Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

9 oyda 31 mingdan ortiq o‘zbekistonlik xorijga ishga yuborilgan – Migratsiya agentligi

9 oyda 31 mingdan ortiq o‘zbekistonlik xorijga ishga yuborilgan – Migratsiya agentligi

Yil boshidan buyon iqtisodiyoti rivojlangan 19 ta davlat bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida 100 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlari aniqlanib, ulardan 20 mingga yaqin bo‘sh ish o‘rinlariga talabnomalar olindi. Bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi axborot xizmati rahbari Ortiqxo‘ja Norov ma’lum qildi.

Hisobot davrida, Janubiy Koreya, Buyuk Britaniya, Rossiya, Qozog‘iston, Germaniya, Turkiya, Ruminiya, Bolgariya, Yaponiya, Litva, Latviya, Polsha davlatlarida jami 31 470 nafar yurtdoshimiz manzilli ishlarga joylashtirilgan.

Mehnat muhojirlarining huquq va manfaatlarini himoya qilish hamda moddiy yordam ko‘rsatish yo‘nalishida esa, jumladan, 194 mingdan ortiq fuqaroga xizmatlar ko‘rsatilgan. Shundan, 169 mingdan ortig‘iga maslahat xizmati, 9 700 dan ortig‘iga huquqiy, 12 600 dan ortig‘iga ijtimoiy, 2170 nafariga esa moddiy moddiy yordam ko‘rsatilgan.

Shuningdek, 46 nafar fuqaro xorijda vaqtinchalik xostellarga joylashtirilgan, og‘ir vaziyatlarga tushib qolgan 459 nafar yurtdoshimiz esa O‘zbekistonga olib kelingan.

Agentlikning xorijdagi vakolatxonalari aralashuvi bilan yurtdoshlarimiz ish beruvchilaridan 840 ming AQSh dollari miqdoridagi ish haqlari undirib berilgan.

«Bugungi kunda Germaniya, Isroil, Finlyandiya, Turkiya, Rossiya, Latviya, Bolgariya, Polsha, Ruminiya kabi davlatlarda tibbiyot, haydovchilik, qurilish, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish, Buyuk Britaniyada mavsumiy qishloq ho‘jaligi, qassobchilik, muhandislik, Yaponiyada tibbiyot, qurilish, mehmonxona va restoran, avtomobil ehtiyot qismlarini ishlab chiqarish, Litvada yuk avtomobili haydovchisi, qurilish sohalarida bo‘sh ish o‘rinlari taklif etilyapti», – deyiladi Agentlik vakili axborotida.

O‘z navbatida, ushbu bo‘sh ish o‘rinlari bo‘yicha chet tillarini biladigan va kasbiy malakaga ega bo‘lgan fuqarolar murojaat qilishlari mumkinligi eslatilmoqda.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring