Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

Ikki qirrali qilich – axborot oqimining ruhiyatimizga ta’siri yoxud ikki xil fikr orasida...

Ikki qirrali qilich – axborot oqimining ruhiyatimizga ta’siri yoxud ikki xil fikr orasida...

foto: internet, ochiq manba

Menga, sizga go‘zal, tinch, ammo dardli yurtda yashash nasib etgan. «Dardli» so‘zini tanlashim bejiz emas. Yurtimizning tarixi, uning ko‘p asrlik og‘riqlari va o‘zgarishlarini biladiganlar buni yaxshi tushunadilar.

Ijtimoiy tarmoqlar, bugungi kundagi axborot oqimi  bu – ikki qirrali qilich. Bir tomonda, u bizga jamiyatdagi muvaffaqiyatlar va rivojlanish haqidagi ijobiy xabarlarni yetkazib beradi, boshqa tomonda esa, ko‘pchilikning azob-uqubatlari, adolatsizlik va zulm haqidagi xabarlarni tarqatadi. Bu ikki tomonlama axborot oqimi, bir paytning o‘zida g‘urur va umidsizlikni, quvonch va alamni his etishimizga sabab bo‘ladi.

Bir tomonda, yurtimizning taraqqiyoti, yoshlarning yutuqlari, ko‘plab odamlarning moddiy va ma’naviy farovonligidan faxrlanaman. Do‘stlarimning muvaffaqiyatlari, oilaviy baxtlari, sayohatlari va yangi uylari haqidagi postlar menga ilhom beradi. Bu ijobiy tajribalar menga o‘z hayotimni yaxshilashga, maqsadlarimga erishishga undaydi. Masalan, yaqinda do‘stimning uyidagi zamonaviy ta’mirlash ishlarini ko‘rib, o‘z uyimni ta’mirlash rejasini tuzdim. Bu, men uchun ijobiy quvvat bo‘ldi. Bunaqa ijobiyliklar «toma toma ko‘l bo‘lur», degan hikmatni eslatadi: har bir insonning baxti va muvaffaqiyati, yurt ravnaqiga hissa qo‘shadi.

Ijobiy ta’sirlarning ko‘pligi odamlarni harakatga undaydi va albatta o‘z hayotini yaxshilash orqali yurtimizda baxtli insonlar sonini ham ko‘paytirib boraveradi.

Lekin, boshqa tomonda, kambag‘allik, zo‘ravonlik, adolatsizlik va korrupsiya haqidagi xabarlar odamni chuqur tashvishga soladi. Bunday xabarlarning emotsional holatimizga ta’siri juda kuchli. Qiyin sharoitda yashayotgan oilalar, zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan ayollar va bolalar haqidagi videolarni ko‘rib iching ezilib ketadi. Bu xabarlar odamda tashvishli hissiyotlarni uyg‘otadi, umidsizlikka boshlaydi va «o‘rganilgan bechoralik» hissini sezdirmay singdira boshlaydi. Ba’zan, ko‘proq shunaqa xabarlar girdobida qolsam go‘yo yurtim adolatsizlik botqog‘iga botib borayotgandek tuyuladi. Vaholanki, to‘liq kartina bunaqa emas.

 Bu ikki qutb orasidagi keskin farq, ichki muvozanatimni buzadi va emotsional toliqishimga sabab bo‘ladi. Tezda o‘qiydigan va kuzatadigan publik odamlarimni saralashga tushaman yokida vaqtincha bloklayman.

Har qanday insonning emotsional holati uning fikrlashiga ta’sir qiladi. Fikrlashi esa uni xatti-harakatlarida baribir o‘z aksini ko‘rsatadi. Birgina inson o‘z yaqinlari, do‘stlari va hamkasblariga emotsional toliqishi orqasidan keladigan fikrlashi tufayli yaxshi kayfiyat ulashadi deya olmagan bo‘lardim. Aksincha, umidli va ijobiy kayfiyatdagi insonga salbiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

Shu sababli, o‘zim va yurtdoshlarim uchun bir nechta tavsiyalarni berishni istayman:

Axborotni tanlab o‘qing: Barcha xabarlarga berilib ketmang. O‘zingizga foydali va ijobiy xabarlarga e’tibor bering.

Emotsional chegaralaringizni belgilang: Salbiy xabarlardan ortiqcha ta’sirlanmang. Ijtimoiy tarmoqlardan vaqti vaqti bilan uzoqlashing va dam oling.

Hamdardlikni faol harakatga aylantiring: Hamdardlikni faqat his qilmang, balki amaliy yordam berishga harakat qiling.

Ijobiy xabarlarga e’tibor bering: Ijobiy xabarlardan ilhomlaning va kuch toping.

Professional yordam so‘rang: Emotsional holatingiz yomonlashsa, mutaxassislarga murojaat qiling.

Yurtimizning go‘zalligi va dardliligini bir vaqtning o‘zida qabul qilib, muvozanatni saqlashga harakat qilish kerak. Bu murakkab yo‘l, lekin biz bu yo‘lda yolg‘iz emasmiz (salkam 40 mln lik xalqmiz) Birgalikda, biz yurtimizning ravnaqi uchun hissa qo‘sha olamiz. Albatta, dastlabki qiladigan ishimiz o‘zimizga g‘amxo‘rlikdir. O‘zimizning emotsional muvozanatimiz ko‘plab yangiliklar, yaxshiliklar yaratishga qodir.

Xulosa qilib aytganda, bu yerda yozganlarim doimiy pushti rang ko‘zoynak taqib yurish haqida emas. Aksincha, xabarlarni o‘zingizning individual holatingizdan kelib chiqib saralash va real hayotga baho berishda adashmaslik, o‘ta berilib ketmaslik haqida.

Madina Miytan, psixolog

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring