga qo‘shimcha ruhiy yuk bo‘lib tushmoqda. To‘g‘ri, matbuot anjumanlari o‘tkazilyapti, chiqishlar qilinyapti, lekin bu oz shekilli.

Adliya vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumani haqida xabar berganimdan so‘ng, bot orqali menga ham savollar ko‘paydi. Qani endi ularga javob bera olsam (huquqshunos emasman-da).

Nazarimda «imtihonshunoslik» degan yangi bir ilm paydo bo‘ldi-yu, men bu ilmda umuman «nol»man (ko‘pchilik singari).

Qachon hujjat topshirish boshlanadi? Sirtqi bo‘limga ham imtiyozlar o‘tadimi? Bu yil EKIH to‘layapmiz, demak shu yildanoq sifatli videokuzatuv va boshqa va’dalar amalga oshishidan umid qilsak bo‘ladimi?

DTM saytida bugungi yangiliklar haqida yetarli ma’lumot beradigan kontentlar kam, interaktiv savol-javob funksiyasi ham yo‘q. Tashkilotning «qaynoq liniyasi»ga bog‘lanib, «uch yo‘nalish» prinsipi sirtqi ta’limga ham joriy etiladimi degan oddiy savolga javob ololmadim, savolimni Oliy ta’lim vazirligiga berish kerakligi aytishdi.

«EKIH 50 foiz miqdoridagi to‘lov qayerga to‘lanadi? DXAgami?» degan savolga yana boshqa tashkilotdan javob so‘rash kerak. Test savollarida xaritalar ishlatilishi borasidagi savolga ham qoniqarli javob olinmadi. Xullas, abituriyent qaysi savolni kimga berishni ham bilishi kerak ekan.

Taassurot shundayki, mas’ullarning o‘zlar ham nima qilish kerakligini oxirigacha bilishmaydi, noaniqliklar ko‘p, Qarorni amalga joriy etish bo‘yicha yagona talqin va yakdil tartib ishlab chiqilmagan. Masalan, «fanlar ketma-ketligi» masalasida Oliy ta’lim vazirligi va DTM talqinlari turlicha ekanini ko‘rdik.

Yosh avlodning kelajagi uchun shunday muhim o‘zgarishlar qilinayotgan ekan, yagona bir axborot markazi tashkil qilib, o‘sha yerda hamma savollarga javob beradigan bir shtab ochsa bo‘lmasmikan? Biz ham mushtariylarga o‘sha manzilni berardik.

Hozircha abituriyentlarga savollarini yo‘llash uchun yagona manzil sifatida advice.uz saytini tavsiya etaman. U yerda huquqshunoslar jamoasi ishlayapti. Savollaringizni saytdagi «onlayn-maslahatchi» xizmati orqali yo‘llang.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring