6 yoshli Dilshod bo‘yicha surishtiruvlar yakunlandi
«Zoʼr tv» telekanali orqali efirga uzatilgan «6 yoshli Dilshod qayerda?» nomli lavhada keltirilgan holat Xalq ta’limi vazirligi mas’ul xodimlardan iborat ishchi guruh o‘rganayotgani haqida avvalroq xabar berilgan edi.
6 yoshli bolaning taqdirini o‘rganish jarayonida vazirlik ishchi guruhi tomonidan quyidagilar aniqlandi:
Dilshodning onasi 1980-yilda tug‘ilgan Y.S. asli samarqandlik bo‘lib, Samarqand shahridagi «Mehribonlik uyi»da tarbiyalangan, muqim yashash joyiga ega bo‘lmagan. 2003-yildan beri Toshkent viloyati, Zangiota tumanida istiqomat qiluvchi fuqaro O.I.ning xonadonida yashab, uning uy yumushlariga qarashib kelgan.
Y.S. 2014-yilda Dilshodni dunyoga keltirgan va Zangiota tumani FHDYo bo‘limi tomonidan «yolg‘iz ona» sifatida qayd etilgan.
2020-yilda fuqaro O.I «Toshkent» MFY raisiga bir necha marotaba murojaat qilib, Dilshodning xulqidagi salbiy o‘zgarishlar, uydan chiqib ketish holatlari, bolani tarbiyalashda muammolar yuzaga kelayotganligi hamda moddiy tomondan qiynalayotganligini bildirib, uni «Mehribonlik uyi»ga joylash bo‘yicha amaliy yordam so‘ragan. Bu haqda 2020-yilning 25-avgust kuni «Toshkent» MFY raisi va o‘rinbosarlari ishtirokida dalolatnoma rasmiylashtirilgan.
Yuqoridagi holatlar va «Toshkent» MFY raisining 2019-yil 28-noyabrdagi 62-sonli «Bolani joylashtirishda amaliy yordam berish to‘g‘risida»gi xatini inobatga olib, 2020-yilning 13-oktyabr kuni voyaga yetmagan Dilshodning onasi ishtirokida mahalla raisi va uning o‘rinbosarlari hamda Zangiota tuman XTB vasiylik va homiylik organi mutaxassisi ishtirokida dalolatnoma tuzilgan. Dalolatnoma Dilshodning onasi tomonidan ham imzolangan.
Ushbu dalolatnomaga asosan Dilshod O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 1999-yil 12-apreldagi 171-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga asosan Zangiota tuman xalq ta’limi bo‘limi va tomonlar kelishuvi hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 30-sentyabrdagi 824 -son qarori asosida qarovsiz qolgan bolalar birinchi navbatda oilaga qaytarish choralarini ko‘rish, oila topilmagan taqdirdagina uni «Mehribonlik uyi» yoki «Bolalar shaharchasi»ga joylashtirilishini inobatga olgan holda bir yil sinov muddati bilan oilaga tarbiyaga (patronat) berilgan.
Xalq ta’limi vazirligi tomonidan bolaning avvalgi yashash sharoiti uning normal hayot kechirishi uchun talabga mos emas deb topilganligi va onaning sog‘ligida muammo mavjudligi sababli unga nisbatan tibbiy ekspertiza tayinlash maqsadida sudga murojaat qilinadi.
Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting
Kirish
Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring
FacebookTwitter