Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

48 million kishiga 3 ming notarius

48 million kishiga 3 ming notarius

Notarius kasbi qadimgi Rimda paydo bo‘lgan va alohida yozib boruvchilar faktlarni yuridik shaklda tasdiqlab borishgan. Bugun ispan notariuslari ishlaydigan notariatning lotin tizimi Rim imperiyasi davridayoq shakllangan.

Ispaniya notariuslari (Notario) – kelishuvlar va boshqa turli hujjatlarni taqdim etishda neytral pozitsiyani saqlaydigan davlatning mansabdor shaxslaridir.

Notarius – oliy ma’lumotli, sohada amaliy bilimga ega, tanlovdan o‘tgan professional yurist. Bunday malakali yondashuv bir tomondan mustaqillik va qonunga hurmatni kafolatlasa, boshqa tomondan ishning yuksak darajasini va murosasizlikni ta’minlaydi.

Ispaniyaning butun hududi bo‘ylab, 48 million aholiga taxminan 3 ming notariuslar xizmat ko‘rsatadi va ular qat’iy notarial okruglarga bo‘lingan. Qirollikning har bir fuqarosiga sifatli xizmat ko‘rsatish uchun nafaqat kattayu kichik shaharlarda, balki ular uylari yaqinida, kichik qishloqlargacha notariuslar faoliyat ko‘rsatadi.

Ishonchligini tasdiqlash uchun taqdim etilgan aktlarning qonuniyligini ta’minlash, aholiga yuqori malakali yuridik yordamni ko‘rsatish, mustaqillik, o‘z vaqtida va samarali notarial xizmatlarni ko‘rsatish Ispaniya notariuslari faoliyatining asosiy tamoyillaridir.

Ispan notariuslari qit’aviy tizimda yoki latin huquqi asosida ishlaydi. Bu yerda mutaxassislar AQSh yoki Buyuk Britaniyaga qaraganda fuqarolik jarayonlarida katta vakolatlarga ega va juda muhim rol o‘ynashadi. Mamlakatda notarial huquq an’anaviy bo‘lib, 1944 yildan buyon deyarli o‘zgarmasdan kelmoqda. Ispaniya notariati 1948 yilda Xalqaro notariat ittifoqi tuzilgan paytdayoq unga a’zo bo‘lib kirgan.

Qanday ishlar ko‘riladi?

Ispan notariuslari o‘z faoliyatini 1944 yil 2 iyulda qabul qilingan «Notariuslar faoliyatini tashkil etish va tartibga solish to‘g‘risidagi nizom» farmoni (Decreto 2 junio 1944) asosida olib boradi.

Bundan tashqari, 2011 yil 14 noyabrdagi «Notariuslar va registratsiyadan o‘tkazuvchilari tariflari» (Real Decreto 1612/2011, de 14 de noviembre) hamda 2003 yil 4 iyuldagi «Notarius lavozimiga imtihondan topshirish va ishga kirishni tashkil qilish tartibi va tashkil etish qoidalari haqida»gi (Real Decreto 862/2003, de 4 de julio) Qirollik farmonlari bilan amalga oshiriladi.

Ispan notariuslari oldi-cotdi shartnomasini, ipoteka shartnomasini, registrdan mulk haqidagi ma’lumotlarni taqdim etish, ko‘chmas mulklar mavjudligini tekshirish, ishonchnomalarni rasmiylashtirish, kompaniyalar tuzish, hujjatlar, yuridik aktlar va imzolarni tasdiqlash, nikoh kelishuvlarini imzolash, fuqarolik yoki tijorat shartnomalarini, oilaviy hayotga doir hujjatlarni yuridik rasmiylashtirish asosiy faoliyat turlaridir.

Eng muhim yo‘nalish – qandaydir ish yoki shartnoma imzolash bo‘yicha  bepul maslahatlar berishdir. Ispaniyada notarius ishni bepul o‘rganadi, muammoning eng maqbul yechimlari bo‘yicha maslahat beradi, har bir afzallik va kamchilikni ko‘rsatib beradi. Agar zaruriyat tug‘ilsa to‘lov miqdori, soliqlar, yakuniy narxlar haqida aytadi. Notarius uy oldi-cotdisini rasmiylashtirish jarayonida bevosita ishtirok etadi.

Ispaniya yoki YeI a’zo davlati fuqarosi bo‘lishi shart...

Sohaga oid qonunning 16-moddasiga ko‘ra, Ispaniyada imtihonlardan muvaffaqiyatli o‘tilganidan keyingina notarius bo‘lish mumkin. Uning 6- va 7-moddasiga ko‘ra, imtihon topshirish uchun talabgorlarga Ispaniya fuqarosi bo‘lish, Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlardan birining fuqaroligi, huquq sohasida darajaga egalik, vijdon, axloqqa qarshi harakatlari sababli jinoiy javobgarlikka tortilmagan, bankrot bo‘lmagan va kreditorlar bilan sudlashmagan bo‘lishi shart.

Imtihonlar topshirishga tayyorgarlik universitetning 4 bosqichidan keyin, huquq sohasida bakalavr – «grado» (Grado) darajasini olgan so‘ng boshlanadi. Imtihonlar 4 qismdan ya’ni ikkitasi og‘zaki va ikkitasi yozma sinovlardan iborat bo‘ladi. Ular qoida tariqasida fuqarolik huquqi, soliq qonunchiligi, tovar belgilari va ipoteka, notarial huquq, ma’muriy va protsessual qonunchilik, buxalteriya hisobi mavzularida bo‘ladi.

Imtihonlarga Reyestrlar va notariat Bosh boshqarmasi direktori yoki o‘rinbosari raislik qiladi. Bir yoki ikki notarius, universitet yuridik fakultetlaridan birining huquq professori, sud hokimiyati vakili, mulk huquqi yoki savdo reyestri huquqlari ro‘yxatdan o‘tkazuvchisi, 15 yillik ish stajiga ega davlat advokati yoki amaliyotchi advokat ham ularda ishtirok etadi.

Imtihonga javoblar ball tizimi asosida qo‘yiladi va g‘olib notarius lavozmiga vakant joyga ishga qabul qilinadi. Notariusni ishga qabul qilish bo‘yicha buyruqqa Ispaniya Adliya vaziri imzo chekadi. Mamlakatda notariuslar 70 yoshga qadar mehnat qilishi mumkin.

Professional korporatsiya sifatida notariatning oliy organi Notariatlar Bosh kengashi hisoblanadi. U Ispaniya barcha notarial palatalari duayenlari orasidan tuziladi, ijtimoiy majburiyatlarini bajarishi chog‘ida Adliya vaziri hamda Reyestrlar va notariuslar bo‘yicha Bosh boshqarmaga bo‘ysunadi.

Mamlakatda 17 ta ya’ni Andalusiya, Aragon, Asturiya, Kantabriya, Kastiliya va Leon, Kastiliya-La-Mancha, Kataloniya, Estremadura, Galisiya, IllesBalirs, Kanar orollari, La-Rioxa, Madrid, Mursiya, Navarra, Basklar o‘lkasi va Valensiya palatalari tuzilgan.

Muhojir notariuslar yoki muhtoj toifaga xizmat bepul...

Ispan notariuslari orasida sobiq Ittifoq respublikalaridan chiqqan fuqarolar ham bor. Agar ular yuridik ma’lumotga ega va Ispaniya fuqarosi bo‘lishsa, o‘z faoliyatini bu tizimda erkin davom ettirishi uchun hech qanday muammo yo‘q.

Ispaniyada yashovchi har bir fuqaro notariusni mustaqil tanlash huquqiga ega. 1984 yildagi Qirollik Farmoniga ko‘ra, belgilangan minimumdan oshmaydigan daromadga ega jismoniy yoki yuridik shaxslarga ya’ni alohida toifadagilarga ba’zi xizmatlar bepul ko‘rsatiladi.

Meros haqidagi ishga to‘lov, tug‘ilganlik yoki nikohni qayd etish, Qizil hoch kabi notijorat jamoat tashkilotlari bilan bog‘liq hujjatlar shular sirasiga kiradi. Ispaniyada notariuslar tariflari va xizmatlari narxlari Yevropada eng past hisoblanadi.

Notarius sovuqqonligi va qastdan qilgan hatti-harakati tufayli yetkazgan zarari uchun javobgardir. Agar Ispaniya notariusi xatosi natijasida fuqaroga ziyon yetsa, Notariuslar kollegiyasi rahbariga yozma shaklda murojaat qilish va zararni qoplashni talab etish mumkin.

Shu sababli, har bir notarius qabul qilinayotgan yangi qonun hujjatlarini puxta o‘zlashtirib olishi kerak. Chunki ularda u yoki bu ma’noda notariuslarga daxldor masalalar o‘zini ifodasini topmasdan qolmaydi.

Misol uchun, 2021 yil 30 apreldan notariuslar nikohni qayd etishning to‘liq jarayonini olib borish huquqiga ega bo‘ldi. Chunki muqaddam Fuqarolik reyestri muassasasining katta hajmdagi ishlar bilan bandligi sababli nikohlanuvchi shaxslar ro‘yxatdan o‘tish uchun oylar davomida kutib qolayotgan edi. Turli byurokratik to‘siqlar natijasida oilalar rasmiy ro‘yxatdan o‘tmasdan yoki shunchaki birga yashovchi shaxslar (pareja de hecho) shaklida «hujjatlashtirib» yashashni afzal ko‘rishar edi. Shu tariqa, odamlar uchun nikohning notarial registratsiyasiga juda ajoyib muqobil va qulay sharoit paydo bo‘ldi.

Kongress tasdiqlagan va 2022 yil 23 dekabrda kuchga kirgan yangi «Startaplar to‘g‘risida»gi qonunga ko‘ra esa, YeI hududidagi, biroq mamlakatda faoliyat yuritayotgan bu kabi kompaniyalarning ofisi, bosh ofisi yoki doimiy vakolatxonasi Ispaniyada ro‘yxatdan o‘tishi, viza, soliq imtiyozlari, hujjatlarni rasmiylashtirish va boshqalar belgilangan. Bunda ham notariuslarning ishtiroki albatta zarur bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, Ispaniyada notariat aholining chinakam maslahatgo‘yi, yuqori darajasi xizmat ko‘rsatuvchi, malakali mutaxassislardan iborat bo‘lgan nufuzli tizimdir.

Munisa Yashnarbekova,
Shayxontohur tumani xususiy amaliyot bilan shug‘ullanuvchi notarius

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring