Abadiyatga tortilgan chiziq
Xayolotga yo‘g‘rilgan sara asarlar
Mukammal yaratilgan san’at asari tomoshabinni uzoq o‘yga toldirishi, xayolot olamiga olib kirishi, ma’naviy ozuqa, estetik zavq bag‘ishlashi muqarrar. Suratlardagi tiriklik, yashashga bo‘lgan intilish, go‘zallik, tasviriy san’at asari ixlosmandlarini o‘ziga jalb etib, maftun etmay qolmaydi, albatta. Jumladan, O‘zbekiston xalq rassomi Bahodir Jalolning asarlarida ham ana shu kayfiyatni ilg‘ab olish qiyin emas. U mohir rassomdir. U chizgan suratlarda voqelikni teran anglash zamirida vujudga kelgan ramziy va majoziy qiyofalar g‘ayritabiiy ravishda borliq bilan birlashib ketadi. Bahodir Jalolning kimligini anglash uchun uning chizganlariga boqish kerak. Tomosha qilganda ham falsafiy nazar, o‘zgacha tafakkur bilan qarash kerak. U daho ijodkor, ammo u buyuklikka da’vo qilmaydi. Butun umr kamtarin hayot kechirdi. Tinimsiz ijod qildi. Musavvir o‘z ta’biri bilan aytganda muqaddas makonda uyg‘unlik mag‘zini chaqishga, olam uzra parvozini ko‘rishga va dunyo qonuni mohiyatini jonli va jonsiz materiyaning mutlaqo barcha unsurlari hamda tarkibiy qismlari bilan ruhning o‘zaro umumiy bog‘liqligi va qaramligini, aloqasini aks ettiruvchi yangi badiiy, reallikni yaratishga urinadi.
Iste’dodli musavvir Bahodir Jalol menga hayoti va ijodi haqida juda ko‘p narsalarni gapirib berdi. Va men bularni siz bilan baham ko‘rishga qaror qildim.
«Otam birinchi ustozim»
Toshkent shahrining «Olmazor» mahallasida ishchilar oilasida tug‘ilganman. Oilada 4 farzandmiz. Otam asli marg‘ilonlik, onam esa Toshkentdan. Dadam Ikkinchi jahon urushidan keyin taqdir taqozosi bilan Toshkentda yashagan. Keyinchalik onam bilan tanishib turmush qurgan. Kamxarj, «ko‘rpasiga qarab oyoq uzatadigan» oilada ulg‘ayganman. Shunday bo‘lsa-da, ota-onam biz farzandlarning yaxshi o‘qishimiz uchun barcha sharoitlarni muhayyo qilgan. Bu borada men o‘zimni eng baxtli inson deb bilaman. Dadam G‘afur G‘ulom bilan yaqin do‘st bo‘lgan. Esimda, bolaligimda ular biznikiga, biz esa ularnikiga tez-tez mehmonga borardik. Otam ijodkor bo‘lmasa-da, she’riyatni, san’atni juda nozik tushunardi. Biror yaxshi she’r o‘qisa, uzoq vaqt uning ta’sirida yurardi. Xullas, oilamiz uchun adabiyot, san’at begona bo‘lmagan. Adashmasam, 5-6 yoshimdan rasm chiza boshlaganman. U paytlarda hozirgiday stol-stul, zamonaviy kompyuter, internet qayoqda deysiz?! Biz farzandlar yerga eski sholcha to‘shab, oy shu’lasida dars tayyorlardik. Deyarli hamma oilada shunday sharoit edi. Zamon og‘ir, odamlar zo‘rg‘a kun o‘tkazishardi. Aka-ukalar bir-birining kiyimini kiyib katta bo‘lishgan. Lekin hech kim nolimasdi. Bir kuni rasm chizishga shu qadar berilib ketibmanki, yonimga dadam kelganini ham sezmabman. Ular qog‘ozdagi oxiriga yetmagan suratimga uzoq tikilib turdilar. Bilmadim, menda qandaydir iste’dod uchqunini payqadilarmi, «O‘g‘lim, rasmingni ko‘rib, bolaligim yodimga tushdi. Men ham rassom bo‘lmoqchiydim. Afsus, orzularim ushalmadi. Lekin sen harakat qilib ko‘r», dedilar. So‘ng, ertasi kuni bozordan albom, akvarel va yarmi ko‘k, yarmi qizil rangli koptok olib keldi. Qo‘limga mo‘yqalamni tutqazib, «Shu koptokning rasmini chizib ber-chi», dedi va ishimni boshidan oxirigacha sinchkovlik bilan kuzatib turdi. Otamning salobati bosdimi, suratni tugatgunimcha hamma yog‘imga bo‘yoq sachrab, terga botib ketdim. Dadam rasmni qo‘llariga olib, «O‘g‘lim, senda noyob iqtidor bor ekan. Harakat qilsang, nimagadir erishishing mumkin», dedi. Bilasizmi, otamning bu so‘zlari menga kuch bag‘ishlagan. Agar intilsam, qo‘limdan nimadir kelishini ich-ichimdan his qilganman. O‘ylab qarasam, peshonamga rassom bo‘lishdek qismat bitilganini o‘shandayoq sezgan ekanman. Murg‘ak qalbimda o‘zining bolalik orzulari ro‘yobini ko‘ra olgan mehribon otajonim esa san’atdagi birinchi ustozim edi...
«Chunki senda «yurak» bor…»
Shundan keyin butun vujudim bilan rasm chizishga berilib ketdim. Esimda, uyimizda katta tut daraxti bo‘lardi. Uning yonidagi ariqda shildirab suv oqar, atrofiga esa gullar, rayhonlar ekilgandi. O‘sha bahavo joy mening tabiat qo‘ynidagi «ijod ustaxonam» edi. Bu yerda mevalar, qurt-qumursqalar, o‘t-o‘lanlarning rasmini chizardim. Ona tabiatning betakror ranglaridan bolalarcha hayratlanardim. O‘zimni butunlay boshqa olamga tushib qolgandek his qilardim, go‘yo. Keyinchalik uydagilar bir yosh kichik bo‘lishimga qaramay, meni Baxtiyor akam bilan birga Qoratosh dahasidagi maktabga o‘qishga berdi. Bilmadim, bolalikdan uquvli bo‘lganim uchun «eplab ketadi» deyishganmi, xullas, maktabda ham a’lo baholarga o‘qiganman. Yozgi ta’tilda meni Farg‘onadagi ammamnikiga dam olishga yuborishardi. Eslayman, ammamning uyida katta bog‘i bor edi. Birinchi bor ko‘rganimda, bog‘ning go‘zalligidan hayratga tushganman. U yerda bobomdan haqiqiy o‘zbek milliy urf-odatlarini o‘rganganman. Ayniqsa, Ahmad Yassaviy, So‘fi Olloyorning hikmatlari, Imom at-Termiziy va Imom al-Buxoriy kabi buyuk bobolarimiz yozib qoldirgan hadislar bolalik ruhimga ozuqa bo‘lgan. Ulg‘ayib, oila qurgach, farzandlarimni tarbiyalashda bu bilimlar menga juda-juda asqotdi.
Maktabda o‘qib yurgan yillarim «O‘quvchilar saroyi» qoshidagi tasviriy san’at to‘garagiga qatnaganman. Ustozimiz 24-25 yoshlar atrofidagi bo‘ylari uzun, ozg‘indan kelgan yosh yigit edi. Biz uni Yura aka deb chaqirardik. Bir kuni u men chizgan natyurmortlarni ko‘rib, «Agar harakat qilsang, kelajakda yaxshi rassom bo‘lishing mumkin. Chunki senda «yurak» bor», degandi. Keyinchalik rassomchilik texnikumi va hozirgi Sankt-Peterburg tasviriy san’at, haykaltaroshlik va me’morchilik institutida tahsil oldim. Rossiyada o‘qib yurganimda, Ermitajdagi haqiqiy san’at asarlaridan bahramand bo‘ldim. Bu esa ham inson, ham ijodkor sifatida yuksalishimga xizmat qildi.
Talabalik
Talabalik bu san’atga kirish davri. Akademiya talabalarining barcha noma’lum narsalarni bilish istagi. O‘qituvchilarning o‘z fanlariga bo‘lgan ishtiyoqi, mening hech tugamas qiziqishim va bilimga chanqoqligim. Va, albatta, sevgi (kuladi). Galya bilan men Leningradda tanishdik. U arxitektura bo‘limida o‘qigan, men monumental bo‘limda o‘qiganman. Bir butunning ikki yarmi sifatida uchrashdik va birlashdik. U menga ko‘p yordam berdi. Soatlab birga dars qilardik. Bir safar Akademiya kutubxonasida qanday kech uxlaganimizni eslayman, qo‘ng‘iroq bilan qo‘riqchi yonimizga kelib, bizni haydab yubordi: «Biz yopamiz, kutubxonada sizdan boshqa hech kim qolmadi». Garchi onam Galyani menikiga kelganida yaxshi ko‘rgan bo‘lsa-da, otam uylanishga ruxsat bermadi. Biroq, ota-onamga Galyani hech kim bilan solishtirib bo‘lmasligini, u mening hamfikrim, muxlisim va ilhomlantiruvchimligini tushuntirdim. Natijada, talabalar to‘yini o‘tkazdik, unda barcha domlalarimiz qatnashdi. Toshkentga qaytganimizdayoq onam xotinimni qadrlab, sevib qoldi. Biz kamtarona, bir xonali ijara kvartirada o‘ralashib yashadik, keyin qizlar tug‘ildi. Esimda, shu kunlar qattiq mehnat qildim. Ko‘p hayotiy saboqlar oldim.
«Mikelanjelo qabri yonida yig‘laganman»
1978 yil Italiyaning Kalabriya shahrida ijodiy safarda bo‘ldim. Ushbu sayohat ijodimda o‘chmas iz qoldirdi. Shaharning bosh ma’muriy binosi devoriga «Mashaqqatdan yulduzlar sari» pannosini ishladim. Chizgan ishim italiyaliklarga ma’qul tushdi. Ular menga butun mamlakat bo‘ylab sayohat qilishga sharoit yaratib berdi. Ushbu sehrli o‘lkada Leonardo da Vinchi, Mikelanjeloning shoh asarlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Eh, o‘sha paytdagi hayajonimni sizga so‘z bilan ifodalab berolmayman. O‘lmas ijodkorlarning betakror asarlarini ko‘rib, qandaydir g‘alati holga tushib qoldim. Chunki u paytda men o‘zimni «buyuk rassom» deb bilardim-da. O‘sha kezlarda «Men ham rassom bo‘ldimmi?» degan o‘kinch o‘tdi yuragimdan. Bir yilcha, balki undan ham ko‘proq vaqt qo‘limga mo‘yqalam ololmadim. Safar bahonasida haqiqiy san’at olamiga tushib qolgandek edim, go‘yo. Buyuk rassomlarning qabrini ham ziyorat qildim. Mikelanjelo qabri yonida esa ko‘zlarimdan duv-duv yosh to‘kildi... Barcha jarayonlarni – tug‘ilish va yemirilish, yuksalish va so‘nish, zulmat bilan yorug‘lik, ezgulik bilan yovuzlik almashuvi jarayonlarini boshqaruvchi, jahon energiyasi bilan yo‘g‘rilgan makon fikrimni chulg‘ab olgan, xayoliy obrazlarimda, asarlarimda aks etgan. O‘zim osiyolikman, Yevropada modernizmga oid asarlarim ko‘rgazmasini o‘tkazgan paytlarda mening timsolimda eng avvalo Sharq vakilini tasavvur qilib, ular meni «O‘zbek modernisti» deb atashgan.
«Hozir men ichki muloqotdaman»
Rassomchilik hunari, akademik ko‘nikmalar haqidagi fikr-mulohazalarimni jiddiy ravishda yozib borish bilan birga mustaqil fikr va mushohadalarimni e’zozlayman. Talabalik yillarimdanoq akademik va mustaqil, abstrakt mushohada qilishga o‘rganganman. Rasmlarni deyarli eskizlarsiz chizaman. Mabodo eskiz chizsam, keyin bu ish meni qiziqtirmay qo‘yadi, go‘yo bir narsani takroran chizayotgandek bo‘laman. Buyurtmali ishlarni ishtiyoqsiz chizaman – ilhomni ataylab keltirib bo‘lmaydi, shuning uchun ham ko‘pgina ishlar og‘ir ko‘chadi. Faqat moddiy manfaatni ko‘zlab, rassomchilik kasbini tanlayotgan yoshlar ko‘p va ular xato qilishadi. Aksariyat yoshlar mehnat qilgisi kelmaydi-da, abstraksiya yo‘nalishiga o‘tib ketadi. Tezroq ishlab, pul topsam deydi. Bunaqa rassomning ijod yo‘li juda qisqa bo‘ladi. Har xil ko‘chalarga kirib qolib, o‘zini topa olmaydi. Bilasizmi, tomoshabinni aldab bo‘lmaydi. Ba’zi yoshlar tez-tez shoshib, xaltura ijod qilishadi. Surat chiza olmaydi, bo‘yoqlarni matoning uyog‘iga otib, buyog‘iga otib, bir narsalar qiladi-da, nima chizding deb savol bersangiz, «Men borliqni shunday ko‘rdim», deydi (jilmayadi). Aslida u suratda hech narsa bo‘lmaydi. Lekin rassomni xafa qilgingiz kelmaydi, sinib qolmasin deysiz. Ammo bu kabi rassomlar uzoqqa bora olmaydi, master-klass ko‘rsata olmaydi. Chetga chiqsa ham uning asarlari ajralib qoladi.
Bu yil 75 yoshni qarshilayman. Umrimning tarixga aylangan yillariga nazar tashlasam, ko‘z ochib yumganchalik vaqt o‘tgandek, go‘yo. Hech narsaga ulgura olmagandekman, nazarimda. O‘ylasam, hali qilishim kerak bo‘lgan ishlar juda ko‘p. Lekin vaqt qarab turmaydi. U – oliy hakam. Umr insonga sinov uchun beriladi. Uni yaxshi ishlarga sarflash, ortingizdan yaxshi nom qoldirish esa o‘z qo‘lingizda. Shunday ekan, umrning har lahzasidan unumli foydalaning, undan bahra olib yashang. O‘qing, o‘rganing, izlaning. Odamlarga yaxshilik qilishdan, go‘zallikka intilishdan hech qachon charchamang.
Saharlab uyg‘onib,
nigohim ila
birlashtirib tun-u kun
hamda to‘rt unsurni
Abadiyat sari
tortdim bir chiziq...
Sirojiddin Najmiddinov yozib oldi.
«O‘zbekiston talabasi» jurnali 2023 yil 4-son.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter