Android qurilmalar uchun Xabar.uz mobil ilovasi. Yuklab olish ×

4 yilu 3 oyga «kesilgan» 18 yoshli qizning advokati prokurorga shikoyat kiritdi

4 yilu 3 oyga «kesilgan» 18 yoshli qizning advokati prokurorga shikoyat kiritdi

Yaqinda Toshkent shahar sudi tomonidan to‘rt yil-u uch oyga ozodlikdan mahrum qilingan D.Jumayevaning advokati Toshkent shahar prokuroriga shikoyat kiritdi. Bu haqda deputat Rasul Kusherbayev ma’lum qildi.

Advokatning bildirishicha, D.M.Jumayevaga nisbatan jinoyat ishi internetda noto‘g‘ri talqin qilinmoqda.

Xususan, Toshkent shahar sudlari rasmiy kanalida «D.Jumayeva terrorchilik faoliyatida ishtirok etish uchun xorijga chiqib ketish maqsadida yaqinlaridan xufyona tarzda jomadon xarid qilgan. Joriy yilning 15-martida xorijga chiqish pasportini rasmiylashtirishga erishgan. Ularni o‘z tanishining uyida yashirin ravishda saqlab kelgan. Eng ayanchlisi, 2022-yil 26-mart kuni soat 11:00 da «O‘zbekiston-Turkiya-Suriya» yo‘nalishi orqali Suriyaga borib, terrorchilik tashkiloti faoliyatida ishtirok etish maqsadida harakat qilayotganida fosh etilgan va protsessual tartibda ushlangan. Sud D.Jumayevani ochiqda qoldirish orqali qayta tarbiyalash imkoni mavjud emasligini inobatga olib, ozodlikdan mahrum etish jazosini tayinlagan», degan ma’lumot chop etilgan.

Bundan tashqari uni aybi «uning o‘zi bergan ko‘rsatmasi bilan ham tasdiqlangan», deb ko‘rsatilgan.

Advokatning qayd etishicha, D.Jumayeva bunday ko‘rsatma bermagan hamda 2022 yil 26 mart kuni ozodlikda bo‘lmagan.

«Himoyamdagi D.Jumayeva 2022-yil 25-mart kuni XMQO xodimlari tomonidan ushlanib, unga nisbatan MJtKning 194-195-moddalari bilan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan holda ma’muriy qamoq jazosini o‘tashni boshlagan.

2022-yil 8-aprel kuni D.Jumayeva O‘zR.JKning 244-moddasi 1-qismi va JKning 1552-moddasi 1-qismi bilan gumonlanuvchi sifatida jalb qilinib, ushlangan hamda Toshkent shahar IIBBning VTXga joylashtirilgan. 2022-yil 9-aprel kuni unga nisbatan «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilib, tergov hibsxonasiga joylashtirilgan.

2022-yil 13-iyun kuni «qamoqqa olish» tarzidagi ehtiyot chorasi «garov» ehtiyot chorasiga o‘zgartirilgan...

Yuqoridagi holatlardan bir narsa aniq, ya’ni himoyamdagi D.Jumayeva 2022-yil 26-mart kuni ko‘chada bo‘lmagan, uni erki cheklangan holda sudning qarori bilan qamoqda bo‘lgan va erkinlikda, ya’ni ko‘chada biror bir harakat qilish yoki harakatlanish imkoniyatiga ega bo‘lmagan», deyiladi shikoyatda.

Advokat internetda chop etilgan bu kabi ma’lumotlar bilan keng ommaga D.Jumayevani terorchilik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun Suriyaga ketmoqchi bo‘lgan, degan tuhmat uyushtirilgan, deb hisoblamoqda.

Himoyachi Toshkent shahar prokuroridan veb-saytlarda tarqatilgan ushbu ma’lumotlarni o‘rganib, qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

«Sudga bu nima uchun kerak bo‘ldi, degan savol esa ochiq qolmoqda. Agar saytlar bu ma’lumotlar sudning rasmiy kanalidan olinganini isbotlashsa, tuhmat uchun asosiy javobgar sudning o‘zi bo‘lib chiqadi. Ko‘ramiz qizning sha’ni uchun prokuror qanday chora ko‘rar ekan», deya o‘z munosabatini bildirgan deputat Rasul Kusherbayev.

Izohlar

Izoh qoldirish uchun saytda ro'yxatdan o'ting

Kirish

Ijtimoiy tarmoqlar orqali kiring